15:16 / 16.03.2020
9 590

Koronavirus: karantinda ishga chiqmaganlarga oylik maosh to‘lanadimi, bolalilar ishga chiqadimi?.. O‘zbekiston aholisini o‘ylantirayotgan 7 savolga 7 javob

Koronavirus: karantinda ishga chiqmaganlarga oylik maosh to‘lanadimi, bolalilar ishga chiqadimi?.. O‘zbekiston aholisini o‘ylantirayotgan 7 savolga 7 javob
O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi. 16 mart kuni holatiga koronavirus bilan kasallanganlar soni 6 nafarni tashkil qilid. Hukumat virus tarqalishining oldini olishga doir tegishli chora-tadbirlar ko‘rishni boshladi. Ushbu infeksiya qay darajada xavfli bo‘lmasin, uni yengishda xotirjamlikni saqlay bilish muhim.

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusning O‘zbekistonga kirishi bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan savollar muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz ana shu savollarga mutasaddilardan javob topishga harakat qildi.

1-savol. Karantinda ishga chiqmaganlarga oylik maosh to‘lanadimi, bolalilar ishga chiqadimi?
Mehnat kodeksining 219-moddasida xodimning o‘z hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid solayotgan ishni bajarishni rad etish huquqi ta’minlangan. Faqat bu haqda darhol ish beruvchiga xabar qilish kerak. Ish beruvchi buni tekshirib, tasdiqlangach, bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim.

Agar zarur choralar ko‘rilmasa, xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir. Ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Demak, agar ishxonada zarur xavfsizlik choralari ko‘rilmagan bo‘lsa, ishga bormaslik mumkin, bu vaqtda o‘rtacha oylik saqlanadi.

Nafaqa ham to‘lanadi

Mehnat kodeksining 285-moddasida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi haqida so‘z boradi. Unga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi kasal bo‘lganda, mehnatda mayib bo‘lgan yoki boshqacha tarzda shikastlanganda, shu jumladan, turmushda jarohatlanganda, oilaning betob a’zosini parvarish qilganda, karantin e’lon qilinganda, sanatoriy-kurortda davolanganda va protez qilinganda to‘lanadi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi mehnatda mayib bo‘lgan va kasb kasalligiga chalinganda ish haqining to‘liq miqdorida, boshqa hollarda esa xodimning davlat ijtimoiy sug‘urtasi badallarini to‘lagan muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramog‘idagi voyaga yetmagan bolalarining soni va boshqa holatlarga qarab, ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda to‘lanadi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasining eng kam miqdori qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqariladigan ish haqi miqdoridan ortib ketmasligi lozim.

Bolalilar ishga chiqadimi?

Hozir ko‘pchilikni shu savol ham qiynamoqda. Ya’ni bog‘cha-maktablar yopildi, ishlaydigan ota-onalar nima qiladi? Bolasini kimga tashlaydi, ishga bormasa ham bo‘ladimi?

Qonunchilikka ko‘ra, karantinda bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a’zosiga sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan karantin belgilangan, lekin 14 kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.

Karantinda mehnatga layoqatsizlik varaqasi Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi va sog‘liqni saqlash boshqarmalarining ruxsati asosida epidemiolog yoki sanitar vrach tomonidan berilishi mumkin.

Demak, shu varaqani olib, ishga bormaslik mumkin. Buning uchun Mehnat kodeksiga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi saqlanishi kerak.

2-savol. Karantin sababli oziq-ovqat taqchilligi bo‘lmaydimi?
“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi munosabati bilan aholida tug‘ilayotgan savol bo‘yicha bayonot berdi.

Oziq-ovqat sanoatida 12 mingdan ziyod korxona ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda ushbu korxonalar o‘z rejimida ishlamoqda, deb xabar berdi “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, korxonalarning aksariyatida ish 1 smenada tashkil etilgan va quvvatlarning 70 foizidan foydalanilmoqda. Ularda yana qo‘shimcha 30 foiz quvvatni ishga solish va ishni 2 smenada yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari mavjud ekani aytiladi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda 98 foiz oziq-ovqat mahsulotlari mahalliylashtirilgan. Deyarli barcha xom ashyo yurtimizda yetishtiriladi. Chetdan kakao va qahva donlari, sitrus mevalar kabi mahsulotlar import qilinadi.

Oziq-ovqat mahsulotlari yetishmay qolishi haqidagi gaplar asosli emas

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda oziq-ovqat zaxirasi yetarli, vahimaga o‘rin yo‘q.

«Hamma yer yopilgan bo‘lsa, uyda o‘tiradigan bo‘lsa, tezda oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlab olishimiz kerak. Ertaga O‘zbekistonning hamma chegarasi yopiladi, shu bilan oziq-ovqat yetmaydi», degan xavf bormi? Tabiiyki, bunday xavf yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z xalqini boqa olish imkoniyatiga ega», – dedi Soliq qo‘mitasi raisi.
Uning ta’kidicha, mahsulotlar yetishmasligiga asosning o‘zi yo‘q.

«Tabiiyki, zaxira har doim bo‘lib kelgan. Ham moliyaviy tomondan, ham oziq-ovqat tomonidan. Shuning uchun bozorda shakar mahsuloti, go‘sht mahsuloti yetishmayatimi, zaxiradan chiqariladi. Lekin yetishmasligiga asosning o‘zi yo‘q.

Koronavirus dunyo bo‘yicha ikki oydan beri yuribdi. Lekin bozorda birorta mahsulotning yetishmovchiligi bo‘ldimi? Biror bir mahsulot narxi oshdimi? Yo‘q. Bunday keyin ham shunday bo‘lib qoladi», – dedi Behzod Musayev.

Mahsulotlarning narxi sun’iy ravishda oshirilmaydimi?

Davlat soliq qo‘mitasi raisi narxlar sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini alohida qayd etdi.

«Qo‘shtirnoq ichidagi ayrim tadbirkorlarda fursatdan foydalanib olay degan fikr bo‘lishi mumkin. Bunday tadbirkorlar juda chuqur monitoringga olinadi. Agar xalqni jipslashadigan, hamma tinch bo‘lishi kerak bo‘lgan jarayonda shundan foydalanib, narxlarni ko‘tarib oladigan bo‘lsa, tabiiyki, asossiz narx ko‘tarish evaziga olingan daromadiga nisbatan soliq nazorati, soliq monitoringini o‘rnatamiz», – dedi Musayev.

U narxni sun’iy ravishda oshirgan tadbirkorlar jinoiy javobgarlikka tortilishini ta’kidladi.
«Bosh vazir aniq aytdilar: bunday tadbirkorlar jinoiy tadbirkorlikka tortiladi.

Bir savolni ko‘tardilar: shu davrda haqiqiy tadbirkor bo‘lsa, o‘zini qanday tutishi kerak? Aksincha, bunday davrda xalqni tushunib, narxni o‘zgartirmagan holatda mahsulotini ko‘proq bozorga yetishtirib, bozordagi vahimaning oldini oladigan odam – haqiqatda insonparvar, vatanparvar tadbirkor bo‘ladi.

Lekin dardi faqatgina pul topish bo‘lib, xalqni qiynash evaziga yoki xalqning qo‘rquvidan foydalanib, pulimni topaman, deydigan tadbirkor bo‘lsa, unga qonunda yetarli me’yorlar bor. Shu bilan biz kurashamiz.

Oldingi hafta, oy, yil sotilgan hamma narxlar, fakturalar qo‘limizda bor. Hammasini, hamma tovar pozitsiyasini birma-bir solishtirib chiqamiz. Kimki narxini ko‘taradigan bo‘lsa, u bilan manzilli ishlaymiz», – dedi Soliq qo‘mitasi raisi.

