Javohir Sindarov dunyoni hayratda qoldirmoqda: Karuana taslim etildi!

Kiprning Pafos shahrida o‘tkazilayotgan Nomzodlar turniri o‘zbek shaxmati uchun haqiqiy bayramga aylandi. Hamyurtimiz Javohir Sindarov jahon shaxmat tojining asosiy daʼvogarlaridan birini mag‘lub etdi.
Musobaqaning 4-turida oq donalarda harakat qilgan Javohir Sindarov turnir peshqadamlaridan biri, tajribali amerikalik grossmeyster Fabiano Karuanaga qarshi bahs olib bordi. Shiddatli kechgan intellektual jangda hamyurtimiz raqibini mot qilib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Yakka peshqadam va reyting rekordi
Ushbu g‘alabadan so‘ng Javohir 4 imkoniyatdan 3,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yakka peshqadamga aylandi. Ammo eng katta yangilik «Live Rating» jadvalida yuz berdi.
Karuana ustidan qozonilgan g‘alaba Javohirga 14.2 reyting ochkosini taqdim etdi. Natijada, Sindarov dunyo reytingida bir yo‘la 6 pog‘onaga yuqorilab, jahonning 6-raqamli shaxmatchisiga aylandi! Ayni damda uning reytingi 2759.2 ochkoni tashkil etmoqda, bu uning faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Kuchli oltilikda ikki o‘zbekistonlik
Quvonarlisi shundaki, dunyoning eng kuchli 6 nafar shaxmatchisi ro‘yxatida endi ikki nafar vakilimiz bor:
- Nodirbek Abdusattorov — 2780.3 ochko bilan 4-o‘rinda;
- Javohir Sindarov — 2759.2 ochko bilan 6-o‘rinda.

Bunday natija o‘zbek shaxmati tarixida ilgari kuzatilmagan voqelik bo‘lib, mamlakatimizning "shaxmat davlati" sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi.
Futboldan shaxmatgacha zafarlar
Eslatib o‘tamiz, vakillarimiz nafaqat shaxmat taxtasida, balki yashil maydonlarda ham zafar quchishmoqda. Yaqindagina milliy terma jamoamiz Venesuelani mag‘lub etganida, Lotin Amerikasi nashrlari o‘zbek sportining qudratiga tan berishgan edi. Bugun esa navbat shaxmatga kelib, Sindarov jahon gigantlarini “taslim” qilmoqda.
Aziz o‘quvchilar, Javohir Sindarovning bunday shiddatli yurishini qanday baholaysiz? Sizningcha, u Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib, jahon chempioni unvoni uchun kurashish huquqini qo‘lga kirita oladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!