date

Abramov kechagi magʻlubiyat sabablarini ochdi, jamoada muammolar bor...

Abramov kechagi magʻlubiyat sabablarini ochdi, jamoada muammolar bor...

Oʻzbekiston Superligasining 10-turidan oʻrin olgan "Andijon" — "Dinamo" Samarqand (2:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov ishtirok etdi va oʻyin hamda jamoadagi holat yuzasidan ochiq fikr bildirdi.

Murabbiy, avvalo, magʻlubiyatga sabab boʻlgan omillar haqida toʻxtalib, jamoa yana bir bor oʻz xatolari qurboniga aylanganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, “Dinamo” yaxshi oʻyin namoyish etgan boʻlsa-da, qoʻpol xatolar natijasida gollar oʻtkazib yuborgan.

«Uchrashuv haqida koʻp gapirish qiyin. Bu holat birinchi marta emas. Biz xatolar qilayapmiz va shu sabab magʻlubiyatga uchrayapmiz», — dedi Abramov.

Murabbiyning taʼkidlashicha, jamoa hisobni ochgandan keyin ham ustunlikni saqlab qola olmagan. Aksincha, oʻyin tashabbusini raqibga berib qoʻyib, qisqa vaqt ichida ikki gol oʻtkazib yuborgan.

Shuningdek, u oʻyinning soʻnggi daqiqalarida jamoa muvozanatni yoʻqotganini tan oldi. Bu holatni u jismoniy tayyorgarlik va toliqish bilan izohladi. Ayniqsa, markaziy himoyadagi xatolar natijaga salbiy taʼsir koʻrsatgan.

Maydon holati haqidagi savolga javob bergan mutaxassis buni bahona sifatida koʻrsatmadi:
«Raqib ham shu maydonda oʻynadi. Biz yomon oʻynamadik, lekin xatolarga yoʻl qoʻydik va yutqazdik», — deya taʼkidladi u.

Matbuot anjumanida jamoadagi ichki muammolar ham ochiq aytib oʻtildi. Abramov ayrim futbolchilarning ruhiy holati yaxshi emasligini, bu esa moliyaviy qiyinchiliklar bilan bogʻliq ekanini yashirmadi.

«Oʻyinchilarni tushunaman. Uzoq vaqt maosh olmaslik ruhiy holatga taʼsir qiladi. Kimdir ketmoqchi, kimdir ikkilanyapti», — dedi u.

Murabbiy ayrim futbolchilarning jamoani tark etganini ham tasdiqladi. Xususan, legionerlar va mahalliy oʻyinchilar moliyaviy muammolar sabab ketishga qaror qilgan.

Qisqasi, “Dinamo”dagi muammolar faqat maydon bilan cheklanib qolmayapti. Jamoadagi ichki vaziyat ham natijalarga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Agar bu masalalar tez orada hal etilmasa, natijalar yanada ogʻirlashishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Abramov kechagi magʻlubiyat sabablarini ochdi, jamoada muammolar bor...