09:32 / 17.01.2018
3 117

Odil Ahmedov: "Keyrush va Lippi darajasidagi murabbiy kerak"

Одил Аҳмедов: "Кейруш ва Липпи даражасидаги мураббий керак"
O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Odil Ahmedov tarix sahifalaridan joy olib ulgurgan 2017 yilning so‘nggi kunlari Xitoyga jo‘nab ketdi. Aslida «Shanxay SIPG» futbolchilariga 4 yanvargacha ta’til berilgandi. Lekin Andre Villash-Boash bosh murabbiy vakolatini topshirgach, klub rejalari biroz o‘zgardi.

Vaqtida «Myunxen-1860», «Portu», «Fenerbaxche» va «Olimpiakos» kabi klublarda ishlagan Vitor Pereyra shanxayliklar boshqaruvini qo‘lga olgach, tabiiy ravishda tayyorgarlik rejalarini qayta ko‘rib chiqdi. Xullas, «SIPG» muddatidan chamasi 10 kun avval yangi mavsum tadorigiga kirishdi.

- Odil, ta’til qanday o‘tdi? Oldindan mo‘ljallangan barcha ishlarga ulgurdingizmi?
- Yaxshi dam oldim, barchasiga ulgurdim, hisob. Faqat bir jihat ko‘ngilni biroz xira qildi - Yangi yil bayramini Vatanda o‘tkazishni xohlagandim. Lekin yangi bosh murabbiy qarori natijasida bu rejam amalga oshmadi. Aslida klub ixtiyoriga 4 yanvar kuni yetib borishimiz belgilangan edi. Ya’ni yangi mavsumga qaratilgan tayyorgarlik ishlarini 4-sanada boshlashimiz aytilgandi. To‘g‘ri, ta’til qisqartirilgan bo‘lsada, o‘ylab qo‘ygan bir qator ishlarga vaqt topdim.

Masalan, o‘zim tahsil olgan futbol maktab-internatida bo‘lib, yosh futbolchilarga mo‘ljallangan yangi maydon ochilishida ishtirok etdim. Qolaversa, Namangan shahridagi 12-umumta’lim maktabida o‘quvchilar bilan uchrashdim. Bundan tashqari, Namangan, To‘raqo‘rg‘on va Toshkentda faoliyat yuritayotgan Odil Junior bolalar klubi tarbiyalanuvchilari huzurida bo‘ldim. Bu klubni yaxshi niyatda tashkil qilganmiz. Mana, qisqa fursat ichida katta ishlarni amalga oshirdik. Xususan, Italiyaning «Karpi» klubi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Yaqinda jamoamiz Italiyada bo‘lib qaytdi. 2018 yili hamkorlik ishlarini yanada kengaytiramiz.

- «Shanxay SIPG»da qanday o‘zgarishlar bor?
- Bosh murabbiy almashgach, Karvalyu klubdan ketdi. Tarkibda yana o‘zgarishlar bo‘lishi tayin. Jamoa oldiga qo‘yilajak vazifalar ham jiddiylashadi, albatta. Bilishimcha, bizdan kamida Osiyo Chempionlar Ligasi finaliga chiqish talab etiladi. Avvalgi mavsum bu borada ozgina omad yetishmadi. Jamoamiz yangitdan shakllanayotganini ham esdan chiqarmaslik kerak. Har holda, asosiy raqibimiz hisoblangan «Guanjou» yetarli tajribaga ega va unga ayni shu holat qo‘l keldi, menimcha.

- Milliy futbolimizda ham katta islohotlar boshlandi. Yangiliklarga munosabatingiz...
- Faqat ijobiy. Chunki terma jamoa kuchini aynan ichki chempionat belgilab beradi. Afsuski, shu paytgacha oliy ligamiz maqtaydigan, terma jamoani kuchaytiradigan darajada emasdi. To‘g‘ri, bosh jamoaga oliy liga klublaridan futbolchilar qo‘shilishyapti, lekin o‘yinni yaqqol kuchaytiradigan biror yigit chiqqani yo‘q. Sifat juda past. 25 yoshda oliy ligadan ketgandim. Oxirgi vaqtlarda elit ligada o‘tkinchi o‘yinlar miqdori shiddatli uchrashuvlar sonidan ko‘p bo‘lgani hammaga ayon. Umuman, O‘FF boshlagan islohotlar natijasida futbolimiz yangi bosqichga ko‘tarilsa, ajabmas. Har holda, 12 ta jamoa ishtirokidagi chempionat ancha murosasiz va shiddatli o‘tishiga shubha yo‘q. Ha, yana jahon chempionati ortida qolganimiz afsuslanarli holat. Ammo hayot kurashlardan iborat. Demak, xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, faqat olg‘a intilish kerak. Oldimizda turgan eng muhim musobaqa - Osiyo kubogi-2019. Endi qit’a chempionatida sovrindorlar qatoriga kirishimiz shart.

