
U-17 jahon chempionati 1/16 finali arafasida Xorvatiya o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Marijan Budimir jamoasining kayfiyati va O‘zbekistonga qarshi bo‘lajak bellashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarda yaxshi o‘yin namoyish etgan va endi asosiy maqsad — pley-offda g‘alaba qozonish orqali musobaqada uzoqqa borish.
“Avvalambor, futbolchilarimni pley-off bosqichiga chiqqani bilan tabriklayman. Ular guruhda o‘z kuchlarini to‘liq namoyon etishdi. Oxirgi uchrashuvda to‘p ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdik va raqib darvozasini yanada ko‘proq ishg‘ol qilishga harakat qildik. Senegalning natijasini eshitgandan keyin yana bir gol urishga urindik, ammo bunga erisha olmadik. Senegal BAAga qarshi fantastik o‘yin ko‘rsatdi va beshta gol urdi. Shu orqali ular to‘plar farqi hisobidan guruhda birinchi bo‘lib chiqdi”, — dedi murabbiy.
Shu bilan birga, Budimir natijalarga qaramay jamoasi bilan faxrlanishini ta’kidladi:
“Biz uchun bu natija hech narsani o‘zgartirmaydi. Guruh bosqichida uchta kuchli o‘yin o‘tkazdik. O‘yinchilarim har safar maydonga chin yurakdan chiqishdi. Endi esa oldinga intilish, pley-off bosqichida o‘z so‘zimizni aytish vaqti keldi. Bu musobaqada uzoqqa borish uchun har bir o‘yinda g‘alaba qozonish kerakligini yaxshi bilamiz.”
Xorvatiya murabbiyi jamoasining asosiy ustun jihatlarini ham qayd etdi:
“Bizda intizom, jamoaviy ruh va g‘alabaga bo‘lgan ishonch bor. Futbolchilarimiz o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik kuchli, har bir o‘yinchi maydonda o‘z burchini sidqidildan bajaradi. Shu sababdan biz hech qanday raqibdan, jumladan, O‘zbekistondan ham qo‘rqmaymiz. Bu bosqichda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik muhim, shuning uchun har daqiqani yutuqqa aylantirish niyatidamiz.”
Xorvatiya terma jamoasi musobaqa davomida barqaror o‘yin namoyish etib kelmoqda. Ular “C” guruhida 7 ochko to‘plab, Senegaldan so‘ng ikkinchi o‘rinda pley-offga chiqdi. Endi ularning navbatdagi sinovi — Osiyo chempioni, jismonan baquvvat va texnik jihatdan tayyorlangan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bo‘ladi.
Marijan Budimir so‘zlariga ko‘ra, jamoa barcha o‘yinlar orqali katta tajriba to‘pladi va endi har bir futbolchi pley-off bosqichining mas’uliyatini his qilib turibdi. “Bunday musobaqalarda har bir mayda detal muhim. Biz jamoa sifatida ishlayapmiz va har bir o‘yinchi o‘z rolini aniq biladi. Pley-off — yangi bosqich, bu yerda faqat kuchli va sabrli jamoalar qoladi”, — dedi murabbiy.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Xorvatiya o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 15-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:45 da start oladi. Bu o‘yin g‘olibi chorak finalga yo‘llanma oladi va Avstriya — Chexiya juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi.
O‘zbekiston terma jamoasi hozirgi paytda yaxshi kayfiyatda musobaqani davom ettirayotgan bo‘lib, o‘tgan turda Panamaga qarshi 6:1 hisobidagi yirik g‘alaba bilan muxlislar ishonchini yanada oshirgan edi.
Shunday qilib, bu kechada ikki turli futbol maktab va uslub to‘qnashadi — yevropacha taktik intizom va osiyocha energiya. Muxlislar esa tarixiy bellashuv oldidan shiddatli, raqobatli va hissiyotlarga boy o‘yinni kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.