00:30 / 26.07.2020
3 226

Tojikistonning O‘zbekistonga qarshi o‘yindan ko‘zlagan maqsadi nima?

Tojikistonning O‘zbekistonga qarshi o‘yindan ko‘zlagan maqsadi nima?
Yaqinda yon qo‘shnimiz – Tojikiston milliy terma jamoasining bir haftalik mashg‘ulot boshlagani haqida xabar berilgan edi. Oxirgi paytlarda esa tojik futboliga bo‘lgan e’tiborimiz ortgani ham haqiqatga to‘g‘ri keladi. Birinchidan, terma jamoasini hamyurtimiz Usmon Toshev boshqarmoqda, ikkinchidan esa sentabr oyining dastlabki kunlarida Tojikiston Toshkentda O‘zbekiston bilan o‘ynaydi.

O‘zingiz yaxshi tushunib turganingizdek, tojikistonliklar Usmon Toshev boshqaruvida mashg‘ulotlarga kirishishgani bejiz emas. To‘g‘ri, oktabr oyida rasmiy uchrashuvlar o‘tkaziladi va asosiy e’tibor JCH saralashlariga qaratilgan. Lekin oldinda turgan dastlabki vazifa esa O‘zbekiston bilan o‘yinga qaratilgani oydek ravshan. Tojikiston termasini boshqarib borayotgan Usmon Toshev esa uchta jihat: terma jamoasining tayyorgarligi, O‘zbekistonga qarshi o‘yin hamda jamoamizning bugungi kuchi haqida gapirdi.

O‘zbekiston, BAA va Bahrayn – bular Tojikiston termasining o‘rtoqlik bahslaridagi raqiblari
- Xudoga shukr, bizda hammasi yaxshi, sog‘-salomatmiz va ishni boshlab yubordik. Bir hafta davomida reja bo‘yicha shug‘ullanyapmiz, 26 iyul kuni mashg‘ulotni tugatamiz va futbolchilar klublariga qaytishadi. 1 avgustdan Kubok bahslari boshlanadi. Tayyorgarlik davomida o‘yinchilarimizdan test olindi, hammasi joyida. Albatta, baribir pandemiyaning ta’siri bor, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Chunki yetti oy shug‘ullana olmadik.

Lekin futbolchilar bilan yana yig‘ilib, mashg‘ulotlarga kirishganimizda bizning uslublarimizni, ko‘rsatmalarimizni eslab, nimani xohlayotganimizni his qilishyapti. Umid qilamanki, sentabr oyigacha yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olamiz. Ushbu yig‘indan keyin ma’lum vaqt o‘tgach, yigitlarni to‘plab yana bir haftalik mashg‘ulot o‘tkazamiz. Ilohim, kelishganimizdek, O‘zbekiston bilan o‘yinni o‘z vaqtida o‘tkazib olaylik. Keyin esa Toshkentdan to‘g‘ri BAAga ketishimiz kerak. O‘zbekiston bilan o‘yindan so‘ng BAA terma jamoasi bilan ham o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olganmiz. Xudodan yo‘llar ochiq bo‘lishini va tezroq kasallik tugashini so‘rayapmiz.

Hozircha rejalarimiz shu. Keyin esa o‘zingiz ham bilasiz, oktabrda FIFA kunlari va jahon chempionatining saralash uchrashuvlari davom ettiriladi. Biz 8 oktabr kuni Mongoliya bilan o‘ynaymiz. 13 oktabrda dam olamiz. Ammo o‘sha kuni shunchaki bo‘sh qolib ketmoqchi emasmiz. Safarda Bahrayn terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazamiz, nasib bo‘lsa. Bizga rahbariyat har tomonlama yordam beryapti, hech qanaqa muammo yo‘q.

Tojikiston terma jamoasi ustozi O‘zbekiston bilan bo‘lajak uchrashuvga o‘zgacha ta’rif berdi
- Bilasizmi, o‘rtoqlik o‘yinlari har bir murabbiy uchun faqat tayyorgarlik vazifasini bajaradi, bunga 100 foiz aminman. Zero, biz uchun ham xuddi shunday. Masalan, o‘sha sanada biz hech qanday o‘yin o‘tkazmasdan faqat mashg‘ulot bilan shug‘ullansak ham bo‘ladi. Yoki bo‘lmasa o‘sha kuni jamoamizni ikki tarkibga bo‘lib ham o‘yin o‘tkazishimiz mumkin. Lekin mashg‘ulot o‘z nomi bilan mashg‘ulot, o‘yin esa baribir o‘yin. Shuning uchun har bir jamoa o‘ziga qulayroq raqiblarni qidiradi. O‘zbekiston bilan o‘ynab o‘z kuchimizni ko‘rib olmoqchimiz.

