23:58 / 23.08.2020
1 977

Trillerda kim «killer» bo‘ladi?

Trillerda kim «killer» bo‘ladi?
Kun savoli: Trillerga teng baholanayotgan YECHL finalida «killer» roli kimga nasib etadi?
Qiyin, javobi final tugagach ma’lum bo‘ladigan savol. Chiroyli va balki kutilmagan ssenariyga boy filmga aylanib ketish ehtimoli katta.

PSJ bugun fransuzcha trillerni olishga harakat qilsa, «Bavariya» nemischa ssenariy ostida dahshatli trillerga tayyorlanmoqda.
Qizig‘i, har ikkala film rejissyori nemis: Tuxel va Flik.

Ular ilk bor bunday hashamatli sahnada va «Oskar» kimga nasib etishi uchun raqobatlashishadi.
Tuxel kuchli ijrochilar, gonorari qimmat aktyorlarni yig‘gan. Hamma gap ssenariy va operator mahoratiga ham bog‘liq. Rejissyor sifatida buni to‘g‘ri boshqarish va nazorat qilish talab etiladi.

Flik esa asosan qiziqarli, trillerga xos va mos ssenariyga ega va uni yakuniy suratga olish jarayonida. Buni eplashda unga ham bugun aktyor va operatorlar mahorati zarur.

Futbol tilida aytadigan bo‘lsam, Tuxel doim kuchli va qo‘rqinchli ko‘ringan individual ijrochilardan nihoyat butun jamoa tuza oldi. PSJda avvallari yetishmagan va ko‘rinmagan jamoa paydo bo‘ldi. Buni inkor etib bo‘lmaydi.

PSJning finalga qadar bosib o‘tgan yo‘lida faqatgina Neymar, Mbappe yoki Di Mariyaning xizmati emas, balki jamoaviy o‘yin mahsuli sifatida qarash adolatliroq. Bu esa Tuxelning katta yutug‘i. Avvalgi PSJda jamoaviy mentalitet yo‘qligi sababli tayyor ustunlikni boy berib qo‘yardi. Futbolda nomlar muhim, agarda ular jamoa uchun o‘ynasa. Bugungi Neymar, Mbappe va boshqalar aynan jamoa uchun o‘ynayotgani yaqqol misoli «Atalanta» va «Leypsig»ga uchrashuvlar.

Shu tarafdan yarim finalga chiqishga ham doim qiynalgan va hech qator yillar «katta jamoa»ga aylanolmagan PSJ bu yil karantin rejimidagi futbolda bo‘lsa ham buni uddaladi. Demak Tuxel ishlamoqda. PSJ tarixda ilk bor finalda.

«Bavariya»da esa vaziyat boshqacharoq. Mavsum davomida rulga o‘tirgan Flik tez fursatda barchasini o‘zgartirib yubordi. Qarama-qarshi uslubga o‘rganib, ko‘nikib bezor bo‘lgan futbolchilarga guyoki qafas ichida qushlarga erkinlik bergandek «ozodlikka» chiqardi.

Kechagina Kovach bilan «chempionat nima bo‘ladi?» deb turgan myunxenliklar qisqa vaqtda YECHL haqida o‘ylashga tushishdi.
Flik guyoki poyga davomida avtomobil rusumini «Chevrolet»dan «BMW»ga aylantirib qo‘ydi.

«Bavariya» azaldan «BMW»da yurishga o‘rgangan va tezlik paytida muvozanatni yo‘qotmayapti. Jamoaviy immunitet shakllangan. Shu bois ortiqcha eyforiya yoki esankirash sezilmayapti.

Finishga esa hali bor.

Tuxel PSJni kattaroq jamoaga aylantirgani bor gap. Lekin bu yo‘lda PSJ kimlarni yo‘ldan olib tashladi degan savol tug‘iladi: «Borussiya» Dortmund. Ha, joriy mavsumgacha Dortmund yevrokuboklarda PSJdan ko‘ra pishiqroq va hurmatga loyiq jamoa edi. Bu yil PSJ ulardan jamoa sifatida o‘sganini isbotladi.

