
AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Vashingtonda o‘tgan «C5+1» sammiti O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan «yangi, ajoyib munosabatlar»ni boshlab berganini ma’lum qildi. «Bu strategik jihatdan muhim mintaqa — Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq chorrahasida joylashgan bo‘lib, ulkan mineral resurslar, uglevodorodlar va insoniy iste’dodlarga ega.
AQSh prezidenti sifatida bu jarayonda faol ishtirok etish niyatidaman», — dedi Oq uy rahbari. Trampning so‘zlariga ko‘ra, sammit yakunida tomonlar milliardlab dollarlik kelishuvlarga erishgan.
Ushbu kelishuvlar AQShda aviatsiya, muhim mineral qazib olish va boshqa sohalarda ish o‘rinlarini yaratadi. Tramp, shuningdek, O‘zbekiston 2028-yilga qadar AQSh iqtisodiyotiga 35 milliard dollar, keyingi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritishini ham ta’kidlab o‘tdi.
AQSh prezidenti O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston prezidentining AQShga tashrifi davomida tomonlar bir qancha hujjatlar paketini imzoladi.
Ular orasida noyob yer elementlarini o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik bitimlari, Boeing kompaniyasining 22 ta samolyotini sotib olish, shuningdek, soya dukkaklari va soya shrotini xarid qilish bo‘yicha kelishuvlar bor. Sammit davomida O‘zbekiston prezidenti Ukraina urushini to‘xtatishga faqat hozirgi AQSh prezidenti qodir ekanini ta’kidladi.
Mirziyoyev Trampga Markaziy Osiyo mintaqasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, Trampni O‘zbekistonda «tinchlik prezidenti» deb atashlarini qo‘shimcha qildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar