Alan Shirer PSJ - "Bavariya" oʻyinini "yangi nafas baxsh etdi" deb baholadi

Yevropa futboli markazida kechgan UEFA Chempionlar Ligasi yarimfinalining ilk bahsi haqiqiy shouga aylandi. PSJ hamda "Bavariya" oʻrtasidagi gollarga boy va keskin kurashlarga toʻla uchrashuv 5:4 hisobida parijliklar foydasiga yakunlandi.
Mazkur bahs nafaqat muxlislar, balki futbol mutaxassislarini ham befarq qoldirmadi. Jumladan, Alan Shirer ushbu oʻyindan olgan taassurotlarini ochiq bayon qildi.
Uning fikricha, bu uchrashuv zamonaviy futbolda kam uchraydigan, hujumga yoʻnaltirilgan va dinamikaga boy oʻyinlardan biri boʻlgan:
«Qanday ajoyib manzara! Qaysi futbolchi toʻpni qabul qilmasin, darhol oldinga intilyapti. Soʻnggi vaqtlarda ancha passiv futbolni koʻrdik. Ammo bu oʻyin — goʻyo yangi, toza havodek taʼsir qildi», — deya uning soʻzlarini BBC keltirmoqda.
Darhaqiqat, uchrashuv davomida har ikki jamoa ochiq va hujumkor uslubda harakat qildi. Har bir epizodda tezkor qarorlar, yuqori bosim va keskin vaziyatlar kuzatildi. Bu esa oʻyinni tomoshabop va unutilmas qildi.
Endilikda barcha eʼtibor javob uchrashuviga qaratilgan. Ikkinchi bellashuv 6 may kuni Myunxen Arenada boʻlib oʻtadi va bu oʻyin ham shiddatli kurashlarga boy boʻlishi kutilmoqda.
Qisqasi, PSJ va "Bavariya" oʻrtasidagi bu toʻqnashuv futbol muxlislariga haqiqiy emotsiyalar ulashdi. Shirer taʼbiri bilan aytganda, bu oʻyin futbolga yangi nafas baxsh etgan bahslardan biri boʻldi.