15:21 / 23.02.2025
53

Ispaniyada kun oʻyinlari: yuqorida rokirovka (video)

Ispaniyada kun oʻyinlari: yuqorida rokirovka (video)
Shanba oqshomida Ispaniya futbolida roʻy bergan asosiy voqealar, oʻyinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat haqida quyidagi maqolani oʻqish orqali bilib olishingiz mumkin.

«Valensiya» — «Atletiko» 0:3
Gollar
: Alvares (12, 30), Korrea (86).
«Valensiya» — Mamardashvili, Moskera, Tarrega, Fulke, Xayme (Andre Almeyda, 65), Gerra, Gayya, Barrenechea (Diyego Lopes, 80), Pepelu (Duro, 46), Rioxa (Fransisko Peres, 73), Sodiq (Rafa Mir, 74).
«Atletiko» — Oblak, Aspilikueta (Gallaher, 46), Langle, Le Norman, Molina, Lino (Galan, 46), Lorente, De Paul, Simeone (Ximenes, 68), Alvares (Syorlot, 74), Grizmann (Korrea, 68).
Ogohlantirishlar: Lino (23), Langle (40), Gerra (42), Galan (64).

Chempionlik poygasidagi birinchi qadamni «Atletiko» tashladi va madridliklar buni ishonch bilan amalga oshirib, «Valensiya» sardori Gayyaning la ligadagi yubiley 300-oʻyinini barbod qildi. «Koʻrshapalaklar» jamoasi afsonasiga havas qilib boʻlmasdi, chunki uning jamoasi chuqur inqirozga tushib qolgan va top-klublarga raqobat qiladigan holatda emas. Birinchi gol jamoalar darajasidagi farqni yaqqol koʻrsatib berdi, unda asosiy ishni Grizmann bajardi. Uning himoyachilar ortiga oshirgan zargarona pasidan keyin Samuel Lino gol urishi kerak edi, ammo uning darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda yoʻllagan zarbasi toʻsinga tegdi.

Ammo bunday yaxshi pas bekor ketmadi va qaytgan toʻpga birinchi boʻlib Jovanni Simeone etib keldi va u toʻpni qulay vaziyatdagi Xulian Alvaresga tashlab berdi. Keyin esa argentinalik toʻpurar va Grizmann boshqa futbolchilar ishtirokisiz ikkinchi golni urishdi, bu vaziyatda frantsuz futbolchisi toʻpni jarima maydoni markaziga etkazib berdi. Oʻyin oxirida esa zaxira oʻrindigʻi qiroli Korrea mezbonlarni uzil-kesil taslim qildi. Bu Anxelning la ligada joker rolidagi 24-goli boʻldi va u bu koʻrsatkich borasida turnir tarixida toʻrtinchi oʻringa koʻtarildi.

Korrea bu roʻyxatda Valter Pandianini ortda qoldirdi. Keyingi moʻljal — 27 tadan gol urgan de Paul va Messiga etib olish, birinchi oʻrinda esa oʻtgan mavsum yakunida butsalarini mixga ilgan «Jirona»ning 38 yoshli faxriysi Stuani (29 gol) joylashgan. Bu gʻalabadan keyin Diyego Simeone jamoasi kamida bir necha soatga turnir jadvalida birinchi oʻringa chiqib oldi va raqobatchilari xatosini kuta boshladi.

«Las-Palmas» — «Barselona» 0:2
Gollar
: Olmo (62), Torres (90+5).
«Las-Palmas» — Sillessen, Munyos, Marmol, Suares, Viti (Pessolesi, 85), Baychetich (Benito Ramires, 86), Essugu (Kampanya, 67), Moleyro (Fuster, 67), Xavi Munyos, Sandro Ramires, Makberni (Mata, 66).
«Barselona» — Shesni, Balde, Kubarsi, Erik Garsiya, Kunde, Pedri (de Yong, 85), Kasado, Rafinya (Martin, 90+7), Lopes (Olmo, 46), Yamal (Ferran Torres, 85), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Suares (81), de Yong (82).

Mantiqan qaraganda, madridliklar «Barselona»dan sovgʻa kutishi qiyin edi, ammo oʻtgan turda koʻk-anorranglilar «Rayo Valekano» bilan oʻyinda qiyinchilikka uchrab, bazoʻr minimal ustunlik erishgandi (1:0). «Las-Palmas» esa noyabr oyi oxirida Hans-Diter Flik shogirdlarini toʻxtatgandi (1:2). Umuman olganda, kataloniyaliklarda bu mavsum jadvalning ikkinchi yarmidagi raqiblar bilan muammolar surunkali tus olgan va bu oʻyin debyutida quyi ligaga tushib ketmaslik uchun kurashayotgan «Las-Palmas» tezkor gol bilan peshqadamni shoshirib qoʻyishiga bir baxya qoldi. Favoritlar esa birinchi boʻlim davomida yaqqol vaziyat yarata olmadi.

Flik tanaffusdayoq Fermin Lopes oʻrniga Dani Olmoni tushirishga qaror qildi va bu oʻzini oqladi. Oʻyin taqdirini Evropa chempionlari hal etishdi. Olmo hujumni boshlab berdi va raqib jarima maydoniga otilib kirib, Yamalning uzatmasiga ochildi. Keyin oʻz mahoratini namoyish etib, dribling bilan himoyachini yoʻldan oldi va toʻsin ostiga qaytarib boʻlmas kuchli zarba yoʻlladi. Ammo bu hal qiluvchi vaziyat emasdi. Koʻp oʻtmay «Barsa» jarima maydonidagi epizoddan keyin oʻyindagi keskinlik eng yuqori choʻqqisiga chiqdi - arbitr vaziyatni qaytadan koʻrish uchun monitor qarshisiga bordi.

Ammo Erik Garsiya jarima maydoni ichida toʻpni qoʻl bilan toʻxtatib qolgan boʻlsa-da, hal qiluvchi omil hujum davomidagi ofsayd holati boʻldi.

Hakamning yakuniy qaroridan keyin Rafinya xuddi gol urgandek xursandchilik qildi, braziliyalik vingerning hissiyotlari shu bilan cheklanmadi va qoʻshimcha daqiqalarda Ferran Torresga assistentlik qildi. Zaxiradan tushgan hujumchi kuchli pasdan keyin bir teginishda toʻpni oʻziga boʻysundirdi, ikkinchi teginishda intrigaga butkul barham berdi. Yil boshidan buyon biror marta magʻlub boʻlmagan «Barsa» birinchi oʻringa qaytdi. Yakshanba kuni — «Real» «Jirona» bilan oʻyinda oʻz yurishini amalga oshiradi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport