Olimpiada yo‘llanmasidan quruq qoldik. Bu birinchi marta emas, agar o‘zgarishni xohlamasak oxirgisi ham bo‘lmaydi.
Kecha Tailand poytaxti Bangkokda U-23 Osiyo chempionatining uchinchi o‘rin uchun bahsi bo‘lib o‘tdi. Afsuski, Tokio-2020 uchun Osiyo qit’asiga ajratilgan so‘nggi yo‘llanma taqdiri hal bo‘lgan mazkur qarama-qarshilikda O‘zbekiston olimpiyachilari Avstraliyaga imkoniyatni boy berishdi.
Jamoada lider yo‘q
Har qanday kuchli jamoada yetakchilar bo‘ladi. Aynan, liderlar qiyin pallalarda sheriklarini oldinga chorlab vaziyatdan chiqib ketishda asosiy rolni bajarishadi. Afsuski, biz bu jamoamizda birorta liderni ko‘rmadik. Yetakchisiz jamoa sarbonsiz karvonga o‘xshaydi.
Ishonchni oqlamagan futbolchilar talaygina topiladi. Musobaqadagi eng yomon o‘yinchimiz Islom Qobilov bo‘ldi. Sardorimiz markaziy himoyachiga xos bo‘lmagan darajada ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi, yetakchi bo‘la olmagani yetmagandek o‘z ishini ham maromiga yetkaza olmadi. To‘p uchun kurashlarda imkoniyatlarni boy berish, birga-bir vaziyatlarda raqiblarni o‘tkazib yuborish, brak paslar... Ochig‘i, Islomni taniyolmay qoldim. Yaxshi ham, qator vaziyatlarda uning xatolarini Aliqulov yopib turdi. Bundan tashqari, darvozabonimiz Abduvohid Ne’matov ham o‘ziga o‘xshamadi. Umid Ergashevning jarohatidan keyin "Nasaf"da ham, Olimpiya terma jamoasida ham asosiy kiper bo‘lib olgan Ne’matov musobaqani yomon o‘tkazdi. Biz Tailand maydonlarida o‘tgan mavsum "ajdarlar" tarkibida ko‘rganimiz Abduvohidni uchratmadik.
Barcha o‘yinlarimizda yetakchilikni o‘ziga olishga uringan futbolchimiz Jasur Yaxshiboyev bo‘ldi. Ammo, u buni uddalay olmadi. Yaxshiboyev jamoadoshlari uchun eng ko‘p vaziyatlar yaratdi. Ko‘p hollarda masalani bir o‘zi hal qilmoqchi bo‘lgani bu safar zararimizga ishladi. Jasur ko‘p vaziyatlarni barbod qildi, shu bilan birga o‘sha ko‘p imkoniyatlarni o‘zi yarata oldi ham. Ammo, biz kutgan Yaxshiboyev bu emas. Undan ko‘prog‘ini kutgan edik.
Yaxshi o‘ynagan futbolchilarimiz barmoq bilan sanarli bo‘ldi
Umumiy yaxshi qatnasha olmadik, lekin o‘zini ko‘rsata olgan o‘yinchilarimiz ham bo‘ldi. Birinchi navbatda markaziy himoyachi Husniddin Aliqulovni tilga olgan bo‘lardim. Himoyamizda eng tartibli vakil aynan u bo‘ldi. Ko‘plab vaziyatlarda hujumlarni aynan u bartaraf etib turdi. Bundan tashqari, Aliqulov standart vaziyatlarda raqib jarima maydonchasida ham eng faol o‘yinchimiz bo‘ldi. Ikkinchi qavatda to‘pni yutib raqiblar darvozasi tomon zarbalar berdi.
Avstraliyaga qarshi bellashuvning oxirgi daqiqalarida u asosan "kengurular" jarima maydonchasida o‘ynadi va himoyachi bo‘lishiga qaramay o‘sha so‘nggi 10-15 daqiqalikda hujumda eng faol futbolchimiz bo‘ldi. Husniddin timsolida o‘zbek futbolida ajoyib markaziy himoyachi yetishib chiqayotganiga amin bo‘ldim. Buning uchun uni tarbiyalagan "Mash’al"ga ham, unga Superligada imkon berib kelayotgan "Nasaf"ga ham rahmat aytib o‘tmoqchiman.
