23:40 / 08.08.2018
2 682

Superliga. So‘nggi ikki tur savoli: yon bosishlar kuzatilmaydimi?

Superliga. So‘nggi ikki tur savoli: yon bosishlar kuzatilmaydimi?
Superliga kuchli oltiligi qanday ko‘rinish oladi? Ikkinchi davraga yakun yasab beruvchi 2 tur oldidan bu savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

Hozirgi holatda «Nasaf» kuchlilar guruhiga kirish uddasidan chiqadimi? «Qo‘qon-1912» va «Metallurg»ning bu boradagi o‘zaro raqobati qanday xotima topadi? Fikrimizcha, bu masalaga ko‘p jihatdan «Qo‘qon-1912» - «Paxtakor» bahsida oydinlik kiritiladi.

Muxlislar nazdida, har ikki klub hakamlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadiganlar toifasidan. «So‘g‘diyona» va «Metallurg»ning Qo‘qonda «o‘ldirilishi» bilan bog‘liq xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda bejiz tarqalmadi. «Paxtakor»ga nisbatan muxlislar o‘rtasida shakllangan salbiy munosabat haqida-ku gapirishga hojat yo‘q.

«Sherlar»ga «simpatiya» borligi ayon, ammo bu rasmiy matbuotda e’tirof etilmaydigan haqiqat. Shota Arveladzeni hayron qoldirib, «Paxtakor» ishtirokidagi ikki uchrashuvga xorijlik hakamlarning taklif qilinishi ham aslida shu munosabat bilan aloqador. Faqat bu mavzuda hech kim oxirgi xulosani aytmaydi.

Har holda, biz hali bir gapni aytish va mulohazalarimizni dalillar asosida isbotlash darajasiga ko‘tarilmadik. Hozircha hamma videotasvirlarga asoslanib, mulohaza yuritmoqda. Ya’ni hakamlarning xatti-harakatlariga videotasvirlar vositasida baho berilmoqda.

Ular tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar tasodif yoki tajribasizlik natijasi sifatida baholanib, shu tamoyil asosida jazo belgilanmoqda. Deylik, «Buxoro» - «Paxtakor» uchrashuvidan so‘ng jazoga tortilgan Temur To‘xtasinov tez orada tajribasi oshib, yana o‘yinlarni boshqarmoqda...

Mayli, hech bir hakam xatolardan himoyalanmagan va vaqtida tegishli xulosa chiqarganlar ishni davom ettirishgani ma’qul. Lekin ko‘pchilikning ko‘nglidagi savolga javob yo‘q, ya’ni o‘sha xatolar darhaqiqat, tasodif yoki tajribasizlik natijasimi?

Ochig‘i, «Barcha hakamlar vijdoni top-toza, ular faqat tasodifan yoki tajribasizlik oqibatida xato qilishadi, birovning «buyurtma»sini bajarishmaydi» qabilida mulohaza bildirsangiz, aksariyat muxlislar istehzo bilan kulishadi. Demak, qaysidir bahsda atayin jamoalardan biriga yon bosish kuzatilgan.

Albatta, hech bir referi yoki laynsmen bu ishga o‘z xohishi bilan qo‘l urmaydi. U shunchaki, buyruq yoki va’da evaziga xato uyushtiradi va bunda hattoki, jazolanishdan ham cho‘chimaydi.

Yana takror aytamiz, «Qo‘qon -1912» va «Paxtakor» muxlislar nazarida hakamlar «saxiy»ligidan foydalanadigan jamoalar. Qiziq, ikki klub o‘rtasidagi bahsda hakamlik qanday bo‘ladi? Bu jarayon ham hozir muxlislarning alohida qiziqishi doirasidagi mavzu hisoblanadi.

