So‘nggi kunlardagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi atrofida ro‘y berayotgan asosiy masalani tahlil qilishga harakat qilyapmiz. Paulu Bentu Toshkentga yetib keldi. Portugaliyalik mutaxassis yaqin kunlar ichida O‘zbekiston terma jamoasi bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda. Ayni paytda terma jamoa Timur Kapadze boshchiligida CAFA kubogiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi va umuman o‘zbek futbolining yaqin istiqbolini belgilaydigan har qanday muhim qaror kabi, bu yangilik ham ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Odamlar ikki toifaga bo‘lindi – Bentuning tayinlanishini qo‘llab-quvvatlovchilar va Timur Tohirovich tarafdorlari. Uchinchi toifa odamlar ham bor: ular betaraf qolib, keyingi voqealarni kutmoqdalar. Biroq bunday odamlar uncha ko‘p emas.
Qabul qilingan qarorning mantig‘ini tushunishga harakat qilaylik. Buning uchun taxminan bir yil oldingi davrga qaytamiz. O‘sha paytda ham Srechko Katanetsning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar ma’lum edi. U O‘zbekiston milliy terma jamoasining bir necha o‘yinlarida ishtirok eta olmagan va uning o‘rnini yordamchilari egallagan edi. Katanes 2026 yilgi Jahon chempionatida jamoa bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmasligi aniq edi.
O‘sha paytdayoq O‘FA Katanetsni almashtirish masalasini ko‘rib chiqishni boshlashi lozim edi. Biroq O‘zbekiston terma jamoasini oldinda 2026 yilgi Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi o‘yinlari kutayotgan edi. Vaqt tanqisligi sharoitida yakunda o‘zini oqlagan yagona to‘g‘ri qaror qabul qilindi – jamoaga Timur Kapadze bosh murabbiy etib tayinlandi. U O‘zbekiston U-23 terma jamoasi va "Olimpik" bilan muvaffaqiyatli ishlagan, shuningdek, mahalliy futbolchilarni juda yaxshi bilardi. Ehtimol, aynan shu so‘nggi omil hal qiluvchi rol o‘ynagan. Mas’uliyatli o‘yinlar arafasida mahalliy futbolni bilmaydigan chet ellik murabbiynni tayinlash juda xavfli bo‘lardi. Legioner murabbiylar bunga kamida bir necha oy sarflaydilar, ba’zilari esa umuman o‘zbek futbolining mohiyatini tushunib yetolmaydilar.
2026 yilgi JCHga yo‘llanma qo‘lga kiritildi. Temur Kapadze Srechko Katanes qoldirgan "merosdan" mohirona foydalandi. Temur Tohirovich taktikada ham, tarkibda ham keskin o‘zgarishlar kiritishdan o‘zini tiydi. Kapadzening hissasini na kamsitish, na ortiqcha baholash to‘g‘ri bo‘ladi: u murakkab vaziyatda o‘z terma jamoasiga yordam qo‘lini cho‘zib, mas’uliyatni zimmasiga olishdan cho‘chimay, o‘z vazifasini ado etdi. Shubhasiz, Katanes jahon chempionatiga chiqish yo‘lidagi ishning 85-90 foizini bajargan edi. Biroq aynan o‘sha 10-15 foiz ko‘pincha yetishmay qoladi va Kapadze buni umumiy yutuqqa qo‘shishga erishdi.
Ammo shu zahoti boshqa savol ko‘ndalang bo‘ldi: bundan keyin nima qilish kerak, mamlakat tarixidagi ilk jahon chempionatiga qanday tayyorgarlik ko‘rish lozim?
Hali iyun oyidayoq O‘zbekiston milliy terma jamoasiga kim boshchilik qilishi mumkinligi haqidagi dastlabki mish-mishlar tarqala boshlagan edi. Nomzodlar ko‘p edi – Lyovdan tortib Terimgacha. Biroq yuqori darajada, ayniqsa yirik musobaqalarda milliy jamoalar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan "taniqli" murabbiylar orasidan izlanayotgani aniq bo‘lib qoldi.
