Toshkentning «Paxtakor» jamoasi bosh murabbiyi – Shota Arveladze kecha tunda Toshkentdan Istanbulga uchib ketganidan xabaringiz bor. Uning «sherlar» bilan shartnomasi yakunlangan. Shu bois, murabbiy o‘z kelajagi borasida yangi qaror chiqarish maqsadida ortga qaytib ketdi. Xo‘sh, uning ketishi «Paxtakor» uchun qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bugun shu mavzu haqida fikr almashamiz.
Ayni damda, Arveladzening «Paxtakor»dan ketishi borasida ikki xil fikr yuribdi. O‘zbek muxlislarining ayrimlari klub sifatli murabbiydan ayrilganidan xafa, yana ayrimlar yiliga 2 million yevro tejab qolingani haqida fikr bildirmoqda. Darhaqiqat, Arveladzening klubni tark etishi bahsli vaziyat. Qahramonimiz «Paxtakor» safida barcha ichki musobaqalarda g‘alaba qozondi va to‘liq gegemonlik o‘rnata oldi. Afsuski, xalqaro maydonda uning omadi kelmadi. Toshkent klubi Arveladzeni yangi darajaga ko‘tarilish, professional darajada ishlash uchun jalb etgan edi. Qaysidir ma’noda, Shota buni amalda ko‘rsata oldi.
Ayniqsa, ortda qolgan mavsumda «Paxtakor» ichki chempionatda bir bosh baland o‘yin namoyish etdi va muddatidan avval chempion bo‘ldi. Kubok finalida esa, AGMKga hech qanday imkon qoldirmadi, ammo Arveladze faqat shu maqsadda klubga taklif etilgan edimi?
Katta ehtimol bilan Shota oldiga qo‘yilgan asosiy maqsadlar boshqa edi. Birlamchi vazifa sifatida jamoa shakllantirish va xalqaro maydondagi «Paxtakor»ning imijini ko‘tarish qo‘yilgani aniq. Sababi, Toshkent klubi Shota kelguniga qadar ham chempionlikni nishonlagan edi. «Sherlar» uchun ichki birinchilikda g‘oliblik yangilik emas. Jamoani shakllantirish borasida, Arveladze o‘z vazifasini to‘liq uddaladi.
Uning qo‘l ostida, «Paxtakor»da har bir pozitsiya uchun ikkitadan kuchli futbolchi paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, buning uchun klub anchagina pul ham sarfladi, lekin asosiysi natija bor. Xalqaro maydonda esa, «Sherlar» aytarli hech narsani uddalay olgani yo‘q. Bu so‘zlarimiz kimnidir xafa qilishi mumkin, biroq bunday katta imkoniyatlar bilan OCHLning chorak finaliga chiqish ulkan natija hisoblanmaydi.
Boz ustiga, klubda musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha imkoniyat mavjud edi. O‘tgan yilgi OCHL bahslarida toshkentliklar hatto guruhdan ham chiqa olmagani yodingizdami? Bundan ko‘rinib turibdiki, Shota o‘z oldiga qo‘yilgan eng muhim ikkita vazifadan bittasida uddalay olmadi.
Hozircha «Paxtakor» klubi rahbarlari ichki voqealarni sir tutmoqda. Shotaning o‘rnini kim egallashi haqida ham hech qanday yangilik yo‘q. Bu vaziyatda sinchkov muxlis o‘zi uchun ikkita variantdan birini tanlashga to‘g‘ri keladi.
Birinchi variant: «Paxtakor»da moliyaviy imkoniyatlar cheklanadi. Shu bois, klub o‘z yetakchilarini qo‘yib yubormoqda.
Ikkinchi variant: Jamoa Arveladzedan kuchliroq, xalqaro maydonda natija olib keladigan yangi xorijlik murabbiyni olib kelmoqchi. Ketganlarning o‘rnini esa, kuchli legionerlar bilan to‘ldiradi.
1) Agar birinchi variant haqiqatga yaqin bo‘lsa, kelasi mavsumda biz «Paxtakor»ning ancha kuchsizlashgan versiyasini ko‘rishga majbur bo‘lamiz. Derdiyok, Sergeyev, Masharipov singari futbolchilarning tarkibda bo‘lmasligi, ichki chempionatda g‘alaba qozonish imkoniyatlarini keskin kamaytirib yuboradi. Boz ustiga, Dragan Cheranning ham ketishi haqida mish-mishlar yuribdi. Sports.uzning insayderlari bergan ma’lumotlarga qaraganda, futbolchiga Qozog‘iston va Tailandning bir nechta klublari qiziqib qolgan. Agar u ham klubni tark etsa, «Paxtakor» klubining budjeti qisqartirilgani o‘z tasdig‘ini topadi.
«Sherlar» o‘z «kamarini qattiqroq tortsa» ichki chempionatimizdagi boshqa klublar uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin. «Nasaf», «Navbahor» va «Lokomotiv» singari klublar kelasi mavsumda o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yganidan xabaringiz bor. Agar, toshkentliklar kichikroq budjet bilan chempionlikni himoya qilmoqchi bo‘lsa, bu ancha mushkul vazifaga aylanadi.
2) Agar ikkinchi variant haqiqatga yaqinroq bo‘lsa, unda «sherlar» muxlislari xavotir olmasa ham bo‘ladi. Budjet borasida muammolar bo‘lmasa, har qanday ketgan futbolchi va murabbiyning o‘rnini to‘ldirish mumkin. Katta pullar bu - doimo qo‘shimcha ustunlik degani. Bu esa, kichikroq budjetdagi klublarni uzoq masofaga cho‘ziladigan turnirlarda osonlik bilan dog‘da qoldirish imkoniyatini yaratadi.
