OChL chorak final uchrashuvlarida kuzatilgan dramatik voqealar va YeChL guruh bosqichi dastlabki turida yuz bergan gollar to‘foni ta’sirida ko‘plab muxlislarda futbolimizga sal yuqoriroqdan qarash istagi tug‘ilganiga ishonchimiz komil.
Taraqqiyot taqozosi o‘laroq, muxlislar dunyoning turli mintaqalaridagi o‘yinlarni saviya bo‘yicha bir-biriga solishtiradilar. Shunday lahzalarda sevimli jamoalarining ijobiy natijasi ham ularni qoniqtirmay qoladi ba’zan.
O‘sha ijobiy natija milliy chempionatning o‘rtamiyona ishtirokchisi bilan kechgan bahsda qayd etilgani ta’kidlansa, muxlislarning yuksak orzulari naqadar ayanchli ahvolda qolgani ayon bo‘ladi...
To‘g‘ri, «Yuventus» ustidan qozonilgan yirik g‘alabadan so‘ng «Barselona» ham «Xetafe»ga qarshi bahsda o‘ta mo‘’tadil futbol ko‘rsatdi. Vaziyatdan foydalangan yapon futbolchisi Gaku Shibakasi esa Mark-Andre ter Shtegen darvozasiga hayratlanarli gol urdi.
Ernesto Valverde shogirdlari bunga jiddiy e’tibor qaratmay, anchayin hafsalasizlik bilan bir maromda o‘ynayverishdi. Faqat birinchi bo‘lim oxirida Lionel Messi gol urish qanday bo‘lishini «Xetafe» futbolchilariga eslatib qo‘yishga urindi.
Biroq jarima zarbasidan so‘ng ajoyib trayektoriya bo‘ylab uchgan to‘pni darvozabon mohirlik bilan qaytardi. Asosiysi, birinchi bo‘limdagi manfiy hisob «Barselona» futbolchilari kayfiyatini buzmadi va ular katta kuch sarflamay turib ham, safarda g‘alaba qozonishni uddalashdi.
Ya’ni ularni «Xetafe»ning hisobni tenglashtirishi yoki yana oldinga chiqib olishi mumkinligi ortiqcha bezovtalantirmadi. Chunki ular odatda bunday o‘yinlarda ijobiy natija zarur bo‘lsa, bunga erishish yo‘lini topishadi.
«Navbahor» - «Metallurg» o‘yiniga yuqoridagi tamoyil asosida nazar tashlasak, afsuski, ko‘z o‘ngimizda butunlay boshqacha manzara chiziladi.
Xo‘sh, «Navbahor» nima uchun bahsning yakuniy bosqichida harakatni bo‘shashtirib yubordi, jamoaviy mexanizmda nega parokandalik ko‘zga tashlandi?
Murabbiy nima sababdan o‘yinni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ikki Abbos (Maxstaliyev va Otaxonov)ni emas, balki Doniyor Usmonov hamda Oston O‘rinovni maydonga tushirdi?
Yana o‘sha eski gap: futbolchilarning o‘yinga tayyorgarlik holati faqat murabbiyga ma’lum. Futbolimizdagi salbiy holatlar mana shunday aqidaviy qarashlardan boshlanmoqda.
Ha, namanganlik muxlislar «Navbahor»ning har qanday g‘alabasini qadrlay bilishadi. Ayni chog‘da ular ham yirik hisobli yutuqlar, chiroyli va mazmunli o‘yinlarni xush ko‘rishadi. Shu ma’noda «Metallurg» ustidan qozonilgan qiyin g‘alaba ularni sevintirdi, albatta. Lekin o‘yin saviyasi va jamoaviy harakatlar masalasida xavotir borligi aniq.
Oybek Qilichev yoki Azizbek Turg‘unboyev kabi futbolchilarning o‘yinlari muxlislarga manzur, ammo jamoada alohida ajralib turadigan tandem yoki trioning ko‘zga tashlanmayotgani tashvishlanarli hol.
G‘alabani ushlab qololmaslik yoki hisobda oldinga chiqqach, xotirjamlikka berilish oqibatida mantiqsiz gollar qo‘yib yuborish, 90 daqiqalik ruhiy va jismoniy bosimga chidamaslik kabi noxush holatlar ham «Navbahor» o‘yini saviyasiga soya soluvchi muammolardan hisoblanadi.
