00:04 / 15.06.2021
1 634

Murod Aliyev: "Oldingi o‘yinlarimiz yorqin chiqmadi, agar raqibdan qo‘rqsak jahon chempionati haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi"

Murod Aliyev: "Oldingi o‘yinlarimiz yorqin chiqmadi, agar raqibdan qo‘rqsak jahon chempionati haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi"

O‘zbekistonni ertaga Saudiya Arabistoniga qarshi o‘ta muhim o‘yin kutayotganini hamma bilib turibdi.
O‘zbek futbolida taniqli shaxslardan biri – Murod Aliyev ham bu borada sports.uz muxbirining ayrim savollariga javob qaytardi.

- Murod Boqiyevich, milliy terma jamoamizni Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yini barchamiz uchun muhim. Bu o‘yindan nima kutyapsiz?
- Bilasizmi, Singapur deymizmi yoki boshqami, har bir o‘yinga murabbiy futbolchilarni o‘zgacha tayyorlashi kerak. Taktik, ruhiy, jismoniy, umuman barcha jabhada tayyorlashi shart. Faqat bu tayyorgarlik qay darajada bo‘lishi murabbiyga bog‘liq. To‘g‘risini aytsam, o‘yinlarimiz ham yorqin chiqqani yo‘q. Maza qilib ko‘radigan, kombinatsiyali o‘yinlar bo‘lmadi. Bemalolchilik bilan yuta oldik deya olmayman. Saudiyadagi ob-havo ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgandir. Balki o‘tgan vaqt davomida ko‘nikib qolishgandir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqi g‘alabani kutyapti. Buni murabbiy har bir futbolchiga yetkaza olib, tayyorgarligini kuchaytira olsa, o‘ylaymanki, Saudiya Arabistoniga qarshi bemalol o‘ynay olamiz. Bu raqibni bizdan bir-ikki kalla kuchli demoqchi emasman. Aksincha, bizning o‘yinchilarimiz ulardan yuqoriligini o‘zlari yaxshi his qilishlari lozim. G‘alabaga bo‘lgan his-tuyg‘usi kuchliligini bilishi kerak. O‘yin davomida kerak paytda sovuqqonlik, yana kerak paytda o‘ta jiddiylik va aniqlik kerak. O‘yinga to‘g‘ri taktika tanlasa, jamoamiz yaxshi natijaga erishadi. Agar Saudiyadan qo‘rqadigan bo‘lsak, unda jahon chempionati haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi. Osiyo jamoalari bilan mutlaqo qo‘rqib o‘ynamasligimiz kerak.

- Odatda milliy terma jamoamiz jahon chempionatining ikkinchi saralash bosqichidan uchinchisiga katta qiyinchiliklarsiz o‘tardi. Ammo bu safargisida vaziyat bunday emas. Barchamizda xavotirlar bor. Bunday holatga tushib qolishimizga nima sabab deb o‘ylaysiz?
- Shaxsiy fikrimni aytsam, birinchi navbatda murabbiylar shtabida o‘zgarishlar bo‘ldi. Bilasiz, saralash bosqichini Kuper bilan boshladik. Keyin Abramovga ishondik. Har bir murabbiydan o‘ziga yarasha chiqish bo‘ladi va yaxshi o‘yin ko‘rsatish tarafdorligi aytiladi. To‘g‘ri taktika tanlay oladimi-yo‘qmi, biz bilmaymiz. Ikkinchidan, futbol federatsiyasida ham rahbariyat o‘zgarishi bo‘ldi. Hammani bir-birini tushungunigacha ham vaqt kerak edi. Yodingizda bo‘lsa, Toshkentda Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘ydik. O‘sha ochkolar bizga kerak bo‘lyapti. Agar mag‘lubiyatga uchragan o‘yinlarimizni yutganimizda hozir bunday muammolarga duch kelmasdik.

- Saudiya bilan o‘yinda nimaning evaziga yutishimiz mumkin?
- O‘zbekiston xalqi doim futbolchilarimizdan jahon chempionatini kutishyapti. Agar yigitlarimiz shuni chuqur his qilib, xalqni, oilasini o‘ylab maydonga tushishsa, bitta o‘yin vahimali emas. Bemalol o‘ynab g‘alaba qozonsa bo‘ladi deb o‘ylayman. Jamoa ichida biz bilgan va bilmagan jarayonlar ham bo‘lishi mumkin. Chunki u yerdagi muhitni bilmaymiz. Siz bilan biz qanday bo‘larkin deb qayg‘urib o‘tiribmiz. Futbolchilarimiz bizdan ham ko‘ra ko‘proq o‘ylab qayg‘urayotgan bo‘lsalar kerak. Hayajon va qo‘rquvni yo‘q qilib tushishsa natijamiz yaxshi bo‘ladi. Saudiya bilan uchrashuvga go‘yoki jahon chempionati finalidek qaralyapti. Ammo bunday o‘ylamaslik kerak. To‘g‘ri, muhim o‘yin, lekin shunga yarasha ham oqilona fikrlash kerak. Chunki yutsa bo‘ladigan o‘yin.

- Vadim Abramov haqida qanday fikrdasiz?
- Murabbiylarga unchalik baho bera olmayman. Murabbiy nimanidir yutib, natija ko‘rsatgan bo‘lsa, qandaydir fikr bildirsa bo‘ladi. Menimcha, u hali hech nima yutmagan murabbiy. Futbolimiz rahbarlari Abramovga terma jamoani ishonib bergan. To‘g‘ri tanlov bo‘lgandir deb o‘ylayman. Faqat ularga omad tilayman. Bizda yaxshi yigitlar bor. Faqat ularni o‘ynatib yuboradigan, imkoniyatlarini ochib bera oladigan murabbiylar bo‘lishi lozim.

- To‘g‘risi, Saudiya bilan o‘yin natijasiga qarab ikkinchi o‘rin bilan chiqsak ham mayli deydiganlar bor. Bunga siz ham rozi bo‘larmidingiz?
- Hammasi taktikaga bog‘liq. Yutamiz deb hujumga berilib ketsak, qarshi hujumda gol o‘tkazib yuborishimiz mumkin. Murabbiyning tanlaydigan taktikasi juda muhim. Balki ikkinchi raqam ostida qarshi hujum taktikasida o‘ynarmiz. Bilib bo‘lmaydi, ularga ham, bizga ham g‘alaba kerak. Jarayonni murabbiylar yaxshiroq bilishadi. Biz uzoqdan turib gapiraveramiz. Ammo futbol o‘ynash ham oson emas, aslida.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Murod Aliyev: "Oldingi o‘yinlarimiz yorqin chiqmadi, agar raqibdan qo‘rqsak jahon chempionati haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi"