date

Kompani PSJga qarshi magʻlubiyatdan keyin finalga chiqishga ishonishini aytdi

Kompani PSJga qarshi magʻlubiyatdan keyin finalga chiqishga ishonishini aytdi

Yevropa futbolidagi eng nufuzli musobaqa — UEFA Chempionlar ligasi yarimfinalidagi keskin bahsdan soʻng "Bavariya" bosh murabbiyi Vensan Kompani oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. U PSJga qarshi 4:5 hisobidagi magʻlubiyatdan keyin ham jamoasining imkoniyatlariga ishonayotganini taʼkidladi.

Maʼlumki, Kompani mazkur uchrashuvni diskvalifikatsiya sabab maydon chetidan, tribunadan turib kuzatishga majbur boʻldi. Uning aytishicha, oʻyin tomoshabinlar uchun haqiqiy shouga aylangan.

«Bunday oʻyinni kuzatish, albatta, qiziq. Lekin men uchun eng yaxshi joy bu emas. Bu futbolni sevuvchilar uchun ajoyib bellashuv boʻldi», — dedi murabbiy.

Kompani, ayniqsa, javob uchrashuvida jamoasining imkoniyatlari saqlanib qolganini urgʻuladi. Uning fikricha, “Bavariya” oʻz maydonida butunlay boshqacha oʻyin namoyish etadi.

«Biz hech qachon taslim boʻlmaymiz. Germaniyadagi muhit mutlaqo boshqacha boʻladi. Raqib bizning uyga keladi va biz barcha kuchimizni ishga solamiz. Kerak boʻlsa, maydonda oxirigacha kurashamiz», — deya ishonch bildirdi mutaxassis.

Murabbiyning taʼkidlashicha, hatto hisob 2:5 boʻlgan vaziyatda ham jamoada qoʻrquv boʻlmagan. U oʻzini pessimist deb hisoblamasligini, hatto kichik imkoniyat qolgan taqdirda ham natijani oʻzgartirish mumkinligiga ishonishini aytdi.

«Agar hatto 1 foiz imkoniyat boʻlsa ham, barchasi oʻzgarishi mumkin. Biz ishonamiz. Hozir ustunlik raqib tomonida, ammo javob oʻyinida gʻalaba qozonishga majburmiz», — dedi Kompani.

Qisqasi, “Bavariya” uchun hali hammasi yoʻqotilgan emas. Endi barcha eʼtibor — Myunxendagi javob uchrashuviga qaratilgan. Muxlislar esa yana bir dramatik va kurashlarga boy oʻyinni intiqlik bilan kutishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Kompani PSJga qarshi magʻlubiyatdan keyin finalga chiqishga ishonishini aytdi