O‘ylaymizki, mazkur kamchiliklarni Ilhom Mo‘minjonovning o‘zi ham yaxshi biladi. Shunday ekan, barchasini vaqtida bartaraf etish - uning murabbiy sifatidagi burchi. Zero, «Navbahor» muxlislari unga ishonishadi. Shu ishonchga putur yetkazmaslik avvalo, murabbiyning o‘ziga bog‘liq. Ehtimol, Mo‘minjonov zaxira o‘rindig‘idan, ijrochilar yetishmasligidan nolir. U holda savol tug‘iladi:
Tohir Shamsiddinov nima sababdan «Navbahor» emas, balki «Buxoro» o‘yinini kuchaytirish uchun to‘p surmoqda? Nima, «lochinlar» ichki muhitida ham «Bonuchchi sindromi» mavjudmi? Agar shunday bo‘lsa, futbolchining jamoadan ketishi muammoning yagona yechimimi? Harqalay, muammoni ijobiy hal qilish imkoni hamisha mavjud. Hamma gap mana shu imkondan foydalanishda.
Bu borada oson, ammo noma’qul yo‘lni tanlash muxlislarda e’tiroz va savollar tug‘diraveradi... Mana, No‘’mon Hasanov ham oxirgi turda kutilmagan muammoga duch keldi. Uning shogirdlari «Mash’al»dan naq 4ta gol qabul qilib olishdi-ya, boz ustiga, o‘z maydonlarida.
Ko‘pchilikda xush taassurot uyg‘otayotgan «Qo‘qon-1912»ning minglab muxlislari qarshisida bunday nochor ahvolga tushishi ikkilanish va shubha tug‘dirmaydimi? Muxlis ikkilanish va shubhalanishga haqli. Uni ikkilantirmaslik va shubhaga solmaslik uchun mantiqsiz mag‘lubiyatlar oldini olish darkor.
Bir vaqtlar «Inter» va «Milan» «A» seriyasida qanday yetakchilik qilgan bo‘lsa, «Navbahor» va «Neftchi» oliy liganing shunday darajadagi sardorlari sanalardi. Bugun «Inter» va «Milan» o‘sha shonli damlarni qo‘msab, raqiblarini ketma-ket ravishda yengmoqda. Ayniqsa, yangi mavsumda hali ochko yo‘qotmagan «Inter» o‘yini muxlislarga ma’qul tushmoqda.
Jamoa ortda qolgan 4ta tur davomida «Roma» va «Fiorentina» kabi kuchli raqiblarni yengdiki, bu alohida diqqatga sazovor. «Navbahor» va «Neftchi» esa qayta uyg‘onolmayapti. Farg‘ona klubini hattoki, Vadim Abramovdek murabbiy ham uyg‘otolmayotgani achinarli.
Shunday vaziyatda muxlislar yoqimtoyiga aylanib borayotgan «Qo‘qon-1912»ning kutilmagan mag‘lubiyati kishini o‘yga toldiradi. Umuman olganda, oliy ligada qaysi jamoaning g‘olib chiqqani ma’qul? Kuchli jamoa zafar quchsin, albatta! Ammo o‘sha kuchli jamoa OChLda futbolimiz sharafini munosib himoya qilishga qodirmi?
So‘nggi turda g‘alaba qozongan «Paxtakor» va mag‘lubiyatga uchragan «Lokomotiv» o‘yiniga shu nuqtai nazardan yondashuv ko‘ngilni xijil qiladi, xolos. Garchi yetarli muddat o‘tgan bo‘lsada, Shota Arveladze «Paxtakor» o‘yiniga yaqqol ko‘zga tashlanadigan yangilik olib kirolmadi. To‘g‘ri, bizga ma’lum qilishlaricha, jamoa mashg‘ulotlari borgan sari qiziqarli tus olmoqda.
Ammo mashg‘ulotlar ta’siri o‘yin saviyasida sezilmayotgani ajablanarli. «Sho‘rtan»ning yirik hisobda yengilishi «sherlar» o‘yinida o‘sish kuzatilayotganini aytishga asos bo‘lolmaydi. Jamoa bu kabi o‘yin saviyasi bilan kuchli raqiblarga qarshi kechadigan bahslar bosimiga bardosh berolmaydi.
Ochig‘i, faqat «Nasaf»ning ayrim o‘yinlarigina mazmun va saviya jihatidan muxlislarni qoniqtiradi. Ro‘ziqul Berdiyevning vazifasi - shu chaqmoq kabi chaqnashlarni bir maromga aylantirish. Ungacha esa biz Xosep Gvardiola boshlayotgan yangi hayratlarni kuzatib turamiz. Nima deb o‘ylaysiz, «Manchester Siti» 2010|2011 yillar mavsumidagi «Barselona»ni eslatmayaptimi?
«Liverpul», «Feyenoord» va «Uotford»ni ketma-ket «yanchib» tashlanishi nimadan dalolat? Bu tasodifmi, raqiblar zaifligi va boshqa sabablar bilan bog‘liqmi yoki Gvardiola jamoa o‘yinidagi maromni nihoyat, topganidan nishona? To‘plar nisbati bo‘yicha Mou va Pep poygasi oxir-oqibat, qanday natija taqdim etarkin? Buni kuzatish juda maroqli.
Muhammad Vali
Manba: www.iff.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Ishchi-xodimlar manfaatlari himoya qilindi