Ayniqsa, O‘zbekiston hamda BAAga qarshi bellashuvlar jamoamizning jismoniy, texnik-taktik va ruhiy holatimizni ko‘rsatib beradi. Lekin asosiy e’tiborni oktabr oyida bo‘ladigan rasmiy uchrashuvga qaratganmiz. O‘zbekiston bilan bo‘ladigan nazorat bahsida yutamizmi yo yutqazamizmi, bizga ahamiyati yo‘q. Bu uchrashuvni tashkillashtirishimizning ma’nosi faqat tayyorgarlik. Ixtiyorimizdagi barcha futbolchilarni olib kelamiz va hammasiga o‘ynash uchun imkoniyat beramiz. Kimdir 10 daqiqa, yana kimdir 20 daqiqa, boshqasi esa to‘liq o‘ynashi mumkin.

Ammo asosiy vazifa g‘alaba qozonish emas. O‘zbekiston bilan o‘yindan ko‘zlangan maqsad tayyorgarlik vazifasini bajarib beradi xolos.
Men uchun bu o‘yinning ahamiyati joyi kimga qarshi o‘ynashimiz emas, balki qanday o‘ynaymiz va qay tariqa tayyorgarlik ko‘ryapmiz? Shu savollarga javob olmoqchiman. O‘ylaymanki, O‘zbekiston termasida ham shunday vazifa bo‘ladi. Ular ham biz kabi asosiy bahslarga tayyorgarlik ko‘rishmoqchi. Kim kimni yutishining esa farqi yo‘q. Axir g‘alaba qozongan bilan baribir uch ochkoni hech kim bermaydi.

Qolaversa, bu uchrashuv FIFA reytingiga ham ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu shunchaki o‘rtoqlik maqomidagi o‘yin xolos. Mana shunday bellashuvda o‘z kuchimizni ko‘rib olmoqchimiz. Kuchli va kuchsiz jihatlarimizni aniqlashimiz kerak. Lekin O‘zbekistonga qarshi juda yaxshi o‘yin bo‘ladi. Bilasizmi, men ushbu uchrashuvga katta mashg‘ulotga teng bo‘lgan o‘yin degan ta’rifni bergan bo‘lardim. Mashg‘ulotlar ham turlicha bo‘ladi, katta, o‘rtacha yoki kichik mashqlar. Shuning uchun ham O‘zbekistonga qarshi bellashuvni katta mashg‘ulotga tenglashtiryapman. O‘yinimizni takomillashtirish uchun ham ushbu uchrashuv bizga kerak.

Toshev terma jamoamizning kuchiga qanday baho beradi?
- Hali barcha jamoalar to‘planib, shug‘ullanishayotgani yo‘q. Oxirgi o‘yinlar qachon bo‘lgandi? Adashmasam, mart yoki undan oldin edi. So‘nggi o‘tkazgan uchrashuvlarimizdan beri menimcha yarim yil o‘tdi. Lekin O‘zbekiston terma jamoasining asosiy o‘yinchilari o‘zimizning chempionatdan bo‘ladi. O‘zbekiston termasida raqobat kuchli. Bir pozitsiyaga 3-4 nafar o‘yinchi kurashyapti. Futbolda esa mag‘lubiyatlar bo‘lib turishi tabiiy hol. O‘ylaymanki, O‘zbekiston albatta keyingi bosqichga chiqish vazifasini bajaradi. O‘zbekistonlik futbolchilarning boshqa mamlakatlarda o‘ynayotganini ham ko‘ryapmiz va ular yaxshi saviyadagi ijrochilar. Qachonki, O‘zbekiston bilan o‘ynaganimizdan keyin qandaydir xulosa aytishim mumkin. Hozir esa hamma bir xil vaziyatda, - degan fikrlarni bildirdi Usmon Toshev.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tojikistonning O‘zbekistonga qarshi o‘yindan ko‘zlagan maqsadi nima?