
Isroildagi Ben-Gurion universiteti tadqiqotchilari inson organizmi qanday qilib qarish jarayoniga qarshi tabiiy kurashishini ko‘rsatuvchi muhim ilmiy natija e’lon qilishdi. Olimlar avval noma’lum bo‘lgan, ammo qarish jarayonini sekinlashtirishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan immun hujayralarini aniqlashdi.
Yangi ochilgan ushbu hujayralar CD4 T-hujayralarining maxsus turi bo‘lib, ular organizmda yig‘ilib boruvchi senessent, ya’ni “zombi”-hujayralarni yo‘q qilish qobiliyatiga ega ekani isbotlandi. Senessent hujayralar vaqt o‘tishi bilan ko‘payishdan to‘xtasa-da, organizmda faolligini saqlab, zararli moddalar ajrata boshlaydi. Bu moddalar yallig‘lanishning davomli shaklini keltirib chiqarib, to‘qimalarga zarar yetkazadi va yoshga doir ko‘plab kasalliklarning asosiy sabablaridan biriga aylanadi.
Tadqiqot ilk bor CD4 T-hujayralari senessent hujayralar ta’sirida CD4-Eomes deb ataluvchi maxsus “jangchi” shaklga o‘ta boshlashini molekulyar darajada ko‘rsatdi. Ushbu jangchi hujayralar “zombi”-hujayralarni aniqlab, ularni yo‘q qiladi va organizmda ularning haddan tashqari ko‘payishining oldini oladi.
Sichqonlarda olib borilgan tajribalarda CD4-Eomes hujayralarining paydo bo‘lishi aynan senessent hujayralar mavjudligiga bog‘liq ekani tasdiqlandi. Ya’ni immun tizimi qarish jarayonini “ko‘rib”, unga qarshi tabiiy ravishda javob qaytarayotgani aniq bo‘ldi. Tajribada CD4-Eomes hujayralarining faolligi sun’iy to‘xtatilganda esa qariy boshlagan “zombi”-hujayralar soni keskin oshgani kuzatildi.
Jigar sirrozi modelida o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruvlar ham shuni ko‘rsatdiki, ushbu immun hujayralari to‘qimalardagi yemirilish jarayonini pasaytiradi va qarish alomatlarini susaytiradi.
Olimlar fikricha, bu kashfiyot immun tizimi qarishga qarshi o‘z mexanizmiga ega ekanini isbotlab, biologik qarishni sekinlashtirish bo‘yicha yangi yo‘nalish ochishi mumkin. Kelajakda CD4-Eomes hujayralari faolligini maxsus usullar bilan kuchaytirish orqali yoshga oid kasalliklarning oldini olish ehtimoli bor. Biroq bu amaliyotga aylanishi uchun hali yana keng qamrovli tadqiqotlar zarur.
Yangi ochilgan mexanizm qarishga qarshi kurashda inson uchun umidli yo‘nalish ekani shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.