23:55 / 20.05.2019
3 240

«Muhtasham o‘n kun» yoki milliy terma jamoamiz haqida

«Muhtasham o‘n kun» yoki milliy terma jamoamiz haqida
Superliga bahs­lari judayam keskin tus olayotgan bir pallada bu mavzudan biroz chetlanamiz-da, taxminan yana ikki haftadan keyin boshlanajak voqealar xususida so‘z yuritsak. Bugungi mavzuimiz ayni kunlarda stadionlarda, ijtimoiy tarmoqlarda tarafma-taraf bo‘lib, bir-birlari sha’niga nomaqbul so‘zlarni aytayotgan muxlislarimizni biroz chalg‘itsa - bizga mana shuning o‘ziyam kifoya. E’tiborimizda - barchamiz uchun ardoqli bo‘lgan milliy terma jamoa.

Ma’lumingizkim, yaqinlashib kelayotgan iyun oyining 2-11 sanalari FIFA kunlari deb e’lon qilingan va mazkur «o‘n kunlik»da milliy terma jamoamiz vakillari har qachongidan unumliroq foydalanib, uchta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishadi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, futbolimizda rahbariyat o‘zgarganidan keyin o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil qilish borasida misli ko‘rilmagan ishlar amal oshirilmoqda.

Agar ta’bir joiz bo‘lsa, shu qisqa muddat oralig‘ida oldingi 25 yilda tashkil qilinmagan o‘rtoqlik o‘yin­lari o‘ynaldi. Osiyoning odatiy kuchliroq terma jamoalari bilan bir qatorda, Afrikaning Marokash va Senegal termalariga qarshi to‘p surdik, Janubiy Amerika grandi Urugvay bilan ham 2ta o‘yinda maydonga tushishga ulgurdik, mana endi navbat Yevropa vakili - Turkiya terma jamoasiga!

Mazkur o‘n kunlik jadvaliga nazar tashlasak, haqiqatan ham ancha chiroyli manzara guvohiga aylanamiz: 2 iyun kuni Antalyada Turkiya bilan maydonga tushsak, 7 iyun kuni Toshkentda KXDR termasini qabul qilamiz. Va nihoyat, so‘nggi o‘yinimizni 11 iyun kuni yana Toshkentda Suriya jamoasiga qarshi o‘tkazamiz.

TURKIYaNING TIG‘IZ TAQVIMI

Aytish joizki, Shenol Gunesh bosh murabbiyligidagi Turkiya termasi futbolchilari Antalya shahrida bizdan ancha oldin yig‘ilishadi. Ular ayni paytda Yevro-2020 saralash bahs­lari doirasidagi ancha muhim ikkita o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishmoqda va bizgacha Antalyadagi muhtasham New Antalya Stadium arenasida 30 may kuni Gretsiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishadi. Oradan uch kun o‘tib, 2 iyun kuni bo‘ladigan Turkiya - O‘zbekiston bellashuvini Antalyadagi 15 000 tomoshabinga mo‘ljallangan mo‘’jazgina Alanya Oba Stadiumi qabul qiladi.

Aytish joizki, bizdan oldin Gretsiya bilan bo‘ladigan bahsga turklar eng oxirgi modelda qurilgan arenani tanlagan bo‘lishsa, bizga qarshi o‘yin judayam oddiy stadionda o‘tadi. Shunga qaramay, mahalliy vaqt bilan soat 20:00da boshlanadigan bahs bizda soat 23:00ga to‘g‘ri keladi va o‘ylaymizki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan translyatsiyani hamyurtlarimiz bamaylixotir tomosha qilishlari mumkin.

Yuqorida tilga olganimizdek, Shenol Gunesh shogirdlarini bizga qarshi o‘yindan ozgina o‘tib, aniqrog‘i, o‘sha 8 va 11 iyun kunlari Yevro-2020 saralash bahslari doirasida o‘ta og‘ir ikkita o‘yin kutib turibdi: avvaliga ular o‘z maydonlarida jahon chempioni Fransiyani qabul qilishsa, uch kun o‘tib, olis Reykyavikda Islandiya termasiga qarshi maydonga tushishadi.