Nomzodlar ro‘yxatida Paulu Bentu nisbatan yaqinda paydo bo‘ldi. Chamasi, u bilan tez kelishuvga erishilgan. Portugaliyalik mutaxassisning salmoqli tajribasi bor: u "Sporting"da uzoq vaqt ishlagan, Portugaliya terma jamoasini boshqargan va Osiyo futbolini yaxshi biladi – Janubiy Koreya hamda BAA terma jamoalarining bosh murabbiyi bo‘lgan. Biroq u terma jamoalar bilan yirik musobaqalarda katta yutuqlarga erisha olmagan: BAA terma jamoasini 2026 yilgi Jahon chempionatiga olib chiqa olmagan va Osiyo Kubogining 1/8 finalidayoq Tojikistonga penaltilar seriyasida yutqazgan. Janubiy Koreya terma jamoasi bilan esa eng yaxshi natijasi Jahon chempionatining 1/8 finali va Osiyo Kubogining 1/4 finali bo‘lgan. Portugaliyaliklar bilan 2012 yilda Yevropa chempionatining yarim finaliga chiqqan, ammo 2014 yilgi Jahon chempionatida guruhdan nariga o‘ta olmagan. Agar terma jamoalar bilan erishgan aniq natijalari baholansa, uning faoliyati ziddiyatli ko‘rinadi.
Bentuni nima uchun taklif qilishayotgani va undan JCH-2026da nimalar kutilayotganini anglash lozim. Guruhdan chiqishmi yoki faqatgina turnirda "munosib ishtirok etish"mi? Agar pley-offga chiqish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa-yu, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bunga erisha olmasa, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Shuningdek, portugaliyalik murabbiyni qancha muddatga taklif qilishayotgani ham noma’lum, chunki JCH-2026dan yarim yil o‘tib, 2027 yilning yanvar-fevral oylarida Osiyo kubogi o‘tkaziladi.
Hozircha Timur Kapadze taqdiri haqida ham aniq ma’lumot yo‘q. U "Paxtakor"ni boshqarishi mumkinligi haqida ichki ma’lumotlar tarqaldi. Biroq u milliy terma jamoada Paulu Bentuga yordamchi sifatida qoladimi? Timur Tohirovich bunday vazifani qabul qiladimi?
Mening fikrimcha, o‘zbek futboli olamiga "yo‘l ko‘rsatuvchi"siz Bentu uchun juda qiyin bo‘ladi. Portugaliyalik murabbiy uchun aynan shunday shaxs Timur Kapadze bo‘lishi mumkin. Bentu Osiyoda ishlagan davr mobaynida uning faqat bitta mahalliy yordamchisi bo‘lgan – koreyalik Tey Vuk Choy. BAA terma jamoasida esa portugaliyalik murabbiyning bunday ko‘makchisi yo‘q edi.
Futbolda "agar" degan so‘z o‘tmaydi. O‘zbekiston terma jamoasiga Paulu Bentu kelsa nima bo‘lishini bilmaymiz. Xuddi shunday, Temur Kapadze davrida jamoaning ahvoli qanday bo‘lishini ham bilmaymiz. To‘g‘ri, balki Bentu O‘zbekiston terma jamoasi uchun eng maqbul tanlov emasdir. Biroq portugaliyalik murabbiyning qanchalik yaxshi ekanini faqat 2026 yilgi Jahon chempionatida bilib olishimiz mumkin, chunki aynan natija murabbiyni belgilaydi. Srechko Katanes yorqin bo‘lmagan o‘yin uslubi uchun bir necha bor tanqid qilingan bo‘lsa-da, u ko‘p jihatdan jahon chempionatiga chiqishni ta’minlab, natija taqdim etgandi.
Axir, biz oddiy futbol muxlislaridan kimni bosh murabbiy etib tayinlash haqida hech kim so‘ramaydi. Na oddiy ishqibozlar, na jurnalistlardan. Hammaga ham yoqish qiyin, chunki baribir biror narsadan norozi yoki qoniqmaydigan odamlar topiladi. Qarorni mamlakatning futbol rahbariyati qabul qiladi va mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Bu tanlov qanchalik o‘zini oqlashini bir yildan so‘ng bilib olamiz.
Nikolay Yegorichev