O‘zini juda yaxshi ko‘rsatgan yana bir futbolchi Oybek Bozorov bo‘ldi. Eng yaxshi o‘yinchimiz Aliqulov bo‘lsa, keyingisi Oybek. Birinchi uchrashuvda zaxiradan tushgan Bozorov keyin asosiy tarkibdagi joyni To‘xtasinovdan tortib oldi. Avstraliya bilan o‘yingacha barcha bellashuvlarda hujumdagi asosiy figura aynan Bozorov bo‘ldi. Tezlik, dribling va yaxshi zarbaga ega yarim himoyachi nima uchun kecha zaxirada qolganini faqat bosh murabbiyning o‘zi biladi. Oxir-oqibat uning zaxiradan o‘yinga tashlanishi xato bo‘lib chiqdi.
Lekin, qizil kartochka ko‘rsatilgan vaziyatda Bozorovni umuman ayblamayman. Bu o‘yinda uchrab turadigan epizod edi. Boz ustiga, u raqibni payqamadi, ikki ko‘zi yuqoridan pastga tushayotgan to‘pda edi. Bu holat menga bir necha yillar avval YECHL doirasida "Manchester Yunayted" va "Real" o‘rtasida kechgan bellashuvdagi epizodni eslatib yubordi. MYU yarim himoyachisi Nani havodan kelayotgan to‘pni qabul qilib olaman deb madridliklar futbolchisiga zarba berib yuborgandi.
O‘shanda ham Nani faqat to‘pga qaragan va raqibni payqamagan. Keyinchalik bir kishi kam bo‘lib qolgan "Real" Mourino zaxiradan darhol maydonga tushirgan Modrichning zarbasi va Ronalduning goli evaziga g‘alabani, shu bilan birga keyingi bosqich yo‘llanmasini ilib ketgandi. Manchesterda esa hech kim mag‘lubiyatda Nanini ayblamagan.
Bundan tashqari, Hojiakbar Alijonov ham ajralib turdi. Ammo, o‘tgan mavsum "Paxtakor" va O‘zbekiston MTJdagi o‘yinlariga taqqoslasak u ham o‘z imkoniyatidan biroz pastroq darajada o‘ynagandek ko‘rindi. Shaxsan o‘zim undan ko‘proq narsa kutgan edim.
Muvaffaqiyatsizlikda asosiy faktor - bosh murabbiy!
Tailanddagi musobaqaga saralash bellashuvlari doirasida biz o‘rin olgan guruh uchrashuvlari Toshkentda o‘tkazilganidan xabaringiz bor. Saralashni 4 ochko bilan birinchi o‘rinda yakunlaganimizni ham bilasiz. Ammo, o‘z uyimizda o‘tgan uchrashuvlarda ham o‘yinimiz menda iliq taassurot qoldirmagandi. Tojikiston bilan 0:0 hisobidagi nursiz o‘yinimizdan keyin matbuot anjumanida Drulovichdan o‘yinimiz ko‘ngildagidek emasligi va markazimiz juda bo‘shligi, markazdan yorib kirishlar, paslar deyarli bo‘lmayotgani sababini so‘ragandim. U esa fantastik o‘ynadik, markazdagi o‘yinchilarimdan esa ko‘nglim to‘q deb aytgandi. Ammo, mana ko‘rdik-ki, markazdagi muammolarimiz deyarli bir yil o‘tib ham bartaraf etilmagan bo‘lib chiqdi.
Bosh murabbiy har oy yig‘in o‘tkazdi va ko‘plab o‘rtoqlik uchrashuvlarida shogirdlarini sinadi. Ammo, musobaqada faqat 13 nafar o‘yinchi asosiy tarkibda tushdi. Bo‘lib ham, biri Mirjahon Mirahmadov oxirgi o‘yinda. Ya’ni, shuncha yig‘inlar va mashg‘ulotlar faqat 12-15 nafar o‘yinchi uchunmidi? Unda nega 23 futbolchi olib ketildi. Muzqaymoq yedirib kelganimi? Bir xil tarkibda o‘ynayverdik, o‘ynayverdik. Hech qanday rotatsiya yo‘q va hal qiluvchi ikki uchrashuvda yigitlarda charchoq alomatlari yaqqol sezildi.