Yuqoridagi faktlardan shuni taxmin qilish mumkinki, Turkiya - O‘zbekiston uchrashuvi nafaqat nomi bilan, balki to‘g‘ri ma’noda ham «o‘rtoqlik» o‘yiniga aylanishi ko‘p ehtimol. Qaysi ma’nodaki, bizga qarshi o‘yinda turklar ustozi o‘z futbolchilarini ancha ehtiyotlab o‘ynatadi. Ularni keyingi bahslarda Fransiya va Islandiyadek kuchli raqiblar kutib turgani bois ham bizga qarshi bahsda asosiy e’tiborlardan biri jarohat olmaslikka qaratilishi turgan gap.

TURKIYa TERMA JAMOASI

2002 yilgi jahon va 2008 yilgi Yevropa chempionatlarida chinakamiga sensatsion natijalar qayd etib, yarim finalgacha yetib borgan Turkiya milliy jamoasi oradan 10 yil vaqt o‘tdiki, tuzukroq natijaga erisha olgani yo‘q. O‘sha yillari Yevropa arenalarida «Galatasaroy» ancha muvaffaqiyatli ishtirok etgandi, hattoki, «Fenerbaxche» va «Beshiktosh» ham ancha-muncha kuchli jamoalar sirasiga kirardi. Lekin so‘nggi yillarda mamlakat klublari ham, milliy terma ham oldingiga nisbatan sezilarli darajada kuchsizlangan.

O‘sha 10 yil oldingi davrlardan keyin jamoada avlodlar almashinuvi ro‘y berdi, mutlaqo yangi nomlar paydo bo‘ldi. Aytish joizki, ayni paytdagi Turkiya termasi tarkibidagi nomlar oldingilari kabi judayam zalvorli emas. Shunga qaramay, Shenol Gunesh qo‘l ostida anchagina mahoratli ijrochilar to‘planganki, bu raqibga qarshi maydonga tushish Ektor Kuper shogirdlari uchun baribir, katta maktab vazifasini o‘tab beradi.

Turkiya darvozasini Belgiyaning «Antverpen» klubi posboni Sinan Bolat qo‘riqlaydi. Himoyada ham ichki chempionat vakillaridan tashqari bir qator legionerlar yig‘ilgan: Zeki Chelik («Lill», Fransiya), Chag‘lar Soyunju («Lester», Angliya), Kaan Ayxan («Fortuna», Germaniya), Merix Demiral («Sassuolo», Italiya), Ozan Kabak («Shtutgart», Germaniya).

Terma jamoa o‘yinini «chizib beruvchi» ijrochilarni ayni paytda yarim himoya va hujumdan topish mumkin, desak xato bo‘lmaydi. O‘rta chiziqda «Milan» a’zosi Hoqon Chalxanoglu, «Volfsburg» vakili Yunus Malli va «Selta» yarim himoyachisi Okay Yokushlu uchligi asosiy figuralar sanalsa, hujumda «Everton» forvardi Jenk Tosun va «Beshiktosh» goleadori Burak Yilmaz raqib darvozabonlari uchun asosiy xavf hisoblanishadi.

Tarkibda bularga qo‘shimcha ravishda Turkiyaning doimiy grand jamoalari - «Galatasaroy», «Fenerbaxche» va «Beshiktosh»dan, shuningdek, yangi «grand» - «Bashakshehir»dan chaqirilgan anchagina kuchli o‘yinchilar bor.

