Ko‘pincha, ayniqsa, terma jamoamiz biror muvaffaqiyatsizlikka uchraganda, muxlislar va jurnalistlar tomonidan avlodlar almashinuvini amalga oshirish, yoshlarga ko‘proq imkoniyat berish kerakligi haqidagi talablar ko‘payib qoladi. Masalan, terma jamoamiz 2010 yilgi jahon chempionati saralashini boy bergach, Jeparov, Kapadze, Geynrix kabi «qariya»larning davri o‘tgani, ularning o‘rniga, ana, Misrdagi yoshlar o‘rtasidagi mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Ahmad Ubaydullaev jamoasidagi kelajagi porloq yoshlarni o‘ynatish foydali bo‘lishini ko‘p gapirishgandi. Qizig‘i, oradan etti yil o‘tibdiki, o‘sha Jeparov-u Geynrixlar navbatdagi saralashlarda javlon urishmoqda, Ubaydullaev yoshlaridan esa, asar ham qolmadi.
Xo‘sh, unda savol tug‘iladi, avlodlar almashinuvi zaruriy extiyojmi? Terma jamoada to‘p surish uchun pasportdagi yosh qanchalik ahamiyatga ega bo‘lishi kerak?
O‘zbekiston terma jamoasida avlodlar almashinuvi so‘nggi marta taxminan o‘n yillar oldin amalga oshirilgandi. O‘sha paytdagi bosh murabbiy Rauf Inileev Ahmedov, Denisov, Hasanov, Ismoilov, Haydarov kabi yosh futbolchilarni jalb qilgan va aynan mana shu guruh hozirgacha terma jamoamizning asosini tashkil qilib bormoqda. Shu o‘tgan davr mobaynida terma jamoamizda avlodlar almashtirishga extiyoj bormidi, degan savolni qo‘yish mantiqsiz, zero bugungi kunda bu futbolchilardan ustunroq yoshlarni ko‘rmayapmiz. Balki oradan o‘n yil o‘tib, men yoki menga o‘xshagan bir jurnalist o‘sha paytdagi terma jamoamiz etakchilari Masharipov, Rashidov, Sergeevlarni misol keltirib, aynan shu futbolchilarning terma jamoadagi debyuti haqida hikoya qilishimiz, bu davrning terma jamoamizda o‘ziga xos avlodlar almashinuvi bo‘lib o‘tganini aytishimiz mumkin. Ammo aslida unday emas. to‘g‘rimi?
O‘sha Inileev yoshlarga o‘rin bergan 2007 yillarda ham, tarkibda Jeparov, Geynrix, Kapadze, Shaskix, Aliqulov kabi tajribaliroq futbolchilar bo‘lgan va terma jamoa deganda aynan o‘sha futbolchilar tushunilgan. Ahmedovga biz bugunning ko‘zi bilan qarayapmiz, ammo aslida o‘shanda Ahmedovning terma jamoa etakchisiga aylanib borishi asta sekinlik bilan boshlangan va bir necha yil talab qilgan.
Avlodlar almashish deganda aynan Inileev davrining osonlik bilan tilga olinishida boshqa sabab bor – Inileev terma jamoamiz murabbiylari orasida birinchi bor Mirjalol Qosimovsiz jamoa tuzishga majbur bo‘lgandi. Qosimov – terma jamoamiz tarixida alohida o‘rin tutadigan futbolchi, uning futboldan ketishi, o‘z o‘zidan terma jamoadagi tamomila yangilanishni taqozo qilardi. Xuddiki, «Barselona» etti yildan buyon bir necha futbolchilarni almashtirgan bo‘lsa-da. to Messi ketmaguncha, bu jamoani «yangilandi» deb bo‘lmaganidek.
Aytmoqchimanki, avlodlar almashinuvi ko‘proq tabiiy jarayon hisoblanadi. Terma jamoada doim yoshidan qat’i nazar eng kuchli futbolchilar to‘p surishi kerakligi – butun dunyoda o‘zgartirilmagan tabiiy qoida va bunga hamma amal qiladi. Go‘yoki, yangi Angliya terma jamoasini qurayotgan Garet Sautgeyt misol uchun, Prem’er Ligada gol urishda davom etayotgan 35 yoshli Jermeyn Defoni yana terma jamoaga qaytarishga majbur bo‘ldi. O‘sha qoida ishlayapti. Murabbiydan natija talab qiladigan har qanday futbol jamoatchiligi maydonga tushgan futbolchining yoshini ro‘kach qilmasligi kerak – murabbiy natijaga javob berdimi, demak tarkibni atnlash huquqi to‘laqonli uniki bo‘lishi shart.
