Kloze Messi va Mbappe uning rekordini yangilashiga ishonmoqda

Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Kloze jahon chempionatlari tarixidagi eng sermahsul futbolchi sifatidagi rekordi uzoq ushlanib qolmasligini aytdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kloze to'rtta mundialda maydonga tushib, jami 16 ta gol urgan. Hozir faol futbolchilar orasida unga eng yaqin ko'rsatkich Lionel Messi (13 gol) va Kilian Mbappe (12 gol) hisobida.
«Mening jahon chempionatidagi gollar rekordim tez orada yangilanadi. Buni 2026 yilda Messi amalga oshirishi mumkin, yoki Mbappe 2026 yoxud 2030 yillarda. Men Leoni juda yoqtiraman va agar u faoliyatini davom ettirsa, eng yaxshisini tilayman. Mbappening ham iste'dodi aqlbovar qilmas darajada. Umid qilamanki, ikkalasi ham sog'lom bo'ladi va maksimum darajasini ko'rsatadi. Baribir, hozircha eng yaxshi statistika menda va yarim finalda to'rt marta o'ynagan yagona futbolchiman», — deya Klozening so'zlarini keltiradi Bild.
Eslatib o'tamiz, Messi 2022 yil Qatar mundialida chempion bo'lgan, Mbappe 2018 yilda Rossiyada kubokni qo'lga kiritgan, Kloze esa 2014 yil Braziliyada Germaniya bilan birga g'oliblikni nishonlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!