12:23 / 22.06.2021
3 220

Diyor Imomxo‘jayev: Abramovga na shaxs na inson sifatida ishonmayman. U tayyor yetishib turgan "lola"larga gulni uzadigan bog‘bon bo‘lib keldi


Xabaringiz bor, "Futbol TV" telekanalida "Offside" loyihasi doimiy efirga uzatilib kelinadi. Ko‘rsatuvning navbatdagi sonida O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev mehmon bo‘ldi. Dastur davomida Imomxo‘jayev Vadim Abramovning terma jamoa va "Bunyodkor"dagi faoliyati, qolaversa, futbolimizdagi kamchiliklar haqida gapirdi.

– O‘zbekiston terma jamoasini keyingi bosqichga chiqa olmasligini oldindan bilganmidingiz yoki bu borada taxmin qilganmidingiz?
– To‘g‘risini aytaman, taxmin bo‘lgan. Oldindan bilishning iloji yo‘q. Bir daqiqadan so‘ng nima bo‘lishini bilmaysiz. Lekin menda ichki xavotir Abramov tayinlanganidan boshlangan. O‘sha-o‘sha haligacha bor. Shuning uchun kutilmagan, olamshumul, "voy-dod" deydigan narsa bo‘lmadi, men uchun.

– Xorijlik mutaxassisning ketishi va uning o‘rniga Abramovning qo‘yilishini to‘g‘ri, deb o‘ylaysizmi?
– Ko‘pchilik bizga hujumkor futbol yarashadi, deb aytadi. Menga ham yoqadi hujumkorlik, zo‘r. Mana, misol uchun kecha bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev hujumkor boks namoyish etdi va bitta zarba qo‘yib yuborganidan keyin nokautga tushib qoldi. Futbol ham deyarli shunday narsa. Unda urishni bilgan odam kaltak yeyishni ham bilishi kerak. Saudiya Arabistoni ikkita o‘yin bilan Kuperning falsafasi to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatdi. Toshkentga kelib 3ta urdi, o‘zining Ar-Riyodida ham shuncha gol kiritdi.

Faqat gol urishni bilishimiz, oldingi chiziq va yarim himoyaga ishongan bilan ish bitmasligini hamma biladi. Shuning uchun Kuper ishni himoyani to‘g‘rilashdan boshlayotgandi. Bizning "avariyniy" holatimiz himoyada ekanligini u bilardi. Jahon chempionati yo‘lidagi bizning potensial raqiblarimiz: Yaponiya, Avstraliya, Eron, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya bilan hujumkor o‘ynay olamizmi? Ular bilan hujumkor o‘ynashga juda ham qiynalamiz. Oddiy misol, Koreyaning eng yaxshi futbolchilari Angliya, Ispaniya yoki Italiyada o‘ynaydi.

Bizning termadagi o‘yinchilarimiz esa Koreyaning birinchi ligasida harakat qiladi. Ularni yerga urmasdan aytmoqchiman-ki, salohiyatimiz shu darajada bo‘lgandan keyin qanday qilib hujumkor o‘ynaymiz. Himoyani unutmasligimiz kerak edi. Abramov himoyalanishni biladigan murabbiy emas. O‘zbekistonni ikki marta Olimpiadadan mosuvo qilganda, klublarda ishlaganda 6talab gollar o‘tkazib yuborganda u buni bir necha bor isbotlab bo‘lgan. U haqiqiy "avantyurist" murabbiy. Shuning uchun men unga hech qachon na shaxs sifatida, na murabbiy sifatida ishonganman. Bunday odamga ishonmayman ham.

– Kuper ketganidan so‘ng uning o‘rniga Karlenovichdan boshqa nomzodlar ham bormidi? Abramovning tayinlainishi "Bunyodkor"ni tubdan olib chiqqani bilan bog‘liqmi?
– "Bunyodkor" qachon tubga tushib ketgandi? Men futbol olamidagi odamman. Akademiyasi, tayyor kadrlari bor, bolalari doim yetishib turadigan klubni kim tubga tushirib yubordi? Tushunmayman, Abramov nimasini olib chiqdi. U tayyor yetishib turgan, o‘sib turgan "lola"larga gulni uzadigan bog‘bon bo‘lib keldi. "Bunyodkor" va "Nasaf"ni yo‘nalishi bitta, juda o‘yinchisiz qolib ketgan taqdirda ham, bir chekkada qurol saqlanadigan ombori bor. Ya’ni, futbolchi chiqib turadi. U o‘yinchilar bilan Superligadan tushib ketmaslik haqida o‘ylasa bo‘ladi, hattoki. Abramov o‘sha jamoaga keldi va tayyor futbolchilarni o‘ynatdi. Bu tubdan olib chiqish emas.

Uning "Neftchi"da qanday ishlagani yaxshi eslayman. Farg‘onalik muxlislar ham eslasa kerak. "Lokomotiv"da ishlagani ham yodimda. Klub miqyosida nima olamshumul ish qildi? Balki o‘sha vaqtda "Bunyodkor"ga boshqa mutaxassis kelganda, undan ham yaxshiroq ishlashi mumkin edi. "Andijon"ga borib ishlasinda, 4-5 o‘rinni egallasin yoki "Buxoro"ni Superligaga olib chiqsin. Shunda tubdan olib chiqdi deyish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayev: Abramovga na shaxs na inson sifatida ishonmayman. U tayyor yetishib turgan "lola"larga gulni uzadigan bog‘bon bo‘lib keldi