Murabbiyning shartnomasi shu oyda yakuniga yetishini o‘zi aytib o‘tdi. Drulovich ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazishni O‘FA rahbariyatidan so‘rab qolardim. Har bir yirik musobaqadan so‘ng bosh murabbiy OAV ishtirokida hisobot topshirishi lozim. Bu hisobot ham OAV, ham muxlislar uchun bo‘ladi. Janob Lyubinkoga jurnalistlarda yetarlicha savollar borligiga ishonchim komil. Ushbu anjumanda O‘FA va PFL rahbarlari ham ishtirok etishsa yanada yaxshi. Zero, ularga ham savollarimiz bor.
JCH-2018dagi omadsizlikdan keyin Germaniya ustozi Yoaxim Lyov 4 soatdan ko‘proq vaqt davomida matbuot anjumanida ishtirok etgan va barcha savollarga to‘liq javob berib chiqqandi.
Avstraliyaga qarshi murabbiy bo‘ydor hujumchi Mirjahon Mirahmadovni birinchi 11talikka kiritdi. Bungacha u faqat bir marotaba zaxiradan maydonga tushgandi. E’tibor bering, bosh bilan juda zo‘r bo‘lmagan jamoalarga qarshi ham o‘ynamagan hujumchi ikkinchi qavatda eng zo‘ri hisoblangan jamoaga qarshi jangga tashlandi. Zo‘riga qarshi undan ham zo‘r bo‘lmasang foydasi yo‘q. Avstraliyaliklar inglizcha futbolni afzal ko‘rishadi.
Shu sabab ular Osiyoda bosh bilan eng yaxshi o‘ynaydigan terma jamoa, menimcha. Aytmoqchi bo‘lganim "Yashil qit’a" vakiliga qarshi bo‘ydor forvard befoyda edi, nazarimda. Baribir ular havodagi to‘plarni yutib olaverishardi. Bunday raqibga qarshi pastdan o‘ynagan ma’qulroq edi. Birinchi bo‘limda Bobir Abdixoliqov bir necha bor tezlik va dribling evaziga raqiblarni aldab o‘ta oldi. Demak, tez va driblingi yaxshi futbolchi eng keraklisi edi shu kuni bizga. Bu borada tarkibimizdagi eng yaxshi bo‘lib turgan Oybek Bozorov esa zaxirada qoldirildi. Nega?
Tarkibimizda juda ham mehnatkash Oybek Rustamov, "Surxon"da zo‘r mavsum o‘tkazgan Abror Ismoilovlar bo‘la turib murabbiy faqat Abdulla Abdullayev va Aziz G‘aniyevlarni tayanch yarim himoyada o‘ynatdi. Abdullayev kecha juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi, yomon o‘ynadi. Balki, bu to‘xtovsiz o‘ynash oqibatidir. Bundan tashqari, Sharof Muhiddinovdek markazning yana bir ajoyib o‘yinchisi ham bor edi. Afsuski, Drulovich Sharofni ikki bor, har ikkala safar ham yutqaza boshlaganimizda maydonga tushirdi. Yutqazib turganimizda hali umuman imkon bermayotgan o‘yinchilarini tushirib yuborish odati Kuperda ham bor edi.
Drulovich saralashda ham, U-23 Osiyo chempionatida ham o‘yinimizni shakllantira olmadi. So‘nggi ikki o‘yinimizda raqiblardan ko‘proq imkoniyatlar yaratdik, to‘g‘ri. Lekin, gol qani? Gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin unga kerakli reaksiya qani? Shaxsan o‘zim olimpiyachilarimizning o‘yinida murabbiy imzosini ko‘rmadim.
Drulovich Aziz G‘aniyevni deyarli barcha o‘yinlarda tayanch zonada o‘ynatdi. Ajoyib pas beradigan, maydonni juda yaxshi ko‘radigan va fantastik zarbaga ega G‘aniyevni oldinga chiqarmay orqada ushlab turaverilishi Azizning zarariga ishladi.
Bosim
Mana shu narsa o‘zbek futbolchilarining eng katta dushmanlaridan biri bo‘lsa kerak. Doim katta o‘yinlarda, bosim juda yuqori bo‘lganda o‘zimizni yo‘qotib qo‘yaveramiz. Katta o‘yinlardan qachongacha qo‘rqamiz? Shu o‘rinda yaqindagina xorij nashriga intervyu bergan "Paxtakor" yetakchilaridan biri Dragan Cheranning o‘zbek futbolchilari haqida aytgan gapini keltirib o‘tmoqchiman: "O‘zbeklarda maqsad yo‘q, tez taslim bo‘lishadi va katta bahslardan qo‘rqishadi". Afsuski, shunday.
Tolibjon Qosimov
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi