date

Irlandiya U-17 murabbiyi: O‘zbekistonga qarshi o‘yin jiddiy sinov bo‘ladi

Irlandiya U-17 murabbiyi: O‘zbekistonga qarshi o‘yin jiddiy sinov bo‘ladi

U-17 jahon chempionatida ikkinchi tur oldidan Irlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Kolin O’Brayen jamoasi tayyorgarligi haqida fikr bildirdi. 50 yoshli mutaxassisning ta’kidlashicha, birinchi turdagi yirik g‘alaba irlandiyalik futbolchilarga ishonch va ruhiy yengillik bergan, ammo bu hali hech narsani anglatmaydi.

«Shogirdlarimning ochilish o‘yinidagi natijasidan chin dildan xursandman. To‘rtta gol bilan musobaqani boshlash — jamoa uchun ajoyib ishonch muhitini yaratadi. Bu g‘alaba futbolchilarimga hayajonni yengish va maydonda o‘zini erkin his qilish imkonini berdi», — dedi Kolin O’Brayen matbuot anjumanida.

Biroq murabbiy jamoasi hali o‘z salohiyatini to‘liq ko‘rsatmaganini ham ta’kidladi:

«Bizda hali yaxshilanishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor. Birinchi o‘yinda ko‘plab yaxshi narsalarni ko‘rdik, ammo ba’zi vaziyatlarda e’tiborni yo‘qotdik. Endi ikki kun tiklanish va raqibni chuqur tahlil qilish uchun vaqtimiz bor».

O’Brayenning fikricha, O‘zbekistonga qarshi o‘yin ular uchun jiddiy sinov bo‘ladi:

«O‘zbekiston terma jamoasi birinchi turda Paragvayni mag‘lub etdi — bu bekor emas. Ular intizomli va taktik jihatdan yaxshi jamoa. Bu bellashuv biz uchun navbatdagi sinov bo‘ladi. Biz maydondagi har bir daqiqadan foydalanishimiz kerak».

Murabbiy shuningdek, jamoasi faqat hujumkor o‘yinga emas, muvozanatli va aql bilan qurilgan taktikaga ham e’tibor qaratmoqda. Uning aytishicha, Irlandiya har bir raqibni hurmat qiladi va O‘zbekistonga qarshi o‘yinda to‘liq kuch bilan harakat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichi 2-turidan o‘rin olgan Irlandiya – O‘zbekiston uchrashuvi 8-noyabr kuni soat 20:45 da bo‘lib o‘tadi. Bu bellashuv har ikki jamoa uchun pley-off yo‘lida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

O’Brayenning so‘zlariga ko‘ra, jamoada muhit yaxshi, futbolchilarning kayfiyati yuqori va ular g‘alabali seriyani davom ettirish niyatida. «Biz maydonga chiqib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishni, Irlandiya futboli qay darajada o‘sganini namoyish etishni xohlaymiz», — dedi murabbiy so‘zini yakunlar ekan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Irlandiya U-17 murabbiyi: O‘zbekistonga qarshi o‘yin jiddiy sinov bo‘ladi