U iste’molchilardan vahimaga tushmaslikni so‘radi.
«Bitta narsani iste’molchilarimizdan, o‘zbek xalqidan iltimos qilib aytish kerakki, vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q.

Soliq organlari nazoratni to‘liq amalga oshiradi. Nafaqat soliq organlari, bosh vazir tomonidan aniq topshiriq berildi – prokuratura, soliq organlari birgalikda ishchi guruhlarini tuzib, har bir dehqon bozori, savdo sub’ektida nazorat tadbirlari, reyd tadbirlarini amalga oshiramiz.

Buning asosiy maqsadi nima? Kechagi sotilayotgan narxdan bugungi narxning hech qanday farqi bo‘lishi kerak emas», – dedi u.

Shu o‘rinda aytish kerak bo‘lgan muhim jihat bor. Narxlar oshishiga xalqimizning o‘zi sababchi bo‘lib qolishi ham mumkin. Chunki koronavirus haqidagi xabarlar tarqalgach, aholi oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlay boshladi.
O‘zbekistonda boshqa davlatlardagi singari oziq-ovqat masalasida muammo yo‘q, zaxiramiz yetarlicha. Buni rasmiy vakillar ham ma’lum qildi.

Shunday ekan, asosiy e’tiborni xotirjamlik, gigiyena qoidalariga amal qilishga qaratish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

3-savol. O‘zbekistondagi bozorlar yopiladimi?
Respublika bo‘yicha birorta bozor yopilmaydi. Hammasi qanday ish rejimida ishlayotgan bo‘lsa, shu ish rejimida davom ettiradi.

«Narx-navo oshishiga nimalar sabab bo‘ladi? Bu – vahima, qo‘rquv. Ertaga uyimda hech narsa qolmaydi, shuning uchun 6 oylik, kerak bo‘lsa, ayrim hollarda 1 yillik, yo‘q deganda 3 oylik mahsulotlarni yig‘ib qo‘yaylik, degan vahima bozorda mahsulotlarning kamayib ketishiga olib keladi va natijada nima bo‘ladi? Tabiiyki, narx-navo oshib boradi», – deydi Behzod Musayev.

U chakana savdo sohasidagi ikki yirik tarmoq rahbarlari bilan gaplashganini aytdi.

«Bosh vazir yig‘ilishidan keyin shaxsan o‘zim respublikadagi 2ta katta tarmoq, biri Korzinka bo‘lsa, ikkinchisi Makro`ning rahbarlari bilan gaplashdim. Haqiqatda ularning bugungi monitoringi odam ko‘pligini ko‘rsatyapti. Guruch bormi, meva-sabzavotlar bormi, go‘shtmi – hammasini olishni harakatiga tushishgan. Bu – vahima kasali.

Bitta narsani aniq aytishim kerak: ertaga shu odamlar bozorga boradi. Respublika bo‘yicha birorta bozor yopilmaydi. Hammasi qanday ish rejimida ishlayotgan bo‘lsa, shu ish rejimida davom ettiradi.

Avvalambor, bozorlarimizda mahsulot mo‘l-ko‘l. Buni hamma biladi. Bunga butun dunyoda bizga havas qiladi. Ana shu mo‘l-ko‘l mahsulotlar turgan joyida yig‘ib qo‘yib, 5 litrlik yog‘ bir oilaga 3 oyga yetadi. Lekin hozir 5ta 5 litrli yog‘ni olib qo‘yishning nima keragi bor?

Ikkala tizim rahbari ham mahsulotlarimizning yetarli darajadagi zaxirasiga ega ekanini aytdi. Mahsulot sotilishiga qarab, peshtoqlarni to‘ldirib boramiz. Hech qanday muammo bo‘lmaydi, dedi», – deb ta’kidladi Soliq qo‘mitasi rahbari.

4-savol. Karantin sababli mahsulotlar importi to‘xtatiladimi?
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev importdan keladigan mahsulotlarga hech qanday cheklov yo‘q ekanini ma’lum qildi.