Agar «Sherlar» o‘z brendining rivojlantirish maqsadida boshqa xorijlik mutaxassisni olib kelsa, bu O‘zbekiston klublarining xalqaro maydondagi reytingi uchun katta plyus bo‘ladi. Shunday bo‘lsada, ichki chempionatdagi intriga o‘z-o‘zidan yo‘qolishi aniq. Umuman olganda, «Paxtakor»ning katta budjetga ega bo‘lishili o‘zbek futboliga ikki xil ta’sir qiladi.
Shotaning ketishi «Paxtakor» uchun katta yo‘qotishmi? O‘zbek futboli uchun-chi?
Keling, endi biroz ortga nazar tashlaymiz. Shota Arvaldze o‘zining O‘zbekistondagi ilk yillarida katta muammolarga uchradi. Chempionlik uchun kurashni boy berdi. Legioner tanlashda adashdi va Qarshida «Nasaf»ga 4:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Keyin esa, sekin-asta jamoani kuchaytirib bordi. Sifatli futbolchilar va kuchli legionerlarning («Nasaf»dan) kelishi jamoa qudratini oshirdi. Shota O‘zbekistonda qo‘li yetadigan hamma iqtidorlarni o‘z jamoasiga jalb qildi va o‘yinni shakllantirishga urindi. O‘zi uchun kerak bo‘lgan hammani atrofiga jamladi.
Tan olish lozim, Shota natija ko‘rsatishi uchun bir muncha vaqt talab qilindi. Asosiy tarkib futbolchilari uzoq muddat bir yerda jam bo‘lgach, o‘z-o‘zidan jamoa jipslashib bordi. Yigitlar «Paxtakor»dan ketib qolmasligi uchun klub ularni moliyaviy hamma talablarni qondirib borganini ham unutmaslik lozim. Afsuski, shuncha urinishga qaramay, xalqaro maydonda natija ko‘rsatishning imkoni bo‘lmadi.
Shota mahalliy murabbiylardan kuchlimi?
Tan olish lozim, Shota kuchli murabbiy. Boz ustiga, natija ham ko‘rsatdi, biroq bu uni mahalliy murabbiylardan kuchli, deb hisoblashimizga sabab bo‘ladimi? Ha u kuchli bo‘lishi mumkin, ammo Berdiyev yoki Baqoyevdan 2 bosh ustun, deyishimiz mumkin emas. Keling tan olaylik, uning qo‘l ostidagi moliyaviy imkoniyat va mamlakatimizdagi eng kuchli futbolchilar bilan Berdiyev, Qosimov va hatto Abramov ham ichki birinchilikda g‘alaba qozonishi mumkin edi. Bu so‘zlarimiz bilan Shotani kuchsiz murabbiy demoqchi emasmiz, shunchaki u erishgan yutuq ortida boshqa omillar ham mavjud ekanligini aytmoqchimiz xolos.
Undagi imkoniyatlar agar Qosimov yoki hech yo‘q Ashurmatovda bo‘lganida o‘zimizning murabbiylar ham O‘zbekiston Superligasida g‘alaba qozonishi mumkin edi. Buni hamma tushunib turibdi. Shu bois, rahbariyat Arveladzening oldiga xalqaro maydondagi g‘alabalarni asosiy vazifa qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Asosiy frontda natija bo‘lmagach, Shotaning ketishi (agar klub uning o‘rniga boshqa xorijlik murabbiyni olib kelmoqchi bo‘lsa) katta talofat emas.
Ha u chiziqli himoyani tartibga soldi, ha u qanot vingerlari orqali tezkor futbol namoyish etdi, ha u bir mavsumda 100 ta gol uradigan jamoani shakllantirdi, ammo buning uchun unga «Paxtakor» hamma sharoitni yaratib berganini unutmaslik lozim! Agar u bu natijalarni nisbatan kuchsizroq, budjeti kichik klubda amalga oshirganida, uning ketishi chempionatimiz va o‘zbek futboli uchun og‘ir zarba bo‘ladi, deyishimiz mumkin edi. To‘g‘ri, Shota kuchli mutaxassis. U Yevropa futboli havosini «Paxtakor»ga olib keldi. Uning qo‘l ostida futbolchilarimizda progress kuzatildi.
Shunga qaramay, uning ketishi o‘zbek futboli uchun katta yo‘qotish, deb bo‘lmaydi. O‘z vaqtida, Skolari, Ziko, Nepomnyashchiy, Bob Xougton singari murabbiylar ketgach, ham o‘zbek futboli qulab ketmagan. U doimo bor va bo‘ladi. «Paxtakor»ga keladigan bo‘lsak, u avvalo o‘zining kelajak rejalarini tuzib olishi lozim. Yaqin yillar ichida qanday moliyaviy ahvolda bo‘lishini inobatga olgan xolda, reja bilan harakat qilishi lozim. Shu kunga qadar shaxmat doskasidagi eng asosiy figura sanalgan Shota Arveladze «o‘yindan chiqdi». Endi «Paxtakor» rahbariyati bu yo‘qotishni birgina «yurish» bilan o‘rniga qo‘yishi lozim!Aks xolda, «Paxtakor» «shaxmat doskasidagi» gegemonligini qo‘ldan chiqarib yuborishi aniq.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi