Jezush Ronalduning keyingi o'yinda dam olishini aytdi

“Al-Nasr” bosh murabbiyi Jorje Jezush Krishtianu Ronaldu nega yaqinlashib kelayotgan bahsda maydonga tushmasligini izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ar-Riyod klubi chorshanba kuni OFK Chempionlar ligasi doirasida “Arkadag”ga qarshi o'ynaydi. Portugaliyalik yulduz hujumchining yaqin orada yana safga qaytishi kutilayotgani aytilayotgan bo'lsa-da, bu uchrashuvda u yana tarkibda bo'lmaydi.
Jezushning ta'kidlashicha, jamoaning tig'iz taqvimi sabab Ronaldu va asosiy tarkibdagi bir qator futbolchilarga dam berish qarori qabul qilingan. Murabbiy oldinda “Al-Fateh”ga qarshi muhim o'yin borligini ham eslatib o'tdi.
Shuningdek, u Ronalduning Saudiya Arabistonidan tashqarida o'tadigan uchrashuvlarni o'tkazib yuborishi yangilik emasligini, bu holat avval ham bir necha bor kuzatilganini qo'shimcha qildi.
Saudiya chempionatidagi “Al-Fateh” — “Al-Nasr” uchrashuvi shanba, 14-fevral kuni bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!