Ahmedov gʻalabani izohladi: "Andijon"ning xarakteri oʻyinni hal qildi...

Oʻzbekiston Superligasining 10-turida "Andijon" oʻz maydonida "Dinamo" Samarqandni 2:1 hisobida magʻlub etganidan soʻng matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoa bosh murabbiyi Islom Ahmedov ishtirok etdi. Mutaxassis qiyin kechgan bahs, taktik qarorlar va jamoadagi muhit haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Ahmedov, avvalo, gʻalaba osonlikcha qoʻlga kiritilmaganini taʼkidlab, raqib jamoaning salohiyatiga yuqori baho berdi:
«Bugungi natija bilan barcha muxlislarimizni, viloyat rahbariyatini tabriklayman. “Dinamo”da yaxshi tanlangan futbolchilar bor, tajribali murabbiy ishlayapti. Oʻyin qiyin kechishini bilgandik. Yigitlarimiz xarakter koʻrsatib, ikkinchi boʻlimda natijani oʻzgartira oldi», — dedi u.
Murabbiy jamoadagi har bir insonning hissasini alohida qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, gʻalabalar faqat futbolchilar emas, balki ortida turgan barcha xodimlar mehnati samarasidir.
Taktik masalaga toʻxtalar ekan, Ahmedov jamoa raqibga moslashishdan koʻra oʻz uslubini shakllantirishga urgʻu berayotganini aytdi. Ichki raqobat kuchaytirilgan va kim yaxshi formada boʻlsa, oʻsha maydonga tushmoqda. Bu yondashuv oʻz samarasini berayotgani qayd etildi.
Zaxiradan tushgan futbolchilarning hal qiluvchi rol oʻynagani haqidagi savolga murabbiy alohida eʼtibor qaratdi:
«Biz ularga senlar ham asosiy tarkib futbolchisisan deb ishonch beramiz. Ikkinchi boʻlimda oʻyinni kuchaytirishlari kerakligini tushuntiramiz. Shuning uchun maydonga chiqqan har bir futbolchi borini beryapti», — dedi u.
Oʻyin davomidagi qiyinchiliklarga kelsak, murabbiy futbolchilarda biroz toliqish kuzatilganini tan oldi. Shu bilan birga, birinchi boʻlimda bosim tufayli jamoa oddiyroq oʻynashga harakat qilgan. Tanaffusda esa futbolchilarga erkin harakat qilish va xato qilishdan qoʻrqmaslik kerakligi aytilgan.
Maydon holatiga ham toʻxtalgan Ahmedov bu holat ular uchun ham kutilmagan boʻlganini bildirdi. Chunki jamoa asosan toʻp nazorati va paslar orqali oʻynashga moslashgan.
Shuningdek, ayrim futbolchilarning holati haqida ham maʼlumot berildi. Golban jarohatdan tiklanish jarayonida ekani, Boltaboyev esa yaxshi holatda ekani aytildi.
Murabbiy muxlislar taʼsiriga ham alohida urgʻu berdi:
«Bunday muxlislari bor jamoa doim gʻalaba qozonishi kerak. Bosim bor, lekin bu bosim bizga kuch ham beradi. Ikkinchi boʻlimda muxlislar qoʻllab-quvvatlagan sari jamoa yanada ruhlandi», — dedi Ahmedov.
Qisqasi, “Andijon” bu oʻyinda nafaqat taktika, balki xarakter va jamoaviylik hisobiga gʻalabaga erishdi. Jamoadagi ichki muhit va ishonch esa natijalarda oʻz aksini bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!