Jezush Ronalduga dam berdi va u maydonga tushmaydi

«Al-Nasr» bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronaldu nega navbatdagi uchrashuvni o‘tkazib yuborishini izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasida «Arkadag»ga qarshi maydonga tushadi. Portugaliyalik yulduz hujumchi yaqin orada safga qaytishi kutilayotgan bo‘lsa-da, bu o‘yinda ham jamoaga yordam bera olmaydi.
Jezushning ta’kidlashicha, tig‘iz taqvim sabab Ronaldu va asosiy tarkibdagi yana bir nechta futbolchiga dam berish qarori qabul qilingan. Murabbiy buni chempionatdagi muhim «Al-Fateh»ga qarshi bahs oldidan zarur choraga aylanganini aytdi.
«Al Nassr Zone» keltirgan iqtibosda Jezush Ronalduga dam berish yangilik emasligini, u Saudiya Arabistonidan tashqarida o‘tkaziladigan uchrashuvlarda avval ham bir necha bor ishtirok etmaganini eslatgan.
Saudiya chempionatida «Al-Fateh» — «Al-Nasr» uchrashuvi shanba, 14 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!