14:53 / 14.05.2018
2 553

Timur Kapadze: "Guruhimizdagi raqiblarimizga futbolchilarimizning kuchi bemalol yetadi"

Тимур Кападзе: "Гуруҳимиздаги рақибларимизга футболчиларимизнинг кучи бемалол етади"
Ma’lumki, o‘tgan haftada Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “Osiyo Kubogi-2019” musobaqasiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston terma jamoasining raqiblari barchaga ayon bo‘ldi. Qur’adan keyin O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari va boshqa mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirishdi. Ammo terma jamoamizning vaqtinchalik bosh murabbiyi Temur Kapadze bu boradagi munosabatini hali bildirmagandi. Shu sababli kuni kecha Kapadze bilan aloqaga chiqdik.

- Osiyo Kubogiga qur’a tashlandi va unga ko‘ra terma jamoamiz "G‘" guruhida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston termalari bilan bir guruhdan o‘rin oldi. Qur’a haqida qanday fikr bildira olasiz?

- Qur’a haqida gapiradigan bo‘lsam, 1-savatchada bir-biridan kuchli jamoalar bor edi. Ulardan qaysidir jamoa baribir bizga duch kelishi aniq edi. Odatda qur’adan oldin qandaydir fikrlar bildiriladi va u yoki bu jamoani guruhimizga tushsa yaxshi bo‘lardi, qabilida gaplar aytiladi. Lekin menda bunday fikrlar yo‘q edi. Qur’adan oldin hech nima haqida o‘ylamadim. Osiyo Kubogida oldimizga katta vazifa qo‘yiladigan bo‘lsa, hech nimaga qaramasligimiz kerak. Guruhimizdagi har qanday raqib bilan o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi. Maqsad jiddiymi, unday bo‘lsa har bir o‘yinda g‘alaba qozonib maqsadimiz sari odimlashimiz kerak. To‘g‘ri, guruhimiz haqida turli fikrlar bildirilyapti. Barcha raqiblarimiz o‘ziga yarasha kuchga ega. Har qanday jamoa ham o‘z oldiga vazifa qo‘yadi. Hech kim bekordan-bekorga o‘ynamaydi. Oldindan kimnidir bunisi kuchsiz yoki bunisi kuchli deb aytish ham noo‘rin. Har bir o‘yin qiziqarli o‘tadi. Maqsadimiz jiddiymi, demak, raqiblarimizni yengib o‘tishimiz shart. Guruhdan ikkita jamoa chiqadi. O‘ylaymanki, keyingi bosqichga chiqishimiz u qadar muammo bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, ko‘pchilik uchun raqiblarimiz orasida Turkmaniston zaif ko‘rinmoqda. Shuningdek, Ummonni ham mensishmayapti. Lekin ular ham Osiyoning yaxshi jamoalaridan biri. Ummoning o‘tgan yilgi o‘yinlariga qarasak, BAA va Saudiya Arabistoni kabi termalarni mag‘lub eta olgan. Shu bois ularning kuchiga ham to‘g‘ri baho berish lozim. Nazarimda, ko‘pchilik Ummonni Yaman bilan adashtirib yuborishyaptimikin deb o‘ylayapman. Boya aytganimdek, Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli qatnashmoqchi bo‘lsak, yo‘limizdan chiqqan har qanday raqibni mag‘lub etishimiz kerak bo‘ladi. Bir tomondan olib qaraganda, Yaponiya, Ummon va Turkmanistondan iborat guruhimiz yaxshi bo‘ldi. Chunki ularning orasida kuchlisi ham, kuchsizrog‘i ham bor. Jamoamizning salohiyati esa yuqori. Futbolchilarimizning kuchi bemalol yetadi.

- Sizni qur’a tashlash marosimida bevosita ishtirok etishingizni kutgandik. Ammo o‘sha kuni sizni Farg‘onada uchratdik. Nima uchun bormadingiz?

- Sababimi? O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari ham o‘sha yerda edi. Qolaversa, Ravshan Haydarov boshchiligidagi olimpiya terma jamoamiz Indoneziyadagi turnirda qatnashayotgandi. Shu bois Ravshan aka u yerdan to‘g‘ri Dubayga borib, qur’a tashlash marosimida qatnashdi. Baribir bizga xorijdan murabbiy keladi.

- Milliy terma jamoamizning oldida Eron bilan Urugvayga qarshi o‘yinlar turibdi. Baribir o‘sha o‘yinlarga jamoani siz tayyorlaysiz. Jahon chempionati ishtirokchilariga qarshi uchrashuvlarga tayyorgarlik rejasi qanday bo‘ladi?