Quvnoq «Atalanta». Chorak final yakuniga qadar hamma italyancha romantikaga mahliyo bo‘lib turganda PSJ jamoa sifatida xarakter ko‘rsatdi. Bu PSJga yillar davomida yetishmagan juda qimmatli sifat. Bu sifatga esa klub millionlab transferlar bilan emas, murabbiy ishi orqali vaqti bilan erishdi.

Keyingi raqib — «Leypsig». Tan olish kerak, «Leypsig» yarim finalda kutilgan taktik kurashni taklif qilolmadi. PSJ bu o‘yinda ortiqcha qiynalmadi va daraja farqidagi tafovut bu gal PSJga final chiptasini taqdim etdi.

PSJ «Leypsig» bilan shu darajada tartibli o‘ynadiki, xuddi «Lion»ni eslatib yubordi. Hujumda esa «Leypsig» tarixda ilk bor bunday saviyadagi o‘yinda ishtirok etayotgani va futbolchilari hayotidagi eng muhim bahsni o‘tkazayotgani ta’siri sezildi. Birinchi goldan tashqari qolgani bosimga dosh bermaslik natijasi.

PSJ jamoa sifatida o‘sgani e’tirof va e’tiborga molik. Lekin ular yo‘ldan chiqarib tashlagan jamoalar nafaqat imkoniyat yoki sharoit taraflama, balki yevrokuboklardagi immunitet darajasi hali shakllanmagan raqiblar ekanini unutmaslik lozim.

PSJ hozirgi vaqtga kelib eng kuchli jamoa nomi uchun kurashishga shay. Lekin bunga munosibligini «Bavariya» bilan bo‘ladigan finalda isbotlashi shart. Uddalay oladimi yoki yo‘q, ochiq savol.

PSJ bugun «Atalanta» yoki «Leypsig» bilan emas, istalgan raqibni tor-mor keltirish salohiyatiga ega «Bavariya» qarshisidan chiqadi...

O‘yinda har ikkala jamoa odatiy uslubidan voz kechmaydi.

Lekin ikkala nemis ssenariy o‘zgarib qolishiga ham tayyor holda fors-major rejasini tuzishiga to‘g‘ri keladi. Kimdir o‘z o‘yinini quradi va kimdir o‘yinni borishiga qarab ikkinchi variantni ishga soladi.

PSJ uchun «Bavariya»ning yuqori himoyada o‘ynashi va doimiy bosim qilishi tezkor qarshi hujumlar uchun ayni muddao. Lekin «Bavariya»ning asosiy kuchi va yutug‘i ham shu jihatda.

Agarda vaziyat o‘zgarib, o‘yinda taktik o‘zgarishlarga ehtiyoj sezilsa, unda kim taktik taraflama bilimdonligini ko‘rib olamiz. Chunki men bilgan Tuxel va Flik uslubiy tizim yaratib, o‘z falsafasidan chekinmaydigan murabbiy sifatida tanilgan.

Kerak paytda taktik rang-baranglik ko‘rsatish esa murabbiyni yanada kuchliroq qiladi. Kim taktik taraflama kuchliroq ekanligi qiyin savol. Balki bugun bu savolga ham javob olarmiz. Lekin o‘ylashimcha, bu ikki murabbiy g‘oyasiga ko‘proq ishonadigan va buni yaxshi uddalayotgan mutaxassislar.

Flik aniq chizmasi bo‘yicha o‘yinni qurishga to‘liq ustunlikka da’vogarlik qiladi. Tuxel esa yuqori joylashgan raqib himoyasi kemtiklarini «poylaydi».

Qisqasi, afisha, jamoalar darajasi, ijrochilar, o‘yin sifati bo‘yicha ham mutlaqo munosib raqiblar janggi. Super final! Kutamiz!
Tuxel Flikning pressinggiga dosh bersa, fransuzcha triller, aks holda nemischa kino bo‘p ketadi...

YECHLda zafar quchgan nemis mutaxassislari — Xaynkes, Xitsfeld, Klopp qatoriga Tuxel yoki Flikni ko‘ramiz.

Shahboz Beg‘amov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Trillerda kim «killer» bo‘ladi?