
Portugaliya terma jamoasi va "Al-Nasr" futbol klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu aralash jang san'atlari olamiga kirib keldi. U Ispaniyaning WOW FC nomli MMA promoushenining aksiyadoriga aylanganini ma'lum qildi.
Bu haqda futbolchi o'zining X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida e'lon qildi. "Men katta yangilikni e'lon qilishdan xursandman: men @wowfcmma aksiyadori bo'laman!
Ushbu loyiha mening qadriyatlarimga mos keladi – intizom, hurmat, bardoshlilik va har doim mukammallikka intilish. WOW FC o'ziga xos va kuchli bir narsa yaratmoqda va men ushbu loyihaga qo'shilganimdan faxrlanaman", – deb yozadi Ronaldu.
Ronaldu MMAga qiziqishi uzoq yillardan buyon mavjud ekanini aytib, WOW FCni katta o'sish salohiyatiga ega loyiha deb atadi. U ushbu tashkilot sportchi sifatida unga yaqin bo'lgan qadriyatlarni o'zida mujassam etganini va ligani rivojlantirishga o'z hissasini qo'shishni rejalashtirayotganini bildirdi.
WOW FC 2019 yilda tashkil etilgan bo'lib, hozirda Ispaniyaning eng yirik MMA tashkilotlaridan biri sifatida tanilgan. Promoushenning elchilaridan biri UFC chempioni Iliya Topuriya hisoblanadi.
WOW FC vakillarining ta'kidlashicha, Ronaldu bilan hamkorlik tashkilotning xalqaro ko'lamda mavqeini mustahkamlashga va Ispaniyadagi aralash jang san'atlari bozoriga e'tiborni jalb qilishga xizmat qiladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.