TQOCh sanksiyalarni bekor qilsa, FIFA va UEFAga ham taʼsir qiladi

Futbol eksperti Aleksandr Tochilin «Yevro-Futbol.Ru» nashriga bergan eksklyuziv intervyusida FIFA prezidenti Janni Infantinoning Rossiya jamoalariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish haqidagi fikrlari, shuningdek, TQOCh Rossiya sportiga qo‘yilgan barcha sanksiyalarni yaqin orada olib tashlashi mumkinligi haqida OAVda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Tochilinning aytishicha, bunday qarorga ishonishni istaydi, chunki bu mavzu uzoq vaqtdan beri muhokamada. Unga ko‘ra, Rossiyaga nisbatan izolyatsiyani tugatish uchun Yevropadan prinsipial qadam kerak, qolaversa, Rossiyasiz yirik musobaqalarning intriga va ommabopligi pasayishini ular ham tushunadi.
Infantino Rossiya jamoalarining chetlatilishini «maʼnosiz» deb atagani haqida gapirar ekan, Tochilin bu holat dunyodagi vaziyat va Rossiyaga nisbatan ikki xil standartlar mavjudligini ko‘rsatishini taʼkidladi. Shu bilan birga, u vaqt o‘tishi bilan ko‘pchilik taqiqning o‘zi mantiqsiz ekanini anglab yetayotganini qayd etdi.
Ekspert TQOCh sanksiyalarni olib tashlasa, bu futbolga ham bevosita taʼsir qilishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, bunday qadam «zanjirli reaksiya»ni boshlab beradi: katta tashkilot pretsedent yaratadi va keyinroq boshqa institutlar ham o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.
Infantinoning kelajakda siyosat sabab jamoalarni musobaqalardan chetlatishni qonunan taqiqlash kerakligi haqidagi taklifini Tochilin sportning asosiy shiori siyosatdan xoli bo‘lishi kerakligi bilan izohladi. U Rossiyaga nisbatan qabul qilingan qarorlar aynan shu tamoyilga zid kelayotganini eslatdi.
OAVda FIFA aprel oyidagi kongressida Rossiyaning xalqaro turnirlarga to‘liq qaytishi masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligi yozilmoqda. Tochilin bunday muddatlarda qaytish ehtimolini inkor etmadi va bu gaplar bekorga paydo bo‘lmayotganini, endi ijobiy ssenariy haqida o‘ylash mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, u Rossiya qaytgan taqdirda ham ayrim raqiblar maydonga chiqishdan bosh tortishi mumkinligini tan oldi. Bunday vaziyatda reglamentga muvofiq intizomiy choralar qo‘llanishi, jumladan texnik mag‘lubiyat berilishi boshqa jamoalarga ham signal bo‘lishini va bunday demarshlar oxir-oqibat o‘zlariga zarar keltirishini taʼkidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!