
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan U-17 jahon chempionatining 2-tur bahslarida Islombek Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Irlandiya yoshlariga qarshi maydonga tushdi. Birinchi turda Paragvay ustidan irodaviy g‘alaba qozongan jamoamiz bu gal ham yaxshi boshlang‘ich olishganiga qaramay, natijani saqlab qololmadi va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Bellashuvning dastlabki qismida o‘smirlarimiz tashabbusni qo‘lga olib, gol urish uchun bir necha bor xavfli hujumlar tashkil etdi. 20-daqiqada Abbosbek Shukrullayev jamoamizni oldinga olib chiqdi va O‘zbekistonga ishonch bag‘ishladi. Biroq ortidan Irlandiya futbolchilari tezlik bilan o‘zini qo‘lga oldi, 33-daqiqada Gredi Makdonell hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda ham maydondagi kurash shiddat bilan davom etdi. O‘zbekiston o‘smirlari bir necha bor raqib darvozasiga xavf soldi, ammo zarbalar aniqlik yetmasligi sababli golga aylanmadi. 75-daqiqada esa irlandiyalik Mikayel Nunan jarima maydoni yaqinidan jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.
Uchrashuv 2:1 hisobida Irlandiyaning foydasiga yakunlandi.
Bu natija orqali Irlandiya o‘smirlar terma jamoasi ikki g‘alaba bilan 6 ochko to‘plab, guruhda peshqadamlikni mustahkamladi. O‘zbekiston o‘smirlari esa 3 ochko bilan ikkinchi pog‘onada qoldi. Shu bilan birga, birinchi turda terma jamoamizga mag‘lub bo‘lgan Paragvay Panamani 2:1 hisobida yengdi va 3 ochko bilan 3-o‘ringa ko‘tarildi. Panama esa hali ochko to‘play olmagan holda guruhning so‘nggi pog‘onasida qoldi.
Islombek Ismoilov shogirdlari uchun keyingi o‘yin hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Jamoamiz 11-noyabr kuni Panamaga qarshi maydonga tushadi va bu bahs keyingi bosqichga chiqish masalasini belgilab beradi.
O‘smirlarimiz Paragvay ustidan qozongan irodaviy g‘alabani takrorlab, guruhdan chiqish uchun barcha imkoniyatlarini so‘nggi daqiqagacha ishga solishi kutilmoqda. Muxlislar esa terma jamoamizning so‘nggi o‘yinida yangi g‘alabani kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!