Jezush Ronalduning navbatdagi o'yinni o'tkazib yuborishini aytdi

"Al-Nasr" bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronaldu nega yaqinlashib kelayotgan uchrashuvda maydonga tushmasligini izohlab berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasida "Arkadag"ga qarshi bahs olib boradi. Portugaliyalik hujumchi boykotdan so'ng tez orada qaytishi kutilayotgandi, ammo bu o'yinda u yana qaydnomaga kiritilmadi.
Jezushning ta'kidlashicha, zich taqvim sabab Ronaldu va asosiy tarkibdagi bir qator futbolchilarga dam berish haqida qaror qabul qilingan. Murabbiy oldinda "Al-Fateh"ga qarshi muhim bellashuv turganini alohida urg'uladi.
Shuningdek, u Ronalduning Saudiya Arabistonidan tashqarida o'tadigan o'yinlarni vaqti-vaqti bilan o'tkazib yuborishi yangilik emasligini, bu holat avval ham bir necha bor kuzatilganini eslatdi.
Saudiya chempionati doirasidagi "Al-Fateh" — "Al-Nasr" uchrashuvi shanba, 14-fevral kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!