Bosh murabbiy Shenol Gunesh yaqinda milliy jamoada «sensatsion» ishga qo‘l urdi: so‘nggi 5 yil davomida termada o‘ynamagan 39 yoshli Emre Belezo‘g‘lini Albaniyaga qarshi Yevro-2020 saralash bahsida asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Turkiya futbolida afsonaviy futbolchi darajasida qadrlanadigan Emre ayni paytda «Istanbul Bashakshehir» klubi safida mamlakat chempionligi uchun kurashmoqda
(qiziq fakt: Turkiya Superligasi yakuniga ikki tur qolganda «Bashakshehir» va «Galatasaroy» hisobida bir xil - 66tadan ochko bor. 19 may kuni ular so‘nggi tur oldidan bir-birlariga qarshi maydonga tushishadi. Ko‘p ehtimol, chempionlik masalasi oxirgi - 34-turda hal bo‘ladi). Aynan mamlakat chempionati o‘z yakuniga yetganidan so‘ng, 27 maydan keyin terma jamoa Antalyada yig‘iladi.

AVVAL HAM O‘YNAGANMIZ...

Vakillarimiz bundan avval ham Turkiya termasi bilan bahs yuritishgan. O‘shanda Ahmadjon Musayev murabbiyligida jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan 20 yoshlilar jamoasi o‘z tengqurlariga 2:5 hisobida mag‘lub bo‘lishgandi. O‘sha o‘yinda terma jamoamiz safida Asilbek Omonov, Vladimir Kozak, Bobur Yo‘ldoshev, Abbos Maxstaliyev, Jamshid Iskanderov, Temur Hakimov, Sardor Sobirxo‘jayev, Igor Sergeyev kabi futbolchilar harakat qilishgan.

Eng qizig‘i, ayni paytda milliy jamoamiz yetakchilaridan biriga aylanayotgan Jaloliddin Masharipov o‘yinning 55-daqiqasida o‘sha davrdagi yulduzimiz - Temur Hakimovning o‘rniga maydonga tushgandi.

2013 yilning fevral oyida aynan Antalya shahrida o‘tgan mazkur o‘rtoqlik uchrashuvida Turkiya yoshlari 11-daqiqadayoq Asilbek Omonov qo‘riqlayotgan darvozaga 3ta to‘p (!) kiritishga erishishgan va yirik hisobda oldinga chiqib olishgandi. Ke­yinroq bir muddat o‘zlariga kelgan kelgan yoshlarimiz Igor Sergeyevning 32 va 57-daqiqalarda urgan ikki goli evaziga hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirishgan. Lekin so‘nggi 10 daqiqada tashabbusni takror o‘z qo‘liga olgan turklar yana 2ta gol urib, yakuniy hisobning 5:2 bo‘lishini ta’minlashgandi.

Turkiya yoshlari safida hozirgi kunda milliy terma futbolchilari hisoblanuvchi atigi ikki o‘yinchi - Hoqon Chalxanoglu va Okay Yokushlu maydonda harakat qilgan bo‘lsalarda, aynan mana shu «ikkilik» ayni paytda turklarning eng xavfli futbolchilari sanalishadi. «Milan» vakili Chalxanoglu uchun barcha ta’riflar ortiqcha.

25 yoshli futbolchi hozirda ayni kuchga to‘lgan, hozirgacha o‘z milliy jamoa­si safida 40ta o‘yinda maydonga tushib, 10 gol urishga ulgurgan. Ispaniyaning «Selta» klubi vakili Okay Yokushlu ham shu kungacha milliy terma safida 21ta o‘yinda maydonga tushdi va 1ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan («Selta» safida 22 o‘yin, 2ta gol).

URUGVAY BILAN O‘YINDAGI MAG‘LUBIYaT TAKRORLANMASIN-DA!

Turkiya ham xuddi Urugvay kabi kuchli jamoa. Ham anchayin agressiv terma. Yuqoridagi tarkibdan ham ko‘rib turibsiz, Urugvay bilan ikkita o‘yindagi kabi 0:3 hisobini ulardan bemalol kutish mumkin. Xo‘sh, shunday kuchli raqiblarga qarshi o‘yinga vakillarimiz tayyor bo‘lib qolishdimi?

Afsuski, bu savolga hozircha baralla «Ha» deb javob berolmaymiz.

