Husanov porlamoqda: “Manchester Siti” chempionlikka yana yaqinlashdi

Angliya Premer-ligasining 34-turida "Manchester Siti" safarda "Byornli" ustidan minimal — 1:0 hisobida muhim gʻalabani qoʻlga kiritdi. Ushbu natija “shaharliklar” uchun oddiy uch ochkodan ancha koʻproq ahamiyat kasb etdi — jamoa yana chempionlik poygasining markaziga qaytdi.
Yaqingacha turnir jadvalida yetakchilikni mustahkam ushlab turgan "Arsenal"dan toʻqqiz ochko ortda borayotgan Gvardiola shogirdlari qisqa vaqt ichida bu farqni bartaraf etdi. Endi esa chempionlik taqdiri faqat Xosep Gvardiola boshchiligidagi jamoaning oʻz qoʻlida — har bir oʻyin final kabi ahamiyatga ega.
Angliya futboliga ixtisoslashgan cityxtra.co.uk manbasi tahlilchilari “Siti”ning aynan mavsumning hal qiluvchi pallasida namoyon etayotgan barqaror oʻyinini alohida tahlil qildi. Ularning fikricha, bu muvaffaqiyatlarda oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov asosiy figuralardan biriga aylanib bormoqda.
Ekspert Enso Kriger taʼkidlaganidek, Husanov har bir uchrashuvda avvalgisidan ham ishonchli va barqaror oʻyin koʻrsatmoqda. “Byornli”ga qarshi bahsda u raqibning qarshi hujumlarini tez va aniq bartaraf etdi, havodagi kurashlarda ustunlik qildi hamda uzoq uzatmalarda hech qanday qiynalmadi.
Shu bilan birga, himoyachi nafaqat orqa chiziqda, balki hujum qurishda ham oʻz salohiyatini namoyon etdi. Uning tezkor harakatlari va oldinga chiqishlari jamoa uchun yangi hujum imkoniyatlarini yaratdi. Bunday universal oʻyin uslubi uni oddiy himoyachidan koʻra ancha yuqori darajadagi futbolchiga aylantirayotgani aniq.
Husanovning oʻyinni oʻqish qobiliyati, toʻgʻri qaror qabul qilishi va bosim ostida ham xotirjam harakat qilishi uni “Siti” himoyasining asosiy ustunlaridan biriga aylantirmoqda. U keraksiz riskka bormaydi, biroq jamoa manfaati uchun har qanday vaziyatda oʻzini ayashni bilmaydi.
Qayd etish joiz, Mark Gexi bilan birgalikda Husanov himoya chizigʻida mustahkam duet hosil qilgan. Gvardiola ham aynan shu ikki futbolchining ishonchli oʻyini jamoaga eng qiyin pallalarda katta yordam berayotganini alohida taʼkidlagan edi.
Statistika ham bu fikrlarni tasdiqlaydi: joriy mavsumda Husanov barcha musobaqalarda 33 ta uchrashuvda ishtirok etdi. 22 yoshli legionerning aksariyat bahslarni asosiy tarkibda boshlashi va toʻliq oʻynab berishi uning jamoadagi ahamiyati qanday yuqori ekanini koʻrsatadi.
Qisqasi, “Manchester Siti”ning chempionlik kurashiga qayta jonlanishi ortida nafaqat hujumchilar, balki aynan himoya chizigʻidagi temir intizom va ishonchli oʻyin turibdi. Va bu hikoyada Abduqodir Husanov allaqachon asosiy qahramonlardan biriga aylanib ulgurdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!