
“Manchester Siti” jamoasida yosh avlodga tayangan yangilanish jarayoni to‘liq kuch bilan davom etmoqda. Bu jarayon joriy yilning 20 yanvar kuni, “Lans” klubidan Abduqodir Husanovni olib kelish bilan amaliy tarzda boshlangan edi. Shundan beri Xosep Gvardiola boshchiligidagi murabbiylar shtabi ikki transfer oynasi ichida deyarli barcha pozitsiyalar bo‘yicha yangilanishni amalga oshirdi.
Biroq jamoada hali ham hal qilinishi kerak bo‘lgan asosiy masala – o‘ng qanot himoyasi bo‘lib qolmoqda. Bu pozitsiyada Riko Lyuis va Mateush Nunesh sinab ko‘rildi, ammo ularning himoyalanish mahorati Kayl Uoker darajasiga yetmadi. Natijada mavsum boshida “shaharliklar” ikki marta mag‘lubiyatga uchrab, Gvardiola yangi yechim izlashga majbur bo‘ldi.
Shu paytda asli markaziy himoyachi bo‘lgan Abduqodir Husanovning nomi ko‘tarildi. 21 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi jarohat olguniga qadar bir necha muhim o‘yinlarda o‘ng qanot himoyasini muvaffaqiyatli yopib kelgandi. Uning pozitsiyadagi barqarorligi va himoyaviy xulq-atvori Lyuis hamda Nuneshga nisbatan ancha yuqori ekani ta’kidlanmoqda.
Shu boisdan “Manchester Siti” rahbariyati va murabbiylar shtabi yaqinda yangi o‘ng qanot himoyachisini olish masalasini orqaga surdi. Bu qaror Husanovning jarohatdan keyin qay darajada o‘ynashini kuzatib borish bilan bog‘liq bo‘ladi. Agar u avvalgi formasiga tez qaytsa, jamoa yangi transferga ehtiyoj sezmasligi mumkin.
Shu bilan birga, Gvardiolaning transfer ro‘yxatida “Nyukasl” himoyachisi Tino Livramento ham borligi aytilmoqda. Biroq bu bitim amalga oshishi ehtimoli past. Sababi — “Nyukasl” yaqinda sport direktori lavozimiga Ross Uilsonni tayinlagan va u hozir jamoaning yetakchi o‘yinchilari Sven Botman hamda Livramento bilan yangi shartnoma tuzish ustuvor vazifasiga ega.
Agar “qarg‘alar” bu ikki o‘yinchi bilan bitimni yangilay olsa, ularning boshqa klubga ketishi deyarli mumkin bo‘lmaydi. Demak, “Siti” hozircha asosiy e’tiborni o‘z safidagi yosh iste’dod — Abduqodir Husanovning qayta tiklanishiga qaratmoqda.
O‘z navbatida, Angliya matbuoti Gvardiolaning Husanovga katta ishonch bildirganini yozmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yosh himoyachi nafaqat texnik jihatdan, balki taktik tushunish bo‘yicha ham jamoa uslubiga mos keladi. Shu bois “Siti”ning kelajakdagi himoya chizig‘i aynan Husanov atrofida qurilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!