Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yanvar oyida Qatarda oʻquv-mashgʻulot yigʻin tashkil etgani turli gap-soʻzlarga sabab boʻldi.
Birinchisi, terma jamoaning yigʻin oʻtkazgani bilan bogʻliq. Ikkinchisi, bosh murabbiy oʻzgargani bilan. Bilasiz, har yil yanvar-fevral oylarida klublar yangi mavsumga hozirlik olib boradi. Va qachonki terma jamoa ham yigʻin oʻtkazsa, buning atrofida turli gaplar koʻpayadi. Masalan, terma jamoa nima uchun yigʻin oʻtkazishi kerak, unda FIFA kunlari nimaga berilgan, terma jamoa FIFA kunlarida yigʻilgani yaxshi emasmi va hokazo. Kimdir terma jamoa ham yigʻin oʻtkazib turishi kerak, bu ham futbolchilarga, ham murabbiylarga foyda degan fikr bilan yuradi.
Bu oʻrinda har ikki tomonni birdek eshitib, har ikki tomonga quloq solsa boʻladi. Toʻgʻri, terma jamoa FIFA kunidan tashqarida yigʻildi, klublar yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrishni boshlagan bir paytda oʻyinchilarni chaqirib alohida yigʻin va bitta oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil etdi. Klublarning bunga e'tiroz bildirishga haqqi bor. Lekin ikkinchi tomondan terma jamoa yigʻini mavsumga tayyorgarlik ayni qizigan paytga toʻgʻri kelmadi. Odatda klublar uchun fevral hozirlikning hal qiluvchi bosqichi hisoblanadi. Yanvar esa koʻpincha selektsiya ishlari, yangi futbolchilar bilan shartnoma tuzish kabilar bilan oʻtib ketadi.
Shu tomondan olib qaralganda agar terma jamoa fevral oyida yigʻin oʻtkazganida keskin tanqid qilsa boʻlardi. Lekin yanvardagi yigʻinning salbiy tomonlari koʻrinmayapti. Aftidan 20-31 yanvar kunlari Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xorijda yigʻin oʻtkazishi ancha oldin, aytaylik oʻtgan yil noyabr oyida reja qilib qoʻyilgan boʻlishi mumkin. Biz noyabrda ikkita oʻyinda maydonga tushdik va shundan soʻng murabbiylar oʻz rejasini OʻFAga taqdim etgan va bu rejadan yigʻin ham oʻrin olgan boʻlishi kerak. Natijada OʻFA ham shu reja asosida ish olib borgan.
Reja shunday boʻlganki, yanvarning oxirgi oʻn kunligida yigʻin oʻtkaziladi va bunda faqat mahalliy futbolchilar ishtirok etadi. Shu orqali murabbiy mahalliy futbolchilarni koʻzdan kechirib olishni maqsad qilgan, buning ustiga Iordaniya bilan oʻrtoqlik uchrashuvi tashkil etilishi ham ayni muddao boʻlgan. Chunki futbolchilarni sinab koʻrish uchun faqat mashgʻulotning oʻzi kamlik qiladi. Baribir koʻp narsa oʻyinda koʻzga tashlanadi.
Mayli, yigʻin tashkil qilindi, tarkib ham e'lon qilindi deylik, lekin terma jamoaga chaqirilgan aksar futbolchilar martdagi ikkita oʻyin payti terma jamoa tarkibida boʻlmaydi-ku degan savolning oʻrtaga tashlanishi katta xato boʻladi. Avvalo kimni chaqirishni bosh murabbiy hal qiladi. Ikkinchidan, falonchi baribir rasmiy oʻyinlarga chaqirilmaydi deyish bu oʻsha futbolchiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
Ishonchsizlik futbolchiga ham ta'sir qilib, uning oʻzida men terma jamoaga tortmasam kerak degan hadik paydo boʻladi. Bir narsani unutmang, biz qachonki sportchini sen zoʻrsan, ishlasang albatta oʻzingni koʻrsatasan deb gapirsakgina oʻyinchilarda oʻziga boʻlgan ishonch ortadi. Bu bilan hammani yoppasiga maqtash kerak demoqchi emasmiz, faqat murabbiy oʻyinini hurmat qilib terma jamoaga chaqirdimi, OAV bilan muxlislar ham hurmat qilishni, kerak paytda iliq gap aytishni oʻrganishi kerak.