Ammo umumiy holat tahlil qilinganda, ayniqsa, Osiyo sharoitida sun’iy tarzda avlodlar almashinuvini amalga oshirish o‘zini oqlashi mumkin.
Farqini tushuntiraman. Masalan o‘sha Sautgeyt bugun Defoni jalb qilib, jahon chempinonati saralashidagi konkret bir raqibni engadi. Ertaga, Rossiyadagi mundialga ketish oldidan Defo futbol bilan xayrlashishi yoki yoshi yana bir yoshga ulg‘ayib, sport formasi pasayishi mumkin. Sautgeyt Defoni o‘rniga, APL da qatnashayotgan yoshroq, masalan, Reshfordni olib ketadi. Masala hal. Defo ham, Reshford ham bir xil chempionatda, bir xil yuklamalar asosida o‘ynab kelayotgan bo‘ladilar. Reshfordga o‘z klubida qo‘yilayotgan yuklama Angliya terma jamoasidan mundialda talab qilinadigan yuklamadan keskin farq qilmaydi. O‘sha qilib yurgan ishini maydonga tushib hal qilishi kerak, tamom.
Bu tomondan, Evropa, yoki bir necha o‘yinchisi kuchli klublarda to‘p suradigan kuchliroq terma jamoalarda muammo yo‘q, avlodlar almashinuvini sun’iy ravishda o‘ylash, Reshfordga bir necha yil oldindan tajriba to‘plashga imkoniyat berish haqida qayg‘urish shart emas. Reshford o‘sha tajribani klublar miqyosidagi musobaqalarda ham to‘plab, saviyasini o‘stirib borayotgan bo‘ladi.
Mana shu tarafdan qaraganda, Osiyo terma jamoalarida muammo bor. Biz hozir Geynrixni maydonga tushirib yuraveramiz. Ertaga Geynrix futbolni tark etganda, uning o‘rniga boshqa biror o‘zbek hujumchini tushirishimiz kerak bo‘ladi. O‘sha Geynrixning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan hujumchida esa xalqaro tajriba bo‘lmaydi – uning ko‘rgani shu «Olmaliq», « Metallurg» kabi jamoalar xolos. Terma jamoada ham o‘ynamagan, chunki, o‘sha qoida, maydonga kuchlilar tushishi kerak, deyilganidek, Geynrix kuchliroq bo‘lgani uchun, u tushgan. Paradoks.
Natijada, Mirabror Usmonov «Biz murabbiydan jahon chempionatiga chiqish vazifasini emas, yoshlarga imkon berishni talab qilgandik» deya oladi. Go‘yoki, bu ikki vazifa bir-biriga halaqit beradigan ikki yo‘nalishdek ko‘rinadi. Rostanam, murabbiydan natija talab qilgandan keyin, qanday qilib, yoshlar bilan o‘yna, deyish mumkin?
Avlodlar almashinuvini sun’iy tarzda amalga oshirishga extiyoj sezar ekanmiz, avvalo bu jarayonni faqat, biror muvaffaqiyatsizlikdan keyin paydo bo‘ladigan ayuhannos maqomidan, aniq va puxta ishlangan reja darajasiga olib chiqishni bilishimiz lozim. Bu jarayonni aniq belgilangan yo‘nalishda amalga oshirilishi ikki holatda ro‘y beradi, menimcha.
Birinchisi, MURABBIY STRATEGIYaSI ASOSIDA.
Aytaylik, Osiyo chempionati arafasida kelgan bosh murabbiy keyingi jahon chempionatigacha ishlashini va unga berilgan asosiy vazifa jahon chempionatiga olib chiqish ekanini aniq biladi. O‘z o‘zidan ushbu murabbiy vaziyatni, terma jamoaning holatini, olimpiya va yoshlar terma jamoalarini o‘rganadi, tahlil qiladi va reja tuzadi. U o‘ziga asosiy maqsad qilib, jamoasining jahon chempionati saralashining hal qiluvchi bosqichida eng yuqori formaga va kuchga ega bo‘lishini ta’minlashni belgilab oladi.
