12:02 / 21.06.2017
7 850

Diyor Imomxo‘jaev: Qasdmi yo xato?

Diyor Imomxo‘jaev: Qasdmi yo xato?
Kimsiz o‘zi? Murabbiy? Menejer? Ishbilarmon? Faylasuf? Tadbirkor?
Qo‘rqoqsiz. Ish jurnalistlardan boshlanganidayoq bilganman. Qo‘rqoq oldindan musht ko‘taradi va zarba tegib qolishi mumkin bo‘lgan nuqtalariga yumshoqroq nimadir qo‘yib oladi, qattiq og‘rimasin deb.
Qo‘rqoqlik o‘yin uslubida ham namoyon. Abduxoliqov aytganidek, qo‘rqoqroq taktika bu. Rashidov, Ahmedov, Jeparov, Shomurodov, Masharipov kabi gol isini sezadigan futbolchilar bilan himoyaga yotib oladigan uslubni ko‘rib keldik, Eron darvozasiga bitta ham aniq zarba bermadik. Shogirdlar ham andoza olganmi, bilmadim, uch daqiqada bahaybat stadiondan zambilda chiqib ketdi (jarohati chin bo‘lsa, dardini bergan shifosini ham beradi).

Mard odam armanlarning “Alashkert” degan jamoasidan yengilib yurganini ochiq tan oladi. Axborot olish 5 daqiqa bo‘lgan zamonda qo‘rqoqqa o‘xshab yashirib yurmaydi.

Ayyorsiz. Olimpiya terma jamoasini Rioga olib borolmaydigan murabbiy ishdan ketishi kerak edi. U esa qoldi. Jamoasini guruhdan olib chiqa olmay, butun Osiyoga sharmanda bo‘ldi va joyida qoldi.

Subutsiz inson bo‘lib chiqdi. Temurxo‘ja terma prinsiplariga to‘g‘ri kelmaydi deb turib, baribir chaqirishga majbur bo‘ldi. Qarasa, Sergeev gol uradigan emas, Abduxoliqov esa Qatarda gollar urib yotibdi. Didiga mos kelmaydigan o‘yinchi bo‘lganida, bir vaqtlar “Paxtakor”da qolishini o‘tinib so‘rarmidi?
Shorahmedov yakunda baribir termaga keldi. Subut bo‘lganida, Turkiya yoki Amirliklarda aylantirib yurgan bolalaridan kimnidir chaqirmasmidi? Akmal bechora chap qanotda ham o‘ynashga rozi bo‘laverdi. To‘xtaxo‘jaev xuddi shunday o‘ng qanotga o‘tgandi. Muhimi, o‘zining bolalari joyida o‘ynashi, qolgani bir gap bo‘lar…

Dallolsiz. Shunaqa taxminga asoslar bordek. Termaga tortmaydigan futbolchini unda reklama qilib, chet elga sotmoqchi bo‘lar balki. Yaxshi mol chiqib qolsa, termaga chaqirib, yo‘ldan urmoqchi bo‘larsiz balki. Pul ishlab qolishda, xullas.

Maddohlarni atrofiga to‘ldirib oladi. Biri termada ishlagani uchun unga rahmat aytish kerak degan iddao bilan chiqadi, boshqasi shaharning qoq markazida unga haykal o‘rnatishni istaydi. Rahmat aytayotgan til 2-3 yil oldin umuman boshqa mavzularda so‘zlardi. Quribgina ketsin amali ham, lavozimi ham normal odamlarni tentak qilmay.

Irimchi odam u. To‘g‘ri, futbolchilarning deyarli hammasida, murabbiylarda ham irimlar bor. Ammo ular buni ommaga ko‘rsatib yurmaydi. Biz esa ko‘k formani ham, o‘pilgan maydon chiplarini ham, Adidas kurtkalarni ham sezib qoldik. Vaholanki Qatarni ham, Tailandni ham oq formada yutdik. Ha senda saviya bo‘lmasa, bir parcha mato yoki o‘tda nima hikmat?

Yolg‘onlarni ko‘rdik. Sergeev Xitoyda yuk tortolmadi, Turkiyadan kelgan Burak Yilmaz ketma-ket gol urib turganida, Igoryok kimga oppoq ko‘rinardi demasdan, xitoyliklar olib qolamiz deb dod-voy solgani haqida ertak to‘qidi. Chunki biz go‘lmiz, o‘zi aytgan, futbolni umuman tushunmaysanlar, degan. Zamon ko‘targanida, oxiriga turshaklar deb ham qo‘shib qo‘yardi, ishonaman. Mashg‘ulotini ko‘rishga kelgan mahalliy jurnalistlarga “pashol na…” deya borar joyini ko‘rsatib qo‘yadigan odamdan-da u.

Xudbinlik evi bilan bo‘lishi kerak. Keyrush qaysi futbolchilarni chaqirdi, safarga kim boradi, qachon boradi — hammasini o‘zi vaqtida aytib turdi, Facebook’da izoh berdi. Bizda aniqlab olingan tarkib haqida hech kim bilmasligi kerak. Terma kimningdir mahramiga tushgan, shuning uchun muxlislaridan axborot yashirish ham sharaf. Qaysi zamonda yashayapsan, axir? Odamlar 2030 yilgi Toshkent suratini chizayotganida, telegraf asrida qolmaganmisan?

Afandi u. Sergeev, Hoshimov, Andreev, Lobanov, Krimes kabi futbolchilar bilan Jahon chempionatiga chiqish mumkin deb asosan o‘zi ishondi. Biri faqat tepkilaydi, boshqasi penalti qiladi, kimdir uch daqiqa chidaydi, yana biri oyoqlari ostidan gol qo‘yadi. Butun Eron Lobanov o‘tkazgan gollarni ko‘rib, yarim yilda ortiga qaytarsa, biz uni Tehronga qayta olib boramiz, adashgan edingiz demoqchi bo‘lamiz va adashamiz.

Ta’magirlik bor yoki yo‘qligi haqida siz xulosa qiling. Vadim Abramov shaxsiy fikri sabab ishsiz qolishi, jurnalistlar ishdan ketishi, uff.uz saytining yopilishi… Xullas, elchining medaloni, Shpakning magnitafoni, hammasi shubhali ko‘rinyapti, deydi-ku. Shunchaki eslab o‘tdim, besabab.

Ochko‘zlikdan bor. Ko‘zi faqat “Paxtakor” futbolchilarini ko‘rgani, Tolibjonovning Markazidan alohida ajralib olgani… Abramov, Qosimov, Inileev soddaroq edi. U esa milliy termani Markazdan alohida ajratib oldi. Hammasi o‘zimniki, degandek.
Kimligingiz-ku ma’lum. Termani shu holda qoldirish nima edi: qasdmi yo xato?

Diyor IMOMXO‘JAEV, «Erudit Sport» gazetasi.

Manba: Jfl.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jaev: Qasdmi yo xato?