23:03 / 06.03.2020
2 615

AQSHlik ekspert: O‘zbekiston afg‘on mojarosini tartibga solish jarayonida hamisha muhim ishtirokchi bo‘lib kelgan

AQSHlik ekspert: O‘zbekiston afg‘on mojarosini tartibga solish jarayonida hamisha muhim ishtirokchi bo‘lib kelgan
Mamlakatimiznig AQSHdagi diplomatik missiyasi xabariga ko‘ra, yaqinda Vashingtondagi elchixonamizda Xalqaro strategik tadqiqotlar uyushmasi prezidenti Gregori Kupli, Atlantika kengashi Yevroosiyo markazi direktori Jon Xyorbst hamda AQSH Milliy mudofaa universiteti Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi professori Briann Todd bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ekspertlar AQSH va “Tolibon” harakati o‘rtasida imzolangan tinchlik bitimi hamda O‘zbekistonning Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga qo‘shgan hissasi borasidagi fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Gregori KUPLI:

— Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlashga qaratilgan ushbu kelishuv O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘ta muhim hisoblanadi.

Biz O‘zbekiston Markaziy Osiyoda osoyishtalik va Afg‘oniston Islom Respublikasining unga integratsiyasini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. “Mozori-Sharif —Hirot” va “Mozori-Sharif — Peshavor” temir yo‘l transport yo‘laklari loyihalarini amalga oshirish yo‘li bilan Afg‘oniston ichida transport tarmoqlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Tinchlik bitimi mintaqa mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo ittifoqini sezilarli ravishda mustahkamlashga qodir. Bugun O‘zbekiston AQSH, Afg‘oniston, Pokiston, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari bilan hamkorlikda AIR hududi orqali mintaqaning transport-logistika tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilishi muhimdir. Bunday bog‘lanish afg‘on xalqining ijtimoiy-iqtisodiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ayni chog‘da bitim buzilishiga olib keluvchi xatarlar ham yo‘q emas. “Tolibon” harakati nazoratidan tashqaridagi omillar, oldinda ko‘rib bo‘lmaydigan vaziyatlar mavjud.

Ammo dunyo hamjamiyati uchun eng asosiy mujda shuki, endi biz afg‘on iqtisodiyotini tiklash haqida o‘ylashimiz kerak. Ko‘p narsa “Tolibon” harakatining hukumat bilan birgalikda mamlakat taqdiriga daxldor qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishga tayyor ekanligiga bog‘liq. Agar bu ro‘y bersa, nafaqat Afg‘oniston fuqarolari, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi foydasiga xizmat qiladi.

Umuman olganda, biz birinchi marta Markaziy Osiyo yana global savdo, iqtisodiy va siyosiy maydonga aylanayotgani, o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash uchun yetarli darajada kuchli bo‘lib borayotganing guvohi bo‘lmoqdamiz.

Jon XYORBST:

— Mazkur bitim Afg‘oniston kelajagini belgilashda dolzarbdir. AQSH prezidenti Afg‘oniston hududidan o‘z qo‘shinlarining yarmini qat’iy tarzda olib chiqmoqchi. Bu esa “Tolibon” harakatiga Ashraf G‘ani hukumati bilan muzokaralarni boshlashi uchun yaxshi motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi. Kelishuv “Tolibon” o‘zini yaxshi tutishiga turtki beradi. Binobarin, ushbu bosqichda ularning oldindan aytib bo‘lmaydigan harakatlari darajasini qisqartirish juda muhim va zarurdir.

O‘zbekiston afg‘on mojarosini tartibga solish jarayonida hamisha muhim ishtirokchi bo‘lib kelgan va bundayn keyin ham shunday bo‘lib qoladi, u shimoliy taqsimot tarmog‘ining ajralmas qismidir. O‘z navbatida ko‘plab etnik o‘zbeklar ham istiqomat qiladigan Afg‘oniston bilan yaxshi savdo-iqtisodiy munosabatlarni qo‘llab-quvvatlab kelyapti.

Brian TODD:

— Tinchlik bitimi uzoq kutilgan hujjat bo‘lib, afg‘on mojarosini harbiy yo‘l bilan hal etish mavjud emasligini tasdiqlaydi. Mazkur kelishuvni ko‘p yillik urushni bartaraf etish bo‘yicha diplomatik muzokaralarning ibtidosi deb hisoblash mumkin. Bu AQSH kontingentini qisqartirish, hukumat va “Tolibon” harakati o‘rtasidagi muzokaralarni boshlashga olib kelishi kerak.

O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlar qatori Afg‘oniston Islom Respublikasidagi tinchlik jarayonlarini doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Toshkent o‘zida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Xalqaro konferensiyani o‘tkazdiqabul qildi. O‘zbekiston va AIR rahbariyati tinchlikni o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birgalikda safarbar etishga tayyor ekanliklarini butun dunyoga namoyon qilishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » AQSHlik ekspert: O‘zbekiston afg‘on mojarosini tartibga solish jarayonida hamisha muhim ishtirokchi bo‘lib kelgan