«Korzinka savdo tarmog‘ining rahbari menga masala ko‘tardiki, peshtaxtalardagi ayrim mahsulot turlari importdan keladi. Ularga cheklov bo‘lmaydimi dedi. Rossiya, Qozog‘iston, g‘arbdan keladigan import mahsulotlari ko‘p. Importdan keladigan mahsulotlarga hech qanday cheklov yo‘q.

Bu bo‘yicha hozirgina Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bilan birgalikda muloqot qildik. U ham hamma chegara postlarini masofadan nazorat qilish imkoniyatiga ega. Uning aytishicha, respublikaga kirib kelayotgan birorta oziq-ovqat mahsulotlari tirbandligi, sanitar nazorat sababli ortiqcha vaqt ushlanib qolishi holatlari yo‘q», – dedi Behzod Musayev.

5-savol. Viloyatlardagi shifoxonalar koronavirus kasalligiga qarshi kurashishga tayyormi?
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov viloyatlardagi har bitta shifoxonada dezinfeksiya, individual himoya vositalari va dori-darmonlar zaxirasi yaratilgani, har bir shifoxonada yuqori kompetensiyaga ega mutaxassislar mavjud ekanini aytdi.

“Barcha viloyatlarda yuqori kompetensiyaga ega, ya’ni o‘qitilgan mutaxassislarimiz mavjud. Bundan tashqari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining viloyatlarda koronavirus tarqalishi epidemiyasiga qanday chek qo‘yish kerakligini biladigan mutaxassislari bor. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda biz tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganib chiqdik hamda mutaxassislarimizni o‘qitib, tayyorladik. Shuningdek, viloyatlardagi har bitta shifoxonada dezinfeksiya, individual himoya vositalari va dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan hamda puxta tayyorgarliklar ko‘rilgan“, dedi Alisher Shodmonov.

6-savol. Karantin vaqtida O‘zbekistonda diniy marosimlar cheklanadimi?
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi mamlakatdagi diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat bilan chiqqan.

O‘zbekiston bosh vazir Abdulla Aripov barcha diniy tashkilotlarga diniy yig‘inlarni vaqtincha o‘tkazmaslik bo‘yicha iltimos bilan murojaat etilganini ma’lum qildi.

«Yana bitta masala bor, iltimos qilmoqchimiz, tavsiya qilmoqchimiz. Diniy idoralar tomonidan ham turli diniy marosimlarni cheklash masalasi ko‘rib chiqilishini iltimos qilmoqchimiz.

Faqat musulmonlar idorasidan emas, yoki faqat xristianlar idorasidan emas, barcha diniy konfessiyalardan iltimos qilmoqchimiz.
Yevropadagi barcha mamlakatlarda, Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida diniy marosimlarni cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilinyapti.
Biz bunday qaror qabul qilmaymiz. Shunday tavsiyamiz bilan murojaat qilib chiqdik, ko‘rib chiqiladi degan niyatdamiz.
Chunki bu ularning ham zimmasiga tushgan sinov», degan bosh vazir.

7-savol. Koronavirus sabab to‘ylar o‘tkazilishiga cheklov qo‘yiladimi?
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 15 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi munosabati bilan kiritilayotgan qator cheklovlar to‘y marosimlariga taalluqli emasligini aytgan.

«To‘ylar bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bor. O‘sha reglament asosida ketaveradi. Lekin ana shu reglamentga rioya qilinishiga e’tibor beramiz», – dedi hukumat rahbari.

Amaldagi tartibga muvofiq, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, bu tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi ishtirok etishiga ruxsat berilgan.

Qoidalarni buzgan fuqarolarga BHMning 10 baravari; to‘yxona, kafe va restoranlar mansabdorlariga 30 baravari miqdorida jarima belgilanishi kutilyapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Koronavirus: karantinda ishga chiqmaganlarga oylik maosh to‘lanadimi, bolalilar ishga chiqadimi?.. O‘zbekiston aholisini o‘ylantirayotgan 7 savolga 7 javob