Vakillarimiz hali Yevropa darajasidagi tajovuzkor futbolga qarshi turib bera oladigan himoya variantlarini o‘ylab topa olishgani, ularga munosib qarshilik ko‘rsata oladigan darajaga yetishganicha yo‘q. Hattoki, Ektor Kuper avvalo, himoyani mustahkamlashni bot-bot takrorlayotgan bo‘lsa ham, aynan hamma muammolarimiz mudofaa chizig‘idan boshlanadi.

Men Superliga bahslarini ko‘proq milliy jamoamiz uchun munosib futbolchilar bor-yo‘qligi nuqtai nazaridan kuzataman. Ularning xatti-harakatlarini, o‘sha harakatlar agarda termamiz o‘yini uchun bo‘lganida qanday foyda berishi yoki aksincha, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin edi, degan o‘y-xayollar bilan o‘tiraman. Ko‘proq Ektor Kuper chaqiradigan o‘yinchilar, milliy termamizning kuzatuvida bo‘lgan futbolchilar, shuningdek, «potensial yangi»larni ko‘zdan kechiraman.

Afsuski, 2-3 oy davomidagi kuzatishlarimni umumlashtirib, shuni afsus bilan tilga olishim mumkinki, darvozada ham, himoyada ham, yarim himoyada ham, hujumda ham juda-juda ko‘plab xatolar, ko‘p vaqt ketkazib tahlil qilib chiqish kerak bo‘lgan kamchiliklar bor. Birgina Ektor Kuperning o‘zi bunday ko‘psonli xato va nuqsonga ega o‘yinchilarni tuzatolmaydi. Yana 10 kunda deng... Uning qo‘l ostida yana 3-4 nafar yetuk yordamchisi ishlayotgan bo‘lsada, atigi 10 kun ular uchun juda kamlik qilish aniq.

Shunday ekan, bu borada faqat va faqat Superligamizdagi jamoalarda faoliyat olib borayotgan murabbiylarimiz ishlashlariga to‘g‘ri keladi. Yanayam aniqroq aytganda, bu mavzu hozirgi kundagi milliy jamoaning 70-80 foiz a’zosini o‘z ichiga olgan «Paxtakor» va «Lokomotiv» klublariga tegishli. Shu ikki jamoamiz, garchi, Superligada hamma narsani qoyillatib, 1-2-o‘rinlarda borayotgan bo‘lsalarda, ular safida to‘p surayotgan va erta-indin Turkiya termasiga qarshi to‘p surishi aniq bo‘lgan aksariyat futbolchilarimizdan xavotirdamiz.

Milliy termamiz himoyasi sanalgan «Lokomotiv» «to‘rtligi»ning OChL va Superliganing ba’zi o‘yinlarida yosh bolalarcha xatolarga yo‘l qo‘yishlari, «Paxtakor»dagi qanot himoyachimiz Farrux Sayfiyevning «Navbahor» bilan o‘yinda Oston O‘runovni 2-3 martalab osongina o‘tkazib yuborishiga o‘xshagan holatlar Superligada ozmuncha uchrayotgani yo‘q. Endi o‘sha Ismoilov va To‘xtaxo‘jayevlarning markazidan, Sayfiyevlarning qanotidan Superligamizning qandaydir o‘rtahol o‘yinchilari emas, «Milan» futbolchisi Hoqon Chalxanoglu yoxud «Everton» hujumchisi Jenk Tosunlar hujum uyushtirayotgan bo‘lishadi.

Ha-ya, aytgancha, «Navbahor» bilan bo‘lgan o‘yindagi kabi oddiy yakkakurashlarda ham yotib olishlarga endi yo‘l qo‘yishmaydi. Endi bizning foydamizga jarimalar berishmaydi. Penaltilar ham belgilanmaydi. Ular Yevropaning hakamlari - aslo bizdagi kabi emas...

Behzod AHMADJONOV

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Muhtasham o‘n kun» yoki milliy terma jamoamiz haqida