date

Ajralish arafasidagi ko‘plab oilalar yarashtirish orqali saqlandi

Ajralish arafasidagi ko‘plab oilalar yarashtirish orqali saqlandi

Toshkent shahrida ajrim uchun sudga murojaat qilgan oilalarning yarmidan ortig‘i yarashtirildi. Bu haqda O‘zA agentligi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarida joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida 432 mingdan ziyod ish ko‘rib chiqilgan. Ulardan 7 mingga yaqini nikohdan ajralish bilan bog‘liq bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 468 taga ko‘p.

Ajrim ishlaridan 3 mingga yaqini rasman ajralish bilan tugasa, 3 784 ta oila sud yarashtirish choralari orqali saqlab qolingan. Sudlarda oilalarga vaqt berish, maslahatlashuvlar o‘tkazish va psixologik yordam ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani bu natijaga erishishda muhim rol o‘ynagan.

Shu bilan birga, fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarida jami 3,5 mingga yaqin shikoyat ko‘rib chiqilgan, ularning katta qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Sud faoliyati davomida qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 199 ta xususiy ajrim chiqarilib, tegishli tashkilotlarga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, yil boshidan buyon mamlakat bo‘ylab 32 mingga yaqin oila ajrashgani ma’lum qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda bu holatlar jiddiy muhokama qilingan va nikoh shartnomasini keng targ‘ib qilish hamda oilalarni moddiy jihatdan himoya qilish zarurligi ta’kidlangan.

Poytaxt sudlarining yarashtirish ishlari esa shundan dalolat beradiki — to‘g‘ri yondashuv va maslahat bilan ko‘plab turmushlar saqlanib qolinishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ajralish arafasidagi ko‘plab oilalar yarashtirish orqali saqlandi