Tan olish kerak biz darajamizdan bir emas, 2-3 barobar yuqori raqiblar bilan kuchimizni sinadik. Lekin xursand qiladigan tomoni shu o‘yinlarda qaysidir aspektlarda qarshilik ko‘rsata oldik, shunchaki oq bayroq ko‘tarib chiqqanimiz yo‘q. Ammo bu bilan o‘zimizni xursand qilishdan naf ko‘rmayapman. Ko‘ngil baribir taskin topmayapti.
1. Meksika bilan o‘yinga rotatsiyalar va terma jamoadagi raqobat
Srechko Katanes birinchi o‘yinga nisbatan ayrim rotatsiyalarga qo‘l urdi. Xususan, Bobir Abdixoliqov, Aziz Turg‘unboyev, Dilshod Saitov o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. AQSH bilan o‘yindan so‘ng rotatsiyalar kerak edi. Biroq Alijonovning zaxirada qoldirilishi biroz kutilmagan holat sifatida qabul qilindi. Balki kichik jarohati bordir. Almashtirib bo‘lmas Shomurodovga esa Katanes bugun dam berdi.
Shahboz Beg‘amov ta’biri bilan aytganda terma jamoa otasidan meros qolgan joy emas. Bobir esa birinchi bo‘limda o‘zida bo‘lgan kichik imkoniyatdan foydalanib gol urdi. Demak bu ish berdi. Ikkinchi bo‘limda Nasrullayev Saitovning o‘rniga tushishi natijasida, Sayfiyev o‘ng qanotga, Nasrullayev chap qanotga yo‘l oldi. Ilk o‘yindagi xato va kamchiliklarni ko‘ra olgan Katanes ikkinchi bahsda boshqa yigitlarga imkoniyat taqdim qildi.
Raqobatsiz jamoani shakllantirib bo‘lmaydi va bu zararga ishlasa, ishlaydiki foyda keltirmaydi. Olimpiya terma jamoasi tarkibidan Abbos Fayzullayev, Abduqodir Husanov, Alibek Davronov bu borada yanada raqobatni oshirsa hech gap emas. Ayniqsa Husanovni biz yanvar oyida Qatardagi Osiyo kubogida ham ko‘ramiz va bunga ehtiyoj sezilayotgani bor gap.
Biroq savol tug‘iladi Katanes chempionatni kuzatmayaptimi? U faqat olimpiyachilarga ishonib qolganmi? Xulosa shuki sloveniyalik mutaxassis Superligaga ishonmayapti. Jahon chempionati saralash uchrashuvlari va Osiyo kubogida asosiy fishkalar legionerlar va Superligadagi "Paxtakor", "Navbahor", "Nasaf" futbolchilari bo‘ladi. Chunki nechta o‘yindirki buni ko‘rib kelyapmiz. Katta ehtimol bilan boshqa yangiliklar bo‘lmaydi. Bu terma jamoa, klub emas.
2. Ikkinchi bo‘lim muammolari. So‘nggi daqiqalar jabri
Saudiyalik futbolchi Sami Al Jaberning 2005 yil bir gapi rosa mashhur bo‘lgandi: "O‘zbeklar 70-daqiqadan keyin futbol o‘ynamaydi".
Bu haq gap va mana necha yildirki ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasidan keyin o‘yin tashabbusini raqibga topshirib qo‘yamiz. Bu Katanetsning muammosi emas. Qosimov paytda ham, Abramov paytda ham, Babayan paytda ham shu holat kuzatilgan. Chempionatimizda klublar katta yuklamalar bermaydi, chunki katta yuklama bergan bilan tiklanish ham zo‘r bo‘lmasligi aniq. Mirko Yelichich bilan gaplashganimda doim bir gapni aytadi: "Futbolchi terma jamoada 10 kun ichida jismoniy holatini oshira olmaydi toki u klubidan tayyor bo‘lib kelmaguncha".
Katanes nima uchun legionerlarga ko‘p tayanayotganini sababi yuqoridagi omil, deb o‘ylayman. Ular Superliga futbolchilariga nisbatan yaxshi jismoniy holat bilan kelyapti. Ularga terma jamoada yuklama berishda muammo bo‘lmaydi. Chunki klubida bunga o‘rgangan.
Statistika aldamaydi. Meksika bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida raqib darvozasi tomon faqat 1ta aniq zarba yo‘llandi. Birinchi bo‘limda bu ko‘rsatkich 6/3 edi. To‘p nazoratida esa AQSH bilan Meksika bir xil ustunlikka ega bo‘ldi, 63/37, 63/38. Ikki o‘yinda ham to‘p bizda bo‘lmadi. To‘psiz o‘ynash esa ikki karra ko‘proq jismoniy faollikni talab qiladi.
Biz birinchi bo‘limni esa yaxshi o‘tkazyapmiz. Vaziyatlar yaratilmoqda. Futbolchilar raqib jarima maydonchasi ichida keskinlik yuzaga keltira olishyapti. Bo‘sh hududlar, ochiq zonalardan kirib borishda xotirjam, aniqlik bilan o‘ynashmoqda.
3. Katanes istayotgan o‘yinni biz qila olyapmizmi?
Srechko Katanes kelganidan buyon himoyaviy va tartibli, ko‘proq orqa zonada kutib olib oldindagi tezkor futbolchilar hisobiga vaziyat yaratish uslubida o‘ynayapmiz. Lekin Katanetsning himoyaga e’tibor beryapti desak, raqiblar bizning darvozamiz oldida ko‘proq xavfli vaziyat yaratayotganini, himoyachilarimiz raqib pressingiga bardosh bera olmayotganini anglash qiyin emas.
4. Qiziqarli faktlar
- O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor KONKAKAF vakilidan ochko oldi.
- Bobir Abdixoliqov terma jamoa libosidagi ilk golini urdi.
- Meksika 8ta uchrashuvdan so‘ng o‘z darvozasidan 3ta to‘p olib chiqdi. So‘nggi 16 iyun kuni AQSH raqib darvozasini 3 bor nishonga olgandi.
- AQSH Shimoliy Amerika qit’asidan O‘zbekistonga raqib bo‘lgan uchinchi, Meksika esa to‘rtinchi terma jamoa bo‘ldi.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz