00:09 / 06.10.2018
2 657

Mourinoning intihosi yoxud u qanday soʻnmoqda?

Mourinoning intihosi yoxud u qanday soʻnmoqda?
Joze Mourinoning “Old Trafford”dagi davri yakuniga yetib borayotgandek, ammo u qanday qilib “oʻzgacha” maqomidan hozirgi darajasigacha tushib qoldi? Goal nashri portugaliyalik mutaxassisning faoliyatidagi muhim tub burilishlarni yodga oldi.

Hammaga yaxshi maʼlumki, Mourino “Chelsi” sahnasiga ilk bor kelganida oʻziga bino qoʻygan, hatto oʻzini “oʻzgacha” murabbiy deb atagandi. U bundan avval oʻrtamiyona “Portu” bilan Chempionlar Ligasini qoʻlga kiritganidan soʻng takabburligi ortib borgandi.

Oradan shuncha yillar oʻtgach u qorongʻu va ajralib qolgan figuraga aylandi. U oʻzi boshqargan klublarni Makyavvelicha xarakteri bilan barbod qilib kelishda davom etmoqda.

“Chelsi” va “Inter”dagi omadli mavsumlar ortidan uni qorongʻu va qiyin sinovlar kutib oldi. U hatto muvaffaqiyatga yetaklagan “Chelsi” bilan ham ikkinchi uchrashuvi achinarli yakun topdi.

Demak, uning faoliyatida pasayish boshlanganini isbotlovchi faktorlar bilan tanishib chiqsak.

“Chelsi”, 2006-07 – Mourino & Abramovich & Shevchenko

“Koʻklar” bilan qatorasiga ikki mavsum Premyer Liga shoxsupasiga koʻtarilgan “oʻzgacha” Londondagi uchinchi mavsumida inqirozga uchradi. U mavsumoldi yigʻin vaqtida klub xoʻjayini Roman Abramovich bilan Andrey Shevchenko tufayli “sen-men”ga bordi. Oʻzini baxtsiz his qilayotgan ukrainalik hujumchini Abramovich har oʻyinda oʻynatishni bosh murabbiyidan talab qildi.

Yakunda klub masumni Angliya Kubogi va Liga Kubogi bilan yakunladi. Chempion “Manchester Yunayted”dan olti ochko ortda qoldi. Chempionlar Ligasida esa “Liverpul”dan yarim finalda magʻlub boʻldi. Murabbiy esa klubdan isteʼfoga chiqarildi.

“Inter”, 2009-2010, Chempionlar Ligasi gʻolibligi

Mourino 2010-yilda Chempionlar Ligasini ikki klub bilan yutgan dastlabki murabbiyga aylandi.

Finalda “Bavariya”ni yengib Chempionlar Ligasini qoʻlga kiritganidan keyin Mourinoning murabbiylik maqomi sezilarli mustahkamlandi. Oqibatda uni “Real Madrid” chaqirib oldi.

“Real Madrid”, 2010-11 – Mourino & Gvardiola

Aynan “Real” Mourinoni salbiy tomonga oʻzgartirib yubordi, deyishimiz mumkin. Uning “Santyago Bernabeu”dagi faoliyati kiyinish xonasida baʼzi futbolchilar bilan ziddiyatlar bilan oʻtdi. Eng yomoni uning Pep Gvardiola bilan uzoq yillik dushmanligi start oldi.

“Barselona”da ancha yillar oldin hamkasb boʻlgan bu ikki murabbiyning munosabatlari nimalar bilan tugagani koʻpchilikning yodidan koʻtarilmagani aniq.

“Real Madrid”, 2010-11, Mourino & “Real” & UYEFA

“Qirollik klubi” “Barselona” bilan 18 kun ichida 4 marta uchrashganida Mourino UYEFAni kataloniyaliklarga yon bosishda aybladi.

“Real Madrid”, 2011-12, Mourino & Vilanova

Uning jamoasi “Barsa”dan 3-2 hisobida magʻlubiyatga uchrayotgan paytda portugaliyalik mutaxassis alamdan chiday olmadi va borib toʻgʻri yordamchi murabbiy Tito Vilanovaning koʻziga barmogʻini tiqib oldi.

“Real Madrid”, 2012-13, Mourino & Ronaldu & Benzema

Mourino hatto vatandoshi superyulduz Ronaldu bilan ham jiqqamusht boʻlgandi. Ronaldu uni oʻziga bino qoʻygan xarakterini tanqid qilganida Mou “Balki u hamma narsani bilaman, murabbiy uni ortiq rivojlantira olmaydi, deb oʻylar” degandi.

Bundan tashqari oʻsha mavsumda u ispan OAV orqali Karim Benzemani oʻtkir soʻzlari bilan “oʻyib oldi”. Bu uning asosiy tanlovi Iguain jarohat olganidan keyin sodir boʻlgandi. “Agarda men kuchuk bilan ov qilolmasam, unda mushuk bilan ov qilaman” – degandi.

“Chelsi” 2015-16, Mourino & Karneyro

Ikkinchi mavsumida Premyer Liga taxtiga qaytganidan keyin “Stemford Bridj”dagi uchinchi mavsum yana Mourino uchun omadsiz boshlandi.

Mavsumning birinchi turida u bu safar klub shifokori Eva Karneyroni aybladi. Shifokor klub futbolchilarini jarohatini yetarli darajada davolay olmayotganida ayblaydi.

Uning Karneyroni tanqid qilishi klubni ikki frontga ajratib yuborgandi.

“Manchester Yunayted”, 2017-18, Mourino va suv idishi

Gvardiola “Manchester Siti” boshqaruviga kelganidan keyin u “Manchester Yunayted”ga keldi. Bu safar ham u azaliy dushmanidan uchralgan magʻlubiyatga chiday olmadi.

“Shaharliklar” ichki chempionatda shiddatli tarzda ilgarilab ketdi va dramatik tarzda kechgan derbida ham 2-1 hisobida ustun keldi. Oʻyin payti “Manchester Siti” murabbiylar shtabi tomon suv idishini jahl bilan uloqtirdi.

“Manchester Yunayted”, 2018-19, Mourino & Vudvord

2018-yil yozi sokin oʻtsada, Mourino uchun unday boʻlmadi. U bu safar nishonga klub diretkorini oldi. Murabbiy ularni klubni kuchaytirish uchun jiddiy transferlarni amalga oshira olmaganlikda aybladi.

Portugaliyalik murabbiyga ayniqsa “Lester”dan Harri Maguayrning transferi barbod boʻlgani qattqi taʼsir qildi.

“Manchester Yunayted”, 2018-19, Mourino & Pogba

Hozircha soʻnggi nizo Pogba va u oʻrtasidagi boʻldi. Biroq aynan shu holat uning kelajagiga soya solishi hech gapmas. Aslida portugaliyalik murabbiyning fransiyalik yarim himoyachi bilan munosabatlari ikki mavsum ichida past-baland boʻldi. Bu mavsumda esa u ortiq jamoaga yetakchilik qila olmasligini aytishi ortidan sodir boʻldi.

Koʻrinib turibdiki, Mourino faoliyatining ibtidosidan boshlab turli darajadagi kishilar bilan oʻzaro ziddiyatlarda boʻlib kelgan. Hozirgi klubida ham jamoaning eng qimmat transferi bilan oʻzaro ziddiyatga borishi uning yaqin kelajagiga rahna solmoqda.
Erkinjon Gʻaybullayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourinoning intihosi yoxud u qanday soʻnmoqda?