
Qatarda o‘tkazilayotgan 17 yoshlilar o‘rtasidagi Jahon chempionatining ilk turida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Paragvay bilan kuch sinashdi va muvaffaqiyat qozondi. Islom Ismoilov shogirdlari maydonda yuqori ruhiyat, jangovorlik va o‘z salohiyatini namoyish etdi.
Bellashuv avvalida raqib faol harakat qilgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik yoshlar bosimga dosh berib, 25-daqiqada Azizbek Abdumo‘minovning aniq zarbasi orqali hisobni ochishdi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida o‘sha futbolchi ikkinchi bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasi ustunligini mustahkamladi.
Ikkinchi taymda Paragvay jamoasi hisobni qisqartirishga urindi va bahs oxirida penalti orqali bir to‘p urishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, o‘yin yakuni O‘zbekiston foydasiga 2:1 hisobida tugadi.
Ushbu g‘alaba natijasida O‘zbekiston termasi guruhda ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Peshqadamlikni esa Panamani 4:1 hisobida mag‘lub etgan Irlandiya jamoasi saqlab qolmoqda.

Endilikda Islom Ismoilov boshchiligidagi o‘smirlar jamoasi 8-noyabr kuni aynan Irlandiyaga qarshi bahs olib boradi. Bu bellashuv nafaqat guruhdagi pozitsiyani, balki keyingi bosqich imkoniyatlarini ham belgilab berishi mumkin.
O‘zbekiston termasi bu natija bilan o‘z muxlislariga katta umid bag‘ishladi. Yigitlarimiz Jahon chempionatidagi debyut bosqichni g‘alaba bilan boshlab, keyingi o‘yinlarga ishonch bilan qadam qo‘ymoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!