date

AQSHning Ukrainaga taklif etgan “tinchlik rejasi” atrofida shov-shuvlar kuchaydi

AQSHning Ukrainaga taklif etgan “tinchlik rejasi” atrofida shov-shuvlar kuchaydi

Ukrainadagi urushni tugatish masalasi yana markaziy muhokamaga aylandi. Bu gal e’tibor markazida Tramp ma’muriyati atrofida shakllanayotgan, OAVlarda “tinchlik rejasi” deb nomlanayotgan hujjat turibdi. Ammo muhokamalarga qarasangiz, bu reja Vashingtondan ko‘ra Moskvaga yaqinroq ekanini his qilish qiyin emas: hujjat amalda Kiyevdan keskin va og‘ir yon berishlarni talab qiladi.

Reja ortida kimlar turibdi?

Muhokama markazidagi nom — Stiven Uitkoff. Ha, Trampning davriy ravishda siyosiy vazifalarga aralashib qo‘yadigan, Putin bilan tarjimonsiz uchrashib nima deyilganini tushunmay qaytgan milliarder do‘sti. Tramp unga yana bir bor imkoniyat bergan ko‘rinadi, ammo bu safar u Ukraina taqdiriga daxldor reja ishlab chiqishda ishtirok etgani aytilmoqda.

Rejaning Rossiya tomonidagi arxitektori esa Kirill Dmitriyev — Kiyevda tug‘ilgan, keyinchalik Kremlda o‘zini “ahamiyatli shaxs” sifatida ko‘rsatishga intilgan amaldor.

Uitkoff esa odatdagidek noqulay vaziyat yaratib ulgurdi — Twitter’da “ma’lumotlar K.dan chiqqan” deb yozib qo‘ydi va tezda o‘chirdi. Bir qarashda sms yozayapman deb o‘ylab, ijtimoiy tarmoqqa jo‘natib yuborgandek. Qisqa qilib aytganda, diplomatiya emas — realiti-shou.

Reja nima deydi?

OAVlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat Ukrainadan quyidagilarni talab qiladi:

– Donbassni to‘liq Rossiyaga topshirish;

– Armiyani keskin qisqartirish;

– Uzoq masofali qurollardan voz kechish;

– Rus tilini davlat tiliga aylantirish;

– Harbiy infratuzilmaga cheklovlar qo‘yish.

E’tiborli jihati — Rossiyadan yechim yoki kompromiss deyarli talab qilinmaydi. Hujjat Ukrainadan bir tomonlama yon berishni talab qilar ekan, “bu tinchlik rejasimi yoki Kremlning orzu-istaklar ro‘yxatimi?” degan savol o‘z-o‘zidan tug‘iladi.

Nega aynan hozir?

Reja muhokamasi ikki muhim jarayon fonida tinmay qalqiyapti:

– Rossiya frontda ayrim yo‘nalishlarda ilgarilab bormoqda;

– Kiyevda esa yirik korrupsion mojaro yuzaga kelib, G‘arb bilan munosabatlarda sovuqchilik paydo bo‘lmoqda.

AQSH esa Ukrainadan keskin talablar qo‘yishgacha borishi ayni shu ikki omilga bog‘liq ekani taxmin qilinmoqda.

Xulosa qanday?

Ushbu “tinchlik konsepsiyasi” Ukrainada ham, Yevropada ham jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Chunki undagi shartlar mustaqil davlat uchun juda og‘ir hisoblanadi. Vashingtonning maqsadi — urushni tezda, har qanday narx evaziga to‘xtatishdek ko‘rinadi. Ammo Kiyev uchun bu narx juda baland.

Ukrainada muhokamalar olovlanyapti, Yevropa esa rejani jiddiy xavf sifatida ko‘rmoqda. G‘arb rasmiylari buni “Kremlga yoqimli shartlar to‘plami” deb baholashni boshladi.

Bir narsa aniq: ushbu reja atrofidagi tortishuvlar Ukraina–Rossiya mojarosida yangi bosqich boshlanganidan darak beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » AQSHning Ukrainaga taklif etgan “tinchlik rejasi” atrofida shov-shuvlar kuchaydi