Mirjalol Qosimov hakamlarga insof tiladi. Qosimovdek ko‘pni ko‘rgan tajribali murabbiy hakamlarga insof tilayaptimi, xulosa qilaveringki, umumiy vaziyat ancha chigal. Boshqacha aytganda, ishning o‘nglanishidan umid uzgan, ayrim holatlarda o‘zini majburan chegaralaydigan murabbiygina noiloj shunday yo‘l tutadi.

Holbuki, futbolimizdagi ko‘zga ko‘rinmas adolatsizliklarni ochib tashlash Mirjalol Qosimov kabi mashhurlar zimmasidagi ulkan missiyadir. Axir u futbolchi va murabbiy sifatida parda ortida yoki maydonlarda qolib ketayotgan adolatsizliklardan yaxshi xabardor. Demakki, futbolimizga zarur haqiqatlarni aytishi mumkin.

Boshqa birov bunga jazm etsa, beli «sinib» qolishi hech gap emas. Ma’lumotlardan xabardorlik va el-yurt oldidagi mashhurlik Mirjalol Qo‘shoqovichni himoyalovchi o‘ziga xos «sovut»-dir. Biroq bu ish uning majburiyatiga kirmaydi. Murabbiyni shunday qilishga undash ham noo‘rin.

Biz esa ko‘tarilgan mavzu yuzasidan faqat mulohaza bildirish bilan cheklanamiz, xolos. Zero, mulohazadan ham tiyilsak, bu muxlislar qalbidagi dovullarga beparvo qarash bilan tengdir.

E’tibor bering, Mirjalol Qosimovning hakamlarga insof tilashiyoq bizni shunday mulohazalar yozishga chorladi. Agar u futbol haqiqatlarini baralla aytishga astoydil bel bog‘lasa, muxlislar tomonidan bahamjihat qo‘llab-quvvatlanishiga ishonchimiz komil.

Milliy terma jamoamizda yangi bosh murabbiy ish boshlayotgan bir pallada futbolimizda biz nazarda tutayotgan oshkoralik jarayoni yuz bersami, mundial yo‘llanmasini yutishga bog‘liq orzularimiz poydevori yanada mustahkamlanadi. Inchunin, chala haqiqatlar futbolimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiraveradi, baribir.

Adolatsizliklar sabab, milliy chempionatimiz formati va reglamenti o‘zgartirildi. Aslida shunday o‘zgarishga qo‘l urilganiniing o‘zi futbolimizda gullab-yashnab, chuqur ildiz otgan adolatsizlik daraxti mavjudligidan dalolat. Endi o‘zgarishlardan so‘ng futbolimizda chala haqiqatlar gulxani gurillamoqda.

Ta’bir joiz bo‘lsa, bu gulxan yolqini ba’zi bahslarda maydonlarni yoritolmayapti. Goho kishini shunday xayollar chulg‘ab oladiki, o‘yinlar taqdirini nainki murabbiylar, mutasaddilar yoki hakamlar, balki ba’zi futbolchilarning o‘zlari maydon tashqarisida hal qilib qo‘yishayotgandek.

Qaysidir jamoa himoyachisi raqib hujumchisiga «tasodifan» shunday uzatma beradiki, boshqa futbolchilar va muxlislar, hattoki, murabbiylar ham nima deyishga hayron bo‘lib, o‘tirishaveradi. Ba’zi darvozabonlarning bolalarcha xatolari xususida so‘zlash ortiqcha. Mirjalol Qosimov aytmoqchi, hammasi ularning vijdoni va insofiga havola.

Ko‘rib turibsizki, barchasini vijdon va insofga bog‘layapmiz. Muxlislarimiz esa «Qaysi vijdonni nazarda tutyapsiz - vujuddaginimi yoki cho‘ntakdagini?» deyishlari aniq. Nima derdik, xalqning so‘zi haq! Muhtaram muxlis, kuchli oltilikdan qaysi jamoalar joy olishi masalasi bizni shunday mulohazalar yozishga undadi. Xulosa o‘zingizdan...
Muhammad Vali

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliga. So‘nggi ikki tur savoli: yon bosishlar kuzatilmaydimi?