date

“Real”da Mbappe va Alonso o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi

“Real”da Mbappe va Alonso o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi

“Real Madrid”da “Barselona”ga qarshi kutilgan “El-Klasiko” bahsi oldidan ichki muhit jiddiy keskinlashgani xabar qilinmoqda. “Don Balon” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, jamoa yetakchisi Kilian Mbappe bosh murabbiy Xabi Alonsoga tarkib masalasida shaxsan o‘z fikrini bildirgan.

Manba yozishicha, fransuz yulduzi hujumchi Rodrigoni asosiy tarkibdan chiqarishni so‘ragan. Mbappe fikricha, braziliyalik hozirda yaxshi sport formasida emas va bunday darajadagi o‘yinda kutilgan darajada samara ko‘rsata olmaydi.

Kilian Rodrigo o‘rniga Vinisius Junior yoki yosh Franko Mastantuononi maydonga tushirishni taklif qilgan. Qizig‘i shundaki, u Vinisius bilan munosabatlari ancha sovuq ekaniga qaramasdan, kataloniyaliklar himoyasi uchun aynan uni xavfliroq deb hisoblamoqda.

Shu bilan birga, “qirollik klubi”da Mbappening so‘zi katta ahamiyatga ega. U bu mavsumda jamoaning yetakchi to‘purari sifatida bir necha muhim bahslarda klubni qutqargan. Ammo bosh murabbiy Xabi Alonso yulduz futbolchilarning shaxsiy fikriga bo‘ysunmoqchi emas — u tarkibni faqat taktik reja va futbolchilarning jismoniy holatiga ko‘ra tanlash niyatida.

Bu holat “El-Klasiko” oldidan jamoa ichida ma’lum darajada tarang muhit paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ayrim manbalarga ko‘ra, ba’zi futbolchilar Alonsoning qat’iy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda, boshqalar esa Mbappening fikriga yaqin turishmoqda.

Shu bilan birga, klub rahbariyati vaziyatni nazorat ostida ushlab turibdi va bahs oldidan jamoadagi ruhiy muhitni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda.

Ma’lumot uchun, “El-Klasiko” 26-oktyabr kuni “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu bahs nafaqat ochkolar, balki ichki birdamlik uchun ham muhim sinov bo‘lishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Real”da Mbappe va Alonso o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi