
FIDE Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindarovning Vatanga qaytish yo‘li ham uning g‘alabasi kabi unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Bir umr esda qolarli bu sayohatda ham chempionimiz katta e’tibor, samimiy ehtirom va haqiqiy qahramonlarga xos munosabat bilan kutib olindi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ekipaji va vakolatli xodimlari samolyot bortidayoq Javohirni chin qalbdan tabriklab, uning shaxmat olamini larzaga solgan ulkan zafarini alohida e’tirof etdi. Havo kemasi ichidagi samimiy muhit, ixlos bilan aytilgan qutlovlar va milliy iftixor ruhi barcha yo‘lovchilarda ham ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.
Parvoz davomida chempionimizning qo‘lga kiritgan bu yuksak yutug‘i nafaqat shaxmat ixlosmandlari, balki butun mamlakat yosh avlodini yangi marralarga ilhomlantirayotgani ta’kidlab o‘tildi. Sindarovning jasorati, mehnati va irodasi orqali o‘z ortini yoritgan g‘alaba — bugungi kunda ko‘plab o‘smirlar uchun namuna va ruhiy quvvat manbaiga aylangani barcha tomondan e’tirof etildi.
Aviakompaniya jamoasi Javohirga kelajakdagi nufuzli musobaqalarda yangi zafarlar, mustahkam salomatlik va omad hamisha yonida bo‘lishini tilab, unga samimiy xizmat ko‘rsatishdan mamnunligini bildirdi.
Eng muhimi, bu chin qalbdan ko‘rsatilga ehtirom — yurtimizda yosh iqtidorlarga berilayotgan katta qiymatning yorqin ifodasi. Sindarov esa bu mehrga munosib tarzda, Vatan nomi uchun yanada ko‘proq zafarlar olib kelish niyatida ekanini ta’kidlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.