date

«Bashakshehir» uchun hal qiluvchi bahs: Shomurodov asosiyda, Fayzullayev zaxirada

«Bashakshehir» uchun hal qiluvchi bahs: Shomurodov asosiyda, Fayzullayev zaxirada

O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilari — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev safida harakat qilayotgan «Istanbul Bashakshehir» bugungi kecha UYEFA Konferensiyalar ligasi pley-off bosqichi doirasida hal qiluvchi javob bahsini o‘tkazadi.

Istanbul klubi avvalgi bosqichlarda Bolgariyaning «Cherno More» va Norvegiyaning «Viking» jamoalarini musobaqadan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan edi. Biroq pley-offning so‘nggi to‘sig‘ida ular Ruminiyaning kuchli jamoasi — «Universitetya Krayova»ga qarshi to‘qnash keldi.

Turkiyada o‘tgan ilk bellashuvda Chag‘dash Atan boshchiligidagi «Bashakshehir» kutilmagan tarzda 1:2 hisobida imkoniyatni qo‘ldan boy berdi. Endi esa barcha narsa Ruminiyada kechadigan javob uchrashuviga bog‘liq.

Chag‘dash Atan fikrlari

Jamoa murabbiyi Chag‘dash Atan uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda ilk bahsdagi xatolar va javob o‘yinidan kutilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi:

«Birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan afsusdamiz. Biz to‘pni nazorat qildik, lekin undan samara chiqara olmadik. Ikki golni o‘tkazib yubordik va bundan xulosa chiqarishimiz shart. Javob uchrashuvi og‘ir bo‘ladi, ammo maqsadimiz aniq — g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l olish».

Fayzullayev haqida alohida

Murabbiy Abbosbek Fayzullayev haqida ham fikr bildirdi:
«Abbos uzoq vaqtdan beri rasmiy o‘yinlarda qatnashmagani sababli sport formasiga to‘liq kirish jarayonida. Uning tayyorgarligi kundan-kunga yaxshilanmoqda. Tez orada yuz foiz holatga kelib, jamoaga katta yordam beradi. Men unga ishonaman».

Turk futboli muhiti

Atanning so‘zlariga ko‘ra, «Bashakshehir» Turkiyada doim muxlislar bosimi ostida o‘ynashga o‘rganib qolgan. «Viking»ga qarshi bahs ham ana shunday muhitda o‘tgan. «Galatasaroy», «Fenerbahche», «Beshiktosh» va «Trabzonspor» kabi top-klublar stadionlari hamisha to‘lib-toshgan bo‘ladi va bu jamoani kuchli ruhda saqlaydi.

Biz finallarda doim yaxshi o‘ynaydigan jamoalar qatoriga kiramiz. Oldindagi to‘qnashuv ham biz uchun finalga teng o‘yin bo‘lishi shubhasiz.

Hal qiluvchi bahs oldidan

Murabbiyning ta’kidlashicha, Konferensiyalar ligasi guruh bosqichiga chiqish nafaqat klub uchun, balki butun turk futboli uchun katta ahamiyatga ega. «Bu yerga xalqimizga faxr-iftixor baxsh etish uchun keldik. Moliyaviy tarafdan ko‘ra, sport tomoni biz uchun muhim. Liganing asosiy turniriga chiqishimizga bir qadam qoldi. Guruh bosqichiga chiqish uchun bor kuchimizni ishga solamiz», — dedi Atan.

Kutilgan tarkib

Turk matbuotiga ko‘ra, bo‘lajak bahsda Eldor Shomurodov asosiy tarkibdan maydonga tushishi, Abbosbek Fayzullayev esa ikkinchi taymda zaxiradan o‘yinga qo‘shilishi kutilmoqda.

“Bashakshehir” tarkibi:
Darvozabon: Volkan Babajan.
Himoyachilar: Onur Bulut, Usseynu Ba, Jerom Opoku, Kristofer Operi.
Yarim himoyachilar: Berat O‘zdemir, Deniz Tyuruch, Migel Krespo, Olive Kemen.
Hujumchilar: Eldor Shomurodov, Nuno da Koshta.

«Universitetya Krayova» – «Istanbul Bashakshehir» javob uchrashuvi 28 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 22:30 da start oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Bashakshehir» uchun hal qiluvchi bahs: Shomurodov asosiyda, Fayzullayev zaxirada