Kloze Messi va Mbappe uning JCh rekordini yangilashi mumkinligini aytdi

Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Kloze futbol bo'yicha Jahon chempionatlaridagi gollar rekordi yaqin yillarda yangilanishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kloze to'rtta mundialda ishtirok etib, jami 16 ta gol urgan. Hozirda amaldagi futbolchilar orasida unga eng yaqin ko'rsatkich Lionel Messida — 13 ta, Kilian Mbappeda esa — 12 ta gol.
“Ishonchim komil, JChdagi gollar bo'yicha rekordim tez orada buziladi. Buni Messi 2026 yilda amalga oshirishi mumkin, Mbappe esa 2026 yoki 2030 yilda. Men Leoga juda muxlismanki, agar u faoliyatini davom ettirsa, eng yaxshi tilaklarimni tilayman. Mbappening ham iste'dodi aql bovar qilmaydi. Umid qilamanki, ikkalasi ham sog'lom bo'ladi va eng yuqori darajasini ko'rsatadi. Har qanday holatda ham hozircha eng yaxshi statistika menda, qolaversa, men yarim finalga to'rt marta chiqqan yagona futbolchiman”, — deya Kloze so'zlarini keltiradi Bild.
Eslatib o'tamiz, Messi 2022 yilgi Qatar mundialida chempion bo'lgan, Mbappe 2018 yili Rossiyada kubokni ko'targan, Kloze esa 2014 yil Braziliyada Germaniya bilan zafar quchgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!