date

Toshkent hokimiyati sobiq ToshTurma haqida ma'lumot berdi

Toshkent hokimiyati sobiq ToshTurma haqida ma'lumot berdi
Toshkent shahar hokimiyati sobiq ToshTurma (1-son tergov izolyatori) hududi bo‘yicha Senat so‘roviga javob berdi. Avvalroq Senat ushbu hududni obodonlashtirish ishlari cho‘zilib ketgani va u yerda noto‘g‘ri foydalanish harakatlari mahalliy aholi orasida savollar uyg‘otayotganini qayd etgan edi.

Hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yil oktyabr oyida shaharning sobiq hokimi qarori bilan Ogneupor kompaniyasiga Yunusobod tumanidagi sobiq tergov izolyatori o‘rnida 2,9 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yer kompaniyaning Chilonzor tumanidagi Chinoobod ko‘chasidagi obyekti buzilgani uchun kompensatsiya sifatida berilgan.

Keyinchalik Yunusobod tumani kengashi mazkur hududda 76 kvadrat metr maydonga ega ma’muriy bino loyihasini tasdiqlagan. Biroq, ushbu yer konservatsiya hududiga kiritilgach, yangi bino qurilishi taqiqlangan.

Hokimiyatga ko‘ra, qarorda kompaniya qanday bino qurishi kerakligi haqida aniq ko‘rsatma berilmagan. Dastlab Ogneupor ishlab chiqarish korxonasi qurishni rejalashtirgan, ammo yaqin atrofdagi turar-joylar sababli bu rejasidan voz kechgan.

Keyinroq kompaniya mehmonxona qurishni maqsad qilgan. Ogneupor ikki marta yer maydonini xususiylashtirish uchun murojaat qilgan, ammo ikkala so‘rovga ham rad javobi berilgan.

Sababi – Toshkent bosh rejasiga ko‘ra, ushbu hudud konservatsiya zonasiga kiritilgan. Kompaniya rahbariyati cheklovlar olib tashlansa, investor jalb qilish va mehmonxona hamda turar-joy binolarini qurishga tayyor ekanini bildirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent hokimiyati sobiq ToshTurma haqida ma'lumot berdi