Xo‘sh, Qatar-2022 ga chiqish uchun 2021 yildagi saralash o‘yinlariga strategiya belgilagan murabbiy, o‘sha paytda pasportdagi yoshi 37 bo‘ladigan Aleksand Geyrixni Osiyo chempionatida olib boradimi? Yo‘q, albatta.Aslida Geynrix tarkibdagi barcha hujumchilardan kuchliroq bo‘lishi mumkin, Osiyo chempionatida ko‘proq foyda keltirishi mumkin, murabbiy buni juda yaxshi tushunib turishi mumkin – ammo, u Sergeevni tanlaydi. Yuqorida aytganimiz, maydonga eng kuchlilar tushishi kerakligi haqida prinsipning ishlamayotgani bu holatda u qadar noto‘g‘ri emas. Bosh murabbiy o‘z maqsadlarini belgilab olgan va qaysi turnir asosiy, qaysi turnir unga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi, hammasini belgilab olgan, o‘sha prinsiplar asosida o‘z yo‘nalishini belgilab olgan. U uchun Osiyo chempionati tayyorgarlikning bir bosqichidir, asosiy o‘yinlarda 37 yoshda bo‘ladigan Geyrixni o‘sha musobaqalar uchun tayyorlashdan mantiq yo‘q.
Men o‘sha murabbiyni tushunaman. Lekin hozir nega Geynrix tushyapti, yoshlar tushmayapti deb savol beradiganlarni tushunmayman. Xo‘sh, murabbiyimiz, o‘sha oldingi yillarda yuqorida aytib berganim, reja asosida ishlagandimiki, hozir Geyrixdan norozi bo‘lsam? Avvalgi Osiyo chempionatlarida yoki saralashning avvalgi bosqichlarida, o‘sha Geynrix jarimadan natijalar olib kelayotgan bir paytda berilishi kerakmasmidi, bu savol? Bugun-ku, Geynrix qutqaryapti, ertagachi? Raqiblar kuchsizroq bo‘lgan paytda, kuchliroq raqiblar uchun poydevor yaratib borsak, bo‘lmaydimi, deb o‘sha paytda so‘ralishi, mantiqliroq bo‘lmasmidi?
Bosh murabbiyni ayblashdan yiroqman. Ishonmasangiz, shu bo‘limning dastlabki jumlasini o‘qing – murabbiy qachongacha ishlashini, undan nima talab qilinishini aniq bilishi va o‘sha reja asosida ishlashi kerak. Ana o‘shandagina, u 3-4 yillik reja asosida ishini atshkil qilishga extiyoj sezishi mumkin. Bizda esa, murabbiy har qanday holatda iste’foga chiqarilishi mumkin. Shuning uchun ham bizda murabbiylar avvalo, joriy, hozirgi paytdagi natija uchun jon beradilar. Yoshlarning tushirilishi, avlodlar almashinuvi kabi aslida avvaldan belgilanishi kerak bo‘lgan strategiyalar oxirida baxona sifatida yangraydi xolos.
Demak chin ma’nodagi va rejalashtirilgan avlodlar almashinuvining ro‘y berishiga to‘sqinlik qiladigan birinchi sabab – bosh murabbiyda bunday strategiya ishlab chiqish uchun malaka ham, vaqt ham bo‘lmasligi.
Ikkinchisi, O‘FF TAShABBUSI
Birinchi bo‘limdagi xulosa, bu erda boshlang‘ich vazifasini o‘taydi – terma jamoalar rahbariyatida ham bunday rejani tuzish va nazorat qilish uchun na malaka, na vaqt bor. Ular ham joriy natijalar ketidan quvadilar, ular uchun ham yoshlarning muvaffaqiyati deganda terma jamoadan o‘rin olib borishlari emas, tengqurlari ichida qandaydir mundialga borib kelishlari tushuniladi.
Buni shundan anglash mumkinki, aynan avlodlar almashinuvini amalga oshirishi kerak bo‘lgan davrlarda tayinlangan murabbiylar ushbu yo‘nalishga mutlaqo mos emas.
Mirjalol Qosimov yaxshi seleksioner murabbiy. Uning jamoalari hech qachon ma’lum saviyadan pasayib ketmaydi. U terma jamoaga jalb qilgan futbolchilar ko‘pincha o‘zlarini oqlaydilar. Ya’ni Qosimov, eng avvalo, tayyor futbolchilarni tarkibga jalb qila olishi va o‘yinlarda asosiy tarkibni tanlay olishi bilan muvaffaqiyatlidir. Qosimov uchun futbolchining individual mahorati, minimal texnik talablarni amalga oshira olishi muhim. U yiqqan har qanday jamoa bilan boshqa har qanday murabbiy muvaffaqiyat qozonishi mumkin. U yaxshi deb bilgan futbolchi har qanday jamoada va hari qanday usulda yaxshi o‘ynab keta oladi. Uning futbolchilik davridagi katta tajribasi aynan mana shu xislatida namoyon bo‘ladi. Esingizda bo‘lsa, u futbolchilik davrida ham «Paxtakor»da bo‘lsinmi, «Krilya Sovetov»mi yoki terma jamoami, futbolchilarni jalb qilishda o‘ziga yarasha mehnat qilgan.
