date

Husanovning jarohatdan keyingi kechagi o‘yini qanday baholandi?

Husanovning jarohatdan keyingi kechagi o‘yini qanday baholandi?

Angliya Liga Kubogining nimchorak finalida “Manchester Siti” safarda “Suonsi Siti”ga qarshi maydonga tushdi. Uelsda bo‘lib o‘tgan mazkur o‘yin kutilganidek oson kechmadi — mezbonlar kuchli raqibni ham shoshirib qo‘ydi.

Uchrashuvning ilk 15 daqiqasidayoq “Suonsi” muxlislarini quvontirdi. Josh Key chap qanotdan harakatlanib, himoyachini aldab o‘tdi va Gonsalu Frankoga aniq pas uzatdi. Portugaliyalik hujumchi esa to‘pni darvozaga joylab, “Manchester Siti”ni shokka soldi. Bir necha daqiqalar davomida manchesterliklar g‘alabani qo‘ldan chiqargandek ko‘rindi.

Biroq tajriba va "klass" o‘z so‘zini aytdi. Xosep Gvardiolaning shogirdlari tez orada o‘yinni nazoratga oldi. Birinchi bo‘limning o‘rtasida Jeremi Dok-u gol urdi va hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limda esa Umar Marmush jamoasini oldinga olib chiqdi, Rayan Cherki esa o‘yin taqdirini hal qildi. Shu tariqa “shaharliklar” 3:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozonib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldi.

Bu bahs muxlislar uchun yana bir muhim voqea bilan yodda qoldi — bir oydan ortiq jarohat sabab o‘yindan chetda qolgan Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi. Yosh himoyachi 63 daqiqa o‘ynab, ishonchli harakat qildi. Unga nisbatan mutaxassislar ijobiy fikr bildirdi — ba’zi epizodlarda ishonch yetishmagan bo‘lsa-da, umumiy o‘yini barqaror baholandi.

Cityxtra.co.uk portali o‘yindan so‘ng futbolchilar faoliyatini baholab o‘tdi. Jeyms Trafford 7,5 ball bilan ishonchli darvozabon sifatida qayd etildi. U “Suonsi”ning birinchi golida aybsiz bo‘lsa-da, hisob 1:0 bo‘lganida muhim seyv amalga oshirdi. Riko Lyuis har doimgidek faol harakat qilgani uchun 7 ball oldi. Abduqodir Husanov 6,5 va Natan Ake 7 ball bilan baholandi.

Abduqodir Husanovning jarohatdan keyin maydonga qaytgani hammani xursand qildi. Uchrashuv davomida ishonchli o‘ynadi, biroq ba’zi vaziyatlarda ishonch yetishmagandek harakat qildi. Lekin bu jarohatdan qaytgan o‘yinchi uchun tabiiy hol. Abduqodir uchun bu sport formasini tiklash yo‘lidagi juda foydali o‘yin bo‘ldi.

Eng yuqori bahoni esa fransiyalik Rayan Cherki oldi — 9 ball. U nafaqat gol urdi, balki bir golli pas ham uzatib, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Uning maydondagi ishtiyoqi va chap qanotdagi faolligi muxlislar va mutaxassislar tomonidan alohida ta’kidlandi.

Umar Marmush 8 ball bilan baholandi — misrlik hujumchi Erling Xoland yo‘qligida ham yuqori darajada o‘ynadi va o‘zini ishonchli namoyon qildi. Jeremi Dok-u ham 8 ball bilan gol muallifi sifatida yodda qoldi.

E’tiborga molik jihat — bu g‘alaba “Siti” uchun nafaqat finalga qadam, balki tarkibga qaytayotgan o‘yinchilarning formasini tekshirish imkoni ham bo‘ldi. Gvardiola ushbu natijadan mamnun ekanini ta’kidlab, “jamoa bor kuchini maydonda namoyish qildi”, degan fikrni bildirgan.

Endilikda “Manchester Siti” chorak finalda “Brentford” bilan kuch sinashadi. Bu bahs 17-dekabr kuni “Etixad” arenasida bo‘lib o‘tadi va muxlislar yana bir qiziq to‘qnashuvni kutmoqda. Shubhasiz, bu safar ham “shaharliklar” g‘alabani qo‘ldan bermaslikka harakat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanovning jarohatdan keyingi kechagi o‘yini qanday baholandi?