Bilishimcha, Superliganing ikkinchi bosqichida 6ta kuchli klub chempionlik masalasini hal qiladi, qolgan 6tasi elitada qolish uchun kurashadi. Menimcha, haqiqiy shiddat shu bosqichda kuzatiladi. Shaxsiy fikrimcha, endi legionerlar masalasiga ham jiddiy yondashish kerak. Zero, chempionatimizda o‘ynagan barcha legionerlar haqida ijobiy fikr bildirish mushkul. Misol uchun, men o‘ynagan davrda oliy ligada bir qator kuchli legionerlar to‘p surishardi. Deylik, «Paxtakor»da Boyan Miladinovich bor edi. Agar unga jarohati xalal bermaganida, bemalol Yevropaning ko‘zga ko‘ringan klubida o‘ynab ketardi.

«Bunyodkor»ning o‘sha paytdagi legionerlari haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. Hozirchi? Afsuski, bunday ijrochilar yo‘q. Chunki klublarda xorijdan futbolchi taklif etishda ko‘r-ko‘rona ish olib borilyapti. Katta mablag‘ havoga sovurilmayaptimi? O‘rtamiyona futbolchiga ketadigan pul yosh iqtidorlarni o‘stirishga sarflansa, foydasi ko‘proq bo‘ladi, menimcha. Yoki xorijlik kuchli seleksionerlar bilan hamkorlikda ishlash lozim. Chunonchi, mahalliy yigitlarning yangi darajaga chiqishlari uchun saviyali legionerlar kerak.

- Bugungi kunda milliy jamoa bosh murabbiyi masalasi diqqat markazida turibdi. Bu borada nima deya olasiz?
- Yaqinda O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashdim, turli mavzularda suhbatlashdik. Tabiiyki, milliy jamoaga bosh murabbiy tayinlash mavzusida ham fikr almashdik. O‘FF rahbari Osiyo futbolini yaqindan biladigan, jahon chempionatida ishlash tajribaga ega taniqli murabbiy olib kelish harakatida. Aytishicha, hozir muzokaralar davom etyapti. Tez orada yangilik eshitsak, ajabmas. Mana, Marokash va Eron termalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Menimcha, shu o‘yinlar muddatiga qadar yangi murabbiy bilan tanishsak kerak. Har qanday holatda ham, kuchli mutaxassis tayinlanishi tarafdorimiz.

Bitta yorqin misol: italiyalik Marchelo Lippi Xitoy termasini qisqa fursatda keskin kuchaytirdi. Buni hamma ko‘rdi. To‘g‘ri, xitoyliklar biz kabi mundialga chiqolmadilar. Lekin fikrimcha, Xitoy jamoasi o‘z potensialidan yuqoriroq natijaga erishdi. Oddiy taqqoslasak, biz aslida Xitoy termasidan sezilarli darajada kuchlimiz. Lekin bu natijada aks etmadi. Eron termasi muvaffaqiyatida esa futbolchilardan ko‘ra, Karlush Keyrushning hissasi katta. Demoqchimanki, bizga ham Keyrush va Lippi darajasidagi murabbiy kerak.

Odil Ahmedovning Xitoy chempionati-2017dagi statistikasi. Hamyurtimiz mahalliy Super-liga doirasidagi 30 ta o‘yindan 19 tasida maydonga tushib, raqiblar darvozasini 3 marta ishg‘ol qildi va yana bitta gol hammuallifiga aylandi, shuningdek, 4 marta sariq kartochka oldi, «qizil» yo‘q.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Odil Ahmedov: "Keyrush va Lippi darajasidagi murabbiy kerak"