Husanovga ommaviy qoʻllab-quvvatlash: yana "oy futbolchisi" unga tegadimi?

Angliya grandi — "Manchester Siti" aprel oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash maqsadida muxlislar oʻrtasida ovoz berish jarayonini boshladi. Nomzodlar orasida jamoaning uch nafar futbolchisi — Abduqodir Husanov, Bernardu Silva va Niko O'Rayli bor.
Ayni paytda klubning ijtimoiy tarmoqlarida qizgʻin muhokamalar davom etmoqda. Muxlislar fikrlariga qaraganda, aprel oyida eng barqaror va taʼsirchan oʻyin koʻrsatgan futbolchi sifatida aynan Husanov alohida ajralib turibdi.
Koʻplab muxlislar uning nafaqat himoyada ishonchli harakat qilgani, balki butun jamoa oʻyiniga taʼsir oʻtkazayotganini taʼkidlashmoqda. Ayrim fikrlarda hatto u maydonda boʻlganda jamoa oʻzini ancha ishonchli his qilishi aytilgan.
Jumladan, muxlislardan biri shunday deydi:
— Barcha nomzodlar yuqori darajada, ammo Husanovga boʻlgan qoʻllab-quvvatlash uni yanada kuchaytirdi. U gʻalabaga munosib.
Boshqa bir muxlis esa uni “himoya devori” deb atab, jamoaning hozirgi va kelajak tayanchi sifatida baholagan. Yana bir fikrda esa hatto Xosep Gvardiola ham eng yaxshi futbolchi kim ekanini yaxshi bilishi aytilgan.
Josphat Koki:
Gʻolib kimligi aniq-ku, ovoz berib nima qilamiz! Gʻolib – bizning oʻzbek jangchimiz – AK45.
Andrew Johns:
Tanlash juda qiyin. Ularning hammasi munosib. Ehtimol, Husanovni tanlayman, chunki u asosiy tarkibda boʻlsa, biz oʻyinni yutishimizni his qilaman. “Siti” deyarli har doim gol uradi, ammo raqiblarga boʻshliq ham qoldiradi. Husanov esa doim hammasini yopib tashlaydi.
Jaisal Minaj:
Husanov... himoyaning yuragi...
Kiki Yu:
Balki baʼzilarga fikrim yoqmas, balki O'Raylini tanlashar, lekin futbol faqat gol urishdan iborat emas. Husanov himoyada haqiqatan ham yorqin oʻynayapti.
Joseph Muneeni Kimanzi:
Hatto Xavers ham Husanovga ovoz beradi.
Trevor Manyandu:
Husanov bunga munosib. U bu oyda juda katta mehnat qildi va biz Ruben Diashning yoʻqligini deyarli sezmadik.
Andrea Andrew:
Agar nima uchun yutqazmayotganimizni bilmasangiz, buning sababchisi – Husanov.
Jamal Nuur Omar:
Husanov sovringa munosib. U “Arsenal”ga qarshi ham, “Byornli” va “Chelsi” bilan ham zoʻr oʻynadi.
Kelvin Kays:
Husanov meni har doim birinchi oʻyinida uni tanqid qilganim uchun uyaltiradi. Bu odam himoyada porlayapti. Yutuqni unga bering, munosib.
Tendai Marumahoko:
Husanov butun himoyani bir oʻzi ushlab turibdi.
Muxlislar orasidagi umumiy fikr bir nuqtada tutashmoqda — Husanov maydonda boʻlganda jamoa kam gol oʻtkazadi, himoyada ishonchlilik ortadi va natija uchun muhim omilga aylanadi.
Ayrimlar Bernardu Silvaning jamoa uchun ahamiyatini ham yuqori baholagan boʻlsa, boshqalar Niko O'Raylining istiqbolini alohida taʼkidlamoqda. Shunga qaramasdan, koʻpchilik ovozlar aynan oʻzbekistonlik himoyachi tomon ogʻmoqda.
Eʼtiborlisi, Abduqodir Husanov joriy mavsumda “Manchester Siti” safida oyning eng yaxshi futbolchisi sovrinini ikki marta qoʻlga kiritgan yagona oʻyinchi hisoblanadi. U yanvar va mart oylarida bu eʼtirofga sazovor boʻlgan.
Qisqasi, muxlislar fikriga qaraganda, aprel oyida ham sovrin aynan Husanovga nasib etishi kutilmoqda. Agar bu amalga oshsa, u jamoadagi eng barqaror va muhim futbolchilardan biri sifatida oʻz mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Intriga saqlanmoqda, lekin trend aniq: muxlislar tanlovini allaqachon qilgandek.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!