Futbolchi terma jamoaga tortadimi-yoʻqmi, buni murabbiy hal qiladi. Chunki natijaga murabbiy javob beradi. Toʻgʻri tushunib turibmiz, chindan ham ertaga rasmiy oʻyinlarda asosan legionerlar terma jamoa oʻzagi boʻladi, lekin futbol jarohat, kartochka yoki boshqa sabablardan holi emas. Kimdir jarohat olib qolishi mumkin, kimdadir kartochka paydo boʻladi, kimdir koʻngildagidek oʻynay olmaydi, shunda yordamchi kuchlar, ya'ni kechagi yigʻinda qatnashgan futbolchi etib keladi. Ular ham oʻzlarini terma jamoaning bir boʻlagi deb his qilishi uchun bu yigʻin tashkil qilindi deyish maqsadga muvofiq boʻladi.
Klublarning yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrishi hech qachon qolib ketmaydi va bir-ikki futbolchi yigʻinda vaqtincha qatnashmay tursa bu bilan hech nima oʻzgarib qolmaydi. Jahon chempionatiga saralash oʻyinlarining ekvatoridan oʻtdik va buyogʻiga toʻrtta oʻyin qoldi. Mana shu toʻrtta uchrashuvni yuqori kayfiyatda oʻtkazish uchun ham hech nimani e'tibordan chiqarmaslik lozim. Keling, shu oʻyinlarni yana bir bor yodga olib oʻtsak.
20 mart. Oʻzbekiston - Qirgʻiziston
25 mart. Eron - Oʻzbekiston
5 iyun. BAA - Oʻzbekiston
10 iyun. Oʻzbekiston - Qatar
OʻFA milliy terma jamoaga yangi bosh murabbiy etib Timur Kapadzeni tayinlashi ham kutilmagan voqelik boʻldi. Koʻpchilik Srechko Katanes oʻz vazifasini oxirigacha etkazib qoʻysa kerak degan taxminda edi. Ammo murabbiyning sogʻligi bunga yoʻl bermadi. Jiddiy kasallik bilan kurashib kelayotgan sloveniyalik murabbiy oʻz xohishiga binoan terma jamoani tark etdi. Yanvardagi yigʻinda shaxsan Katanesning oʻzi jamoa bilan Dohada boʻlishni maqsad qilgandi, ammo nailoj sogʻlik har narsadan ustun.
Natijada OʻFA tezkor qaror qabul qilishi kerak boʻlib qoldi va bir nechta murabbiylar bilan muzokara olib borgach, yakunda Timur Kapadze nomzodi ustida toʻxtaldi. Kapadzening tayinlanishiga asosiy sababchi matbuot deganlar ham topildi. Toʻgʻri, matbuot Katanes sogʻligʻi joyida emas, nimadir qilmasak Jahon chempionatidan quruq qolamiz, axir mundialga har doimgidan ham yaqinmiz deb bong urgan boʻlishi mumkin, ammo hech qachon Katanes ketsa faqat Kapadze boʻlishi kerak deb agitatsiya qilgan emas.
Kapadzening bosh murabbiy etib tayinlanishi toʻliq OʻFA qarori bilan boʻldi deya olamiz. Agar matbuot ta'siri bilan bosh murabbiy oʻzgarib, Katanes atayin ketkazilganida OʻFA xorijlik murabbiyga katta miqdorda kompensatsiya toʻlashiga toʻgʻri kelardi va bu erda gap kichkina pullar haqida bormayapti. Katanes oʻzi kompensatsiyadan voz kechib, oʻz arizasiga koʻra ketishini ma'lum qildi va bu qarorni OʻFA ham qoʻlladi.
Bu oʻrinda siz-u bizdan faqat yangi murabbiyni qoʻllab-quvvatlash va terma jamoaga boʻlajak oʻyinlarda omad tilash qolyapti. Axir jamoani kim Jahon chempionatiga olib chiqishi unchalik muhim emas-ku. Buyogʻiga faqat toʻrtta oʻyin qolganini hisobga olsak, diqqatni bir joyga jamlab shu oʻyinlarga tayyorgarlik koʻrish kerak. Hozir terma jamoa atrofida intriga paydo qilishning mavridi emas. Bu faqat zararga ishlaydi. Hammamiz birlashib oʻz maqsadimizga erisha olamiz. Intriga va bahs-munozaradan faqat raqiblar foydalanib qolishini unutmaylik.
X.Xoliqov.
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar