date

Sindorov — FIDE Jahon kubogi chempioni: 2 million dollarlik tarixiy g‘alaba!

Sindorov — FIDE Jahon kubogi chempioni: 2 million dollarlik tarixiy g‘alaba!

O‘zbekistonlik shaxmat dahosi Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi finalida xitoylik Vey I ustidan zafar qozonib, tarixiy natija qayd etdi. Ikki kunga cho‘zilgan keskin bahslarning 25 noyabr kungi asosiy o‘yinlarida murosa yo‘li tanlangan edi (0,5-0,5, 0,5-0,5). Natijada, g‘olib 26 noyabr kuni qo‘shimcha tay-breyk bahslarida hal qilindi va ikkinchi partiyada hamyurtimiz yakuniy g‘alabaga erishdi.

Tarixiy ikkinchi chempion

Bu g‘alaba bilan Sindorov ushbu nufuzli turnirda chempion bo‘lgan ikkinchi o‘zbekistonlik shaxmatchiga aylandi. Avvalroq, 2004 yilda Rustam Qosimjonov ham FIDE Jahon Kubogida g‘olib chiqqan edi. Ushbu musobaqa Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi (FIDE) himoyasi ostida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik nokaut tizimidagi shaxmat musobaqasidir. Turnirning mukofot jamg‘armasi 2 million dollarni tashkil etadi va g‘olib 120 ming dollar oladi.

Eng asosiy sovrin: Da’vogarlar turniri

Eng muhimi, Sindorov finalga chiqish orqali 2026 yilgi Da’vogarlar turniriga (Jahon toji uchun kurashning asosi) yo‘llanmani kafolatladi. Bu yo‘llanmalarning faqat uchtasi o‘ynaladi.

Qayd etish joizki, bu yilgi turnir yarimfinalida o‘zbekistonlik ikki shaxmatchi – Javohir Sindorov va Nodir Yoqubboev o‘zaro to‘qnash kelishgan edi. Sindorov ushbu bahsda g‘olib chiqdi, ammo Yoqubboev 3-o‘rin uchun kechgan bahsda rossiyalik Andrey Yesipenkoga yutqazib, imkoniyatdan foydalana olmadi.

Avvalgi yillarda bu musobaqada Magnus Karlsen, Vladimir Kramnik kabi dunyoning eng sara grossmeysterlari g‘olib chiqqan. Sindorovning bunday yuqori darajadagi musobaqadagi zafari o‘zbek shaxmatining jahon miqyosidagi mavqeini yanada mustahkamladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Sindorov — FIDE Jahon kubogi chempioni: 2 million dollarlik tarixiy g‘alaba!