Xonanda Munisa Rizaeva "So‘g‘diyona" gazetasiga intervyu berdi.
—Konsertga tayyorgarlikni boshlab yuboribsiz. Dastur qachonga rejalashtirilyapti?
—Nasib qilsa, oktyabr oylarining oxirini mo‘ljal qilganmiz. Dasturni o‘tkazish uchun kerakli hujjatlar tayyor bo‘lishi kerak unga qadar. Qolaversa, reklama bannerlari uchun fotosessiya o‘tkazilgani yo‘q hali. Hozircha reja shu, oktyabrning oxirlari, vaziyatga qarab balki konsert sanasi o‘zgarishi mumkindir.
—Charchamayapsizmi?
—Rosti charchab qolyapman. Ikki yil konsert bermadim, bu galgisi esa jonli ijroda bo‘lib o‘tadi. Shunga ham jiddiy tayyogarlik ko‘rilyapti.
—Ikki yil konsert dasturingizni kutgan muxlislaringiz uchun syurprizlaringiz bordir?
—Albatta! Eng katta sovg‘am bu jonli ijroda kuylashim. Shouga kelsak, bunga u qadar ahamiyat bermayapman. Rejamga ko‘ra, konsert ijodiy kecha tarzida bo‘lib o‘tadi. Bir qancha xonandalar bilan duet kuylaymiz, shogirdlarning chiqishi ham bor. Yana bir syurprizim bu turli xil yo‘nalishda va bir nechta tillardagi yangi qo‘shiqlardir.
—Aksariyat taronalaringizning aranjerovkasini jonli ijroda uddalash qiyin. Bu muammo bo‘lmaydimi konsert davomida?
—Aranjerovkasi murakkab bo‘lgan qo‘shiq musiqalari tayyor ko‘rinishda havola etiladi, ammo jonli ovozda kuylayman. Fonogramma bo‘lmaydi.
—Ya’niki «minusi»ning ustidan kuylamoqchisiz?
—Ha. Sozandalar bemalol chala oladigan qo‘shiqlar esa jonli ijroda jarang sochadi.
—Tomoshabinlar qatorida kuzatgan so‘nggi konsert dasturi qaysi bo‘ldi siz uchun? Negadir, bunday tadbirlarda sizni kam ko‘ramiz?
—Konsert dasturlariga boraman, ammo ko‘pga emas. Negaki, to‘y xizmatlariga ulgurishim kerak. San’atkorlar bu holatni yaxshi tushunishadi va hamisha bir–birimizni qo‘llab kelganmiz. Shaxsiy hayotimiz, konsertlar xalq xizmatidan qolish uchun bahona bo‘lolmaydi. Isitmam ko‘tarilib, kasalxonaga tushib qolsamgina xizmatlarni qoldirishim mumkin, boshqa vaqt tobim bo‘lmasa ham qo‘shiq kuylayman. Kuni kecha ham mazam bo‘lmadi, ko‘nglim behuzur bo‘lib, arang o‘zimni tutib turdim. Ammo shunda ham sahnaga chiqdim. «Boshim og‘riyapti, bugun to‘ylarni bekor qiling» deydigan odatim yo‘q. Muxlislarim oldida mas’uliyatliman negaki.
—Muxlislar yildan yilga o‘zgaradi, shunga yarasha ularning talabi ham...
—Rost aytasiz. Ijodimning ilk pallalarida asosiy muxlislarim bolalar edi. Keyinchalik ular safiga ota–onalari qo‘shilishdi. Bugun esa katta yoshli muxlislarim ham bor. Avvallari imkon qadar yoshlarning e’tiborini jalb qilishga harakat qilardim. Izlanishda bo‘lsangiz, o‘z–o‘zidan tinglovchilar auditoriyasi ham kengayib boraverar ekan.
—Munis, shu kunlarda «Xafa-xafa» nomli qo‘shig‘ingizga ishlangan klip teleefirlardan tushmay qoldi. Ko‘pchilikni undagi so‘zlar qiziqtirgan...
—«Ichib olganmisiz, gapizga tushunmadim» shuni aytyapsizmi?
—Ha! Ijtimoiy saytlarning birida bir ayolning postini o‘qib qoldim. «Qizim Munisaning «Xafa-xafa» ashulasini yodlab olgan, ammo nima deyotganini o‘zi tushunmaydi, «Ichib olganmisiz....» kabi so‘zlar bolaning fikrini buzadi-ku, nega xonandalarimiz qo‘shiqni bolalar ham tinglashini hisobga olishmaydi» degan.
—Nimasi yomon qo‘shiq so‘zlarining? Umuman klip g‘oyasi nima maqsadda yaratilganidan xabari bormi ularning? Er–xotin bir–biri bilan urishyapti, xafalashyapti va klip oxirida psixologning xulosasi yangraydi, siz eng baxtli oilasiz degan! Bu shunchaki oilaviy mavzudagi video ketma–ketlik emas, balki chuqur ma’nosi bor. Bugun ajrashishlar ko‘p, bilasiz. Ulfatlari bilan maishat qilib, uyda ayoliga qo‘l ko‘taradigan erkaklar ham yo‘q emas. Ota–onasining ra’yiga qarab uylanib, ko‘chada esa «Sevganim bor» deb ikkita turmush qilib yashab yurganlar qancha.
Ba’zi yigitlar bor, rafiqasiga bepisand muomala qiladi, ayol huddiki uy xizmatkori! Qizlar ham bor, turmushga chiqadi, salgina gap–so‘zga chidolmay xarakterini ko‘rsatadi, betga chopadi, keyin bo‘lsa «Yashamayman, to‘yib ketdim, ajrashaman» deydi. Mening maqsadim er–xotinlarga urishmanglar, ahil yashanglar, erkaklarimiz ichkilikbozlikka berilishmasin, deya aytish edi. «Xafa-xafa» klipining mavzusini ajrashishlarning oldini olish uchun ishlab chiqqanmiz. Yaqinda ajrashishlar bo‘yicha statistikani surishtirdim, bir yillik hisob-kitob sakson foiz! Qo‘rqib ketasan kishi. Bir yigit bir yil ichida uch marotaba uylandi, uchalasida ham xizmatda bo‘ldim. Yana bir tanishimning to‘y kunigacha uch marta kelin almashdi. Ko‘ryapsizmi, nimalar bo‘lyapti.
«Xafa-xafa» qo‘shig‘ida yangraydigan so‘zlar bolalarim tarbiyasiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadi deyishsa, eshittirishmasin qo‘shiqni. Televizor ko‘rishni taqiqlab qo‘yishsin. Mana, katta opam, jiyanlarimga umuman televizor ko‘rsatmaydi. Bolalar o‘zlari uchun keltirilgan disklardagi multfilmlarni tomosha qilishadi, xolos. U ham bo‘lsa zamonaviy ur-yiqit, mahluqlar haqidagilari emas, balki bolani yaxshilikka o‘rgatuvchi multfilmlardir.
—Klip g‘oyasi o‘zingizga tegishlimi?
—Ha! Do‘stim Davron Kabulov bilan klip ssenariysini yozdik, so‘ng suratga olindi video ketma–ketlik. Muxlislar e’tiboriga havola qilganimizdan keyin esa rossiyalik xonanda Aleksey Vorobyovning qo‘shiqlaridan biriga ishlangan klipga o‘xshash bo‘lib qolibdi deyishdi. Vaholanki, klip syujetini «Mister va Missis Smit» filmida ham ko‘rish mumkin. Eng yomon ko‘rganim, kimdandir nimanidir «o‘g‘irlab», o‘zim uchun foydalanish! Munisa Rizaeva hech qachon ko‘chirmakashlik qilmaydi! Ilhomlanishim mumkin, ammo u o‘zimniki bo‘ladi, uni o‘z dunyoqarashim bilan boyitaman. Odamlarning gapi bilan yashasangiz, nimalar deyishmaydi.
Ayniqsa men, ijodimni boshlabmanki, tanqid qilishadi. Agar shunchalik yomon bo‘lsam, muxlislarim bo‘lmasdi-ku, to‘ylarga, tadbirlarga taklif qilishmasdi-ku meni, deb o‘ylab qolaman ba’zan. Na ovozi, na tashqi ko‘rinishi bor, hech kim yoqtirmasa ham o‘zicha san’atkorman deb kuylab yurganlar ham «Ijod qilayapman» deydi-ku. Mening qo‘shiqlarimni telefonlarga yuklab olishadi, kliplarimni tomosha qilishadi, to‘y, tantanalariga chaqirishyapti. O‘ziga shukur, demak, kerakman odamlarga.
—Albatta, keraksiz! Keling mavzuni o‘zgartiraylik-da, Yigitali Mamajonov bilan hamkorligingiz haqida suhbatlashsak.
—Yigitalini bir so‘z bilan ta’riflashim mumkin haqiqiy talant! Kibr yo‘q unda, atrofidagi insonlarga hurmat bilan muomalada bo‘ladi. Ishiga nisbatan o‘ta mas’uliyatli. Bunaqa aktyorlar sanoqli bo‘lishadi. Farruh Soipov shunday edi yoshlar orasida. Alisher Uzoqov, Muhammadiso Abdulhairov ular ko‘proq komediya janrida ijod qilishadi. Yigitali esa nafaqat dramatik aktyor, balki kaskadyorlik tryuklarini ham qoyilmaqom bajaradi. Bu insonga hurmatim juda baland. Yaqinda uylanibdi deb eshitdim, ilohim baxtli bo‘lsin! Uning uchun juda xursandman.
—So‘nggi uchrashuvimizda milliy qo‘shiqlar kuylayman, ammo Munisning «fishka»si bo‘ladi, degandingiz?..