Vadim Abramov – taktik, nazariyotchi murabbiylar sarasiga kiradi. Qosimovning mutlaq teskarisi. Abramov uchun murabbiy-futbolchi bog‘lami muhim ahamiyat kasb etadi. U uchun futbolchining mahoratidan ham ko‘proq, murabbiy qarashlarini maydonda aks ettira olish hususiyatlari ahamiyatliroqdir. Shuning uchun Abramov qo‘l ostida yulduz bo‘lgan futbolchilar ham hatto, boshqa jamoada yoki boshqa murabbiyda umuman o‘ynay olmasliklari mumkin. Yoki boshqa jamoada yulduz bo‘lgan biror futbolchi Abramovga mos kelmasligi mumkin. Abramovning futbolchi sifatida katta tajribaga ega emasligi, futbolni asosan kitoblarda va kichik tajribalar yordamida o‘rgangani uni Qosimovdan farqlab turadi.
Samvel Babayan – menejer. U uchun eng avvalo, o‘zaro munosabatlar, ichki muhit, jamoaviy motivasiya eng muhimi. U futbol jamoasini ham, xuddiki biror idorani boshqargandek boshqaradi. Shuning uchun ham ma’lum vazifani bajarishda futbolchilar mahorati yoki belgilangan taktik sxema emas, futbolchilarning mehnatkashligi, tartibi, emosiyasi va ishga bo‘lgan munosabati muhim ahamiyat kasb etadi.
Seleksioner, Taktik va Menejer. Masalan, yuqorida aytganimdek, so‘nggi bor avlodlar almashinuviga majburiy tarzda bo‘lsa ham bel bog‘lagan Rauf Inileevga Ustoz deb ta’rif bergan bo‘lardim. Terma jamoani yoshartirish, avlodlar almashinuvini amalga oshirish aynan mana shu «Ustoz» xarakteridagi murabbiylar vazifasidir.
Aytmoqchimanki, terma jamoada rahbariyatida vaziyatga shu tomondan qarash, ya’ni terma jamoamizda avlodlar almashinuvini amalga oshirish rejasi bo‘lmagan ham. Bo‘lgan, deb tasavvur qilgan taqdirimizda ham, buni amalga oshirishga etarli malakalari bo‘lmagan. (Shunchaki, Qosimovga «Sen yoshlarga e’tibor ber» deb aytish bu reja ham, strategiya ham emas). Chunki bu jarayonni boshqarish, amalga oshirish uchun aynan qanday tipdagi murabbiy lozimligini bilishlari lozim edi. Ammo terma jamoamizdagi murabbiy tayinlash jarayoni mana shunday keng miqyosdagi ishlarni amalga oshirishga mos kelmagan.
Rahbariyat murabbiylarga etarlicha vaqt bermaslik orqali bu jarayonni murabbiy boshqarishi uchun ham sharoit yaratmagan, shuningdek, o‘zi boshqarib, mana shunday xarakterdagi murabbiyni topib olib kelmagan ham.
Oqibatlar va natijalar haqida emas, ko‘proq sabablar va asoslar haqida savol berishni boshlasak, menimcha, foydaliroq bo‘lardi. Chunki natija va oqibatlar o‘zimizga bog‘liq emas, omadni, hakamni, shtangani, raqibni baxona qilib turib ham qutulib qolishlari mumkin. Ammo sabablar va asoslarni yaratish esa, butunlayicha ularning vazifasi, natija va oqibatdan qat’i nazar bajarilishi kerak bo‘lgan ishlardir.
Shunday ekan, oddiygina bir o‘yinda Suriyadan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, «yoshlar qani?» deb hammani savolga tutishimizdan foyda yo‘q.
U holda yanada dahshatliroq bo‘ladi. Shunchaki, bir-ikki yoshlarni tushirib qo‘yib, «ana, yoshlarni sinab ko‘rib, kelajak uchun ishlayapmiz» degan javob bizning biror kunimizga yaraydimi keyin?
Manba: Maydon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”