- Ikkala o‘yinga yoshartirilgan tarkib bilan boramiz. Rahbariyat tomonidan menga shunday vazifa qo‘yildi. Chunki oldimizda Osiyo o‘yinlari ham turibdi. Ushbu musobaqagacha iqtidorli futbolchilarimizni mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlari orqali tayyorlab boramiz. Dastlab Eron bilan o‘ynaymiz. Keyin Urugvayga qarshi bo‘ladigan bellashuvda yana tarkibni ko‘rib chiqamiz. Chunki bu o‘yinlar FIFA kunlaridan o‘rin olmagan. Shuning uchun ichki chempionatimizdagi iqtidorli yoshlarga ko‘proq imkoniyat bermoqchimiz. Baribir bunday katta o‘yinlar yigitlarimizga qandaydir tajriba beradi. Biz klublarida o‘zini munosib ravishda ko‘rsatayotgan futbolchilarni olib ketamiz.

- Eronga qarshi o‘yin 19 may kuni o‘tkaziladi. Mazkur bellashuv uchun tayyorgarlik qachondan boshlanadi?

- 14 va 15 may kunlari Superliganing navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Nasib qilsa, 16 mayda Toshkentda to‘planib mashg‘ulot o‘tkazamiz. O‘sha kuni kechasi Istanbul orqali Eronga ketamiz. Reja bo‘yicha 17 may kuni tushlik paytiga Tehronga yetib kelamiz. U yerda ham mashg‘ulotlar olib boramiz.

- Bu o‘yin uchun tarkibni qachon e’lon qilasiz?

- Tarkibni deyarli 90 foizga aniqlashtirib olganmiz. Bu borada Ravshan aka Haydarov bilan birgalikda maslahatlashyapmiz. Osiyo o‘yinlariga boradigan tarkibni milliy terma jamoamiz safida bo‘lajak o‘yinlarda sinovdan o‘tkazamiz. Lekin bungacha oldinda chempionat o‘yinlari bor. Shu bois ertaga vaziyat o‘zgarib qolishi ham mumkin. Hammasi to‘la-to‘kis tur o‘yinlaridan keyin hal bo‘ladi va shundan keyin nomzod futbolchilarning klublariga xatlar yuboriladi. Shuni aniq aytishim mumkinki, ko‘proq Osiyo chempioni bo‘lgan tarkibdan o‘yinchilarni olib ketamiz.

- Kuni-kecha milliy terma jamoamizning Kamerun bilan ham o‘yin o‘tkazishi mumkinligi haqida eshitdim. Bu qanchalik haqiqat?

- Bu xabar tasdiqlanmadi. Men ham bu haqida so‘ragandim, qandaydir shu haqida gap bo‘lgan-u, biroq keyinchalik o‘z tasdig‘ini topmadi. Agar Kamerunga qarshi o‘yin bo‘lishi aniq bo‘lganida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining rasmiy sayti orqali xabar berilardi.

- Arab chempionatlari yakuniga yetdi. U yerda o‘ynayotgan legionerlarimiz esa ta’tilga chiqishdi. Masalan, Temurxo‘ja Abduholiqov va yana boshqa futbolchilarni bo‘lajak o‘yinlarga chaqirsa bo‘lmaydimi?

- Legionerlarimizni ham chaqirsak qaniydi. Doston Hamdamov, Temurxo‘ja Abduholiqov yoki yana boshqa legionerlarimizdan ham foydalanganimizda yanada yaxshi bo‘lardi. Lekin menga oldindan ushbu uchrashuvlarda legionersiz o‘ynashimizni aytishgan. Baribir asosiy e’tiborni Osiyo o‘yinlarida qatnashadigan futbolchilarimizga qaratamiz. Hali aytganimdek, bu uchrashuvlar ular uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.

- Tarkib ko‘proq yoshlardan tashkil topayotgan bo‘lsa, qayd etiladigan natijalar ustivor vazifaga aylanmaydimi?

- Tarkibni yoshartirib yutasizlar, degan vazifa yo‘q. Lekin bizda iqtidorli o‘yinchilar bor va ularga ko‘z tegmasin. Biz har qanday o‘yinda ham faqat g‘alaba uchun kurashamiz. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ramiz. Garchi Eronga qarshi bellashuv uchun tayyorgarlik ko‘rishga vaqtimiz yetarli bo‘lmasa-da, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishga va yorug‘ yuz bilan qaytishga harakat qilamiz.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze: "Guruhimizdagi raqiblarimizga futbolchilarimizning kuchi bemalol yetadi"