—Oktyabr oyiga rejalashtirilayotgan konsert dasturida milliy qo‘shiqlar bo‘ladi, albatta. Ijodimda yangilik bo‘lishi kutilayotgan taronani hozirlayapman. Yig‘latadigan, kishini o‘ylantiradigan ashula! «Sen yiroqlarda» deb nomlanuvchi taronani ham havola etaman. Yana «Axa-o‘xo‘» kabi «miks»larga ham o‘rin ajratilgan.
—Munisaning qo‘shiqlarida dard seziladi, deyishadi.
—Sababi men ularni o‘zimdan o‘tkazib kuylayman. Ayniqsa, mungli taronalarimning har biri yuragimdan chiqadi. Haqiqiy san’atkor bilan ijodkorning farqi shunda. Har kim ham ijodkor bo‘loladi, ammo san’atkor nomi hammaga ham emas. – So‘nggi qo‘shiqlaringizda muhabbatga talpinish bordek...
Baxtimni topishni istayman. Oila qurish, onalik maqomiga erishish niyatim. Barcha muxlislarim kutishyapti, qachon turmushga chiqasiz deya. Vaqti–soati bilan bo‘ladi!
—Tadbirkorlikda ham o‘zingizni sinab ko‘rdingiz, do‘koningiz bor...
—Yopdik!
—Ishlar qanday ketayotganini so‘rayman deb og‘iz juftlayotgandim...
—Ayni kunda do‘kon faoliyati to‘xtatilgan, chunki atele ishlari bilan shug‘ullanishga vaqtim yo‘q. Singlim Karimaga topshirgandim boshqaruvni, ammo uning ham qo‘li tegmadi. «Munisa opa, men shug‘ullanaman do‘kon bilan, menga bering» deydigan odam chiqsa, bajonidil.
—Bundan chiqdi yangi hamkorlikka tayyorsiz?
—Yangi g‘oyalarni hamisha qo‘llab–quvvatlayman, tavakkal qilishdan cho‘chimayman sira.
—Xarakteringizga ko‘ra lidersiz va ko‘pgina qizlar sizdek bo‘lishni istashadi. Havas qilganlarga aytar so‘zingiz bormi?
—Bilim olishsin, mutolaani kanda qilishmasin va to‘xtovsiz harakat! Ko‘proq ijobiy o‘y-xayollar bilan yashashsin, tabassum qilishsin, o‘zlaridan kimnidir yasashga urinishmasin, inson asliyatini yo‘qotmasligi kerak har qanday vaziyatda ham!
—Sahna uchun kurashish...
—Men uchun bu pastkashlik, ochig‘i. Shou–biznesda o‘z o‘rnim bor, ammo sahna uchun kurashmayman. Boshqalardan farqli o‘laroq, hamkasblarim uchun xursand bo‘lishni ham bilaman. Yaqinda Gulsanam Mamazoitovaning «Kel» nomli qo‘shig‘ini eshitib qoldim, juda yoqdi. Gulsanam meni u qadar xushlamasligini bilaman, lekin san’atkor sifatida uni hurmat qilaman, ashulasini tinglab «Zo‘r chiqibdi» dedim. Ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifamga ham joyladim, yangi tarona deya. Haqiqiy portlash qila oladigan yangi xonandalar chiqarmikan deya kutaman. Vaholanki, aksariyat xonandalar buni hazm qila olishmaydi. Qaniydi iqtidorli, g‘ayratli yoshlar shou–biznesga kirib kelsa!
Munis, qiziqarli suhbat uchun rahmat!
Blis:
—Bolaligingizda sizga kimdir “yulduz” bo‘lasan deganmi?
—Men sakkiz oylik tug‘ilganman. O‘shanda shifokorlar «Homilangiz nobud bo‘lgan» deyishsa ham onam «Nima bo‘lsa ham tug‘aman» degan. Dunyoga kelganim hamon chinqirib yig‘lagan ekanman, shunda doyalar «Bu qiz xonanda bo‘ladi» deyishgan ekan. Lekin «yulduz» bo‘lasan demagan hech kim. Ustozlarim Doni Ilyosov, Ma’mura Qurbonovalardan vokal bo‘yicha tahsil olganman, fursatdan foydalanib, ularga o‘z minnatdorligimni izhor qilib qolaman.
—Malika Ahmedovada raqs bo‘yicha tahsil olganingiz rostmi?
—Ha! Mashg‘ulotlar Turkiston san’at saroyida bo‘lib o‘tardi.
—Munis, ayni nimalarni tilayapti o‘zi uchun?
—Sihat–salomatlik, baxt va uzoq umr! Bu o‘zimga tilaganlarim! Shuningdek, ota–onam nabiralarining to‘ylarini ko‘rishsin, hamisha sog‘ bo‘lishsin